Davolash magiyasiga aloqador poetik aytimlarning badiiy xususiyatlari
Автор: D.O`rayeva, O` g` iloy Fozilova
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 9 (88), 2021 года.
Бесплатный доступ
Maqolada xalqimizning davolash magiyasiga ishonchi bilan bo g`liq poetik aytimlarning ayrim badiiy kompozitsion hamda lokal xususiyatlari yoritilgan. Ularning genezesi, janriy tarkibi, mazmuniy rang barangligi haqida fikr yuritilgan. Poetik aytimlar xalqimiz orasida keng tarqalgan bo’lib, mustaqil janr sifatida uchraydi.
Davolash magiyasi, kinna, poetik aytim, sehr jodu, matn, e’tiqod, obraz, kasallik, yovuz kuch, folklor, xalq tabobati, tasvir vositasi, x alq og’ zaki ijodi, badiiylik, janr.
Короткий адрес: https://sciup.org/140254907
IDR: 140254907
Текст научной статьи Davolash magiyasiga aloqador poetik aytimlarning badiiy xususiyatlari
Xalqimiz orasida davolash magiyasiga ishonch asosida kelib chiqqan kinna, badik, avrov, ko`chiriq, burey-burey aytimlari o`zbek folklorshunosligida alohida mustaqil janrlar sifatida qayd etilgan. Bunga asos shuki, ular o`ziga xos ma’no-mazmunga, ijro xususiyatiga egaligidan tashqari badiiy-tasviriy, ifodaviy vositalar, usullarga ham egadir. Ularning badiiy matnlariga boshqa g`oyaviy-estetik vazifasi yuksak bo`lgan folklor janrlariga xos badiiylik talablari bilan yondashib bo`lmasa-da, ularga xos badiiy va estetik ta’sirchanlikdan ham ko`z yumib bo`lmaydi. To`g`ri, ularda murakkab o`xshatishlar-u ko`chimlar, turg`un ramzlar juda kam uchraydi. Ammo sifatlash, anafora, alliterastiya, tarse’ singari badiiy hodisalarsiz ularni tasavvur qilish qiyin.
Xalq tabobatiga aloqador aytimlarda u yoki bu sehr-jodu qudratiga ega deb tasavvur qilingan predmetlar, jonivorlar (qamchi, elak, o`tkir pichoq, non, suv, tuz, isiriq, kul, uloq singari va hokazolar) hamda barcha insu jinslarning hukmdori hisoblangan Sulaymon payg`ambar, aziz avliyolar, chiltonlar, kasb-hunar pirlari obrazi muhim o`rin tutadi. Ularga murojaat motivi yetakchilik qiladi. Bunda, asosan, xalq tabiblari so`z va uning sehrli qudratiga alohida murojaat etadilar, tayanadilar. Ayniqsa, yovuz ruhlarni quvishga qaratilgan murojaat ohanggi bo`rtib turadi. Kinna matnlarida “chiq”, badiklarda esa “ket”, ko`chiriqlarda “ko`ch” buyruq fe’lining, burey-bureylarda “burey-burey” so`zining juda ko`p takrorlanib kelishi ularning janriy badiiy shaklini va mazmunini belgilovchi muhim belgilardan biri sifatida ko`zga tashlanadi. Shunisi bilan ular o`ziga xos poetik shaklga egaligi ko`zga tashlanadi.
She’riy ko`rinishdagi tabobatga aloqador aytimlarda ayrim tasviriy-ta’siriy vositalarga ham duch kelish mumkin. Jumladan, ularda istioralar, sifatlashlar, alliterastiya va anaforalar ko`proq uchrashi kuzatiladi.
Chiqar bo`lsang, xonadonidan chiq, Diydayi ravshanidan chiq.
Ushbu misralardagi “diydayi ravshan” istiorasi “ko`z” so`zining o`rnida unga ma’nodosh (sinonim) so`z tarzida qo`llanib kelmoqda.
Ba’zi matnlarda ko`z so`zi o`rnida “shami chiroq” birikmasi qo`llanilgani kuzatiladi:
Shami chiroq ko`zidan ko`ch, Charxi falak burnidan ko`ch.
Bunday matnlarda “so`lqillagan yurak”, “bo`lqillagan bo`yrak”, “qari poya suyak”, “badbaxt kinna” singari sifatlashlar o`ziga xos badiiy aniqlovchilik vazifasida qo`llanib, matnning badiiy ta`sirchanligini oshirishga xizmat qilib keladi. Ularda chuqur poetik fikr mavjud. Xususan, “badbaxt” sifatlashi obrazli bo`lib, u yolg`iz kelsa-da, o`z sifatlanmishi belgisini faqat ta`kidlabgina qolmasdan, uni to`la xarakterlay ham oladi.
Xalq tabobatiga aloqador matnlardagi epitet (sifatlashlar) shunchaki oddiy sifatlashlardan iborat emas. Ular qadimgi e’tiqodiy qarashlar bilan bog`liq tushunchalarni ifodalovchi so`zlardan, obrazlardan iborat bo`ladi. Ular afsunlarning ta`sir kuchini oshirish bilan birga, kishilarning o`sha afsunga nisbatan ishonch-u ixlosini ham oshirishga xizmat qiladi.
Qoraqurt zahriga qarshi ushbu avrash matnida qoraqurtni sifatlovchi so`zlar alohida e’tiborni tortadi:
Qorni katta qoraqurt,
Ko`zi ola quraqurt,
Turqi sovuq qoraqurt.
Ko`rinyaptiki, matnda qoraqut “qorni katta”, “turqi sovuq”, “to`zi ola” kabi birikmalari orqali tasvirlanib, uning yomonligi bildirilmoqda.
She’riy aytimda qoraqurtning insonga o`lim olib keluvchi zahri tabu bilan ochiq-oshkora aytilmaganligi kuzatiladi. Matnda uning zahri “sho`rva” so`zi bilan ifodalangan:
Qoravoyning to`rvasi,
To`rvasida sho`rvasi,
Sho`rvasini to`ksa-chi,
Kishining to`kilar sho`rvasi,
Qurib qolar sho`rvasi, Daf-daf, kuf-suf.
E’tiborli jihati shundaki, bunday aytimlarda leksik ma’noga ega bo`lmagan so`zlar ham she’riy misralar ko`rinishida keltiriladi. Masalan:
Lto turko, lotto,
Boto turko botto,
Qoburundo bundo,
Mabirundo mundo, Sanavunkoy sando Tobonunot tanbo, Hadir-madir.
Bandir-tandir,
Bismillo-bisir,
Qoravoyim qisir,
Kuf-suf, kuf-suf,
Offor, kuf-suf, Baffo kuf-suf Yo ollo, yo ballash, tallash!
Xalq tabobatiga aloqador she’riy aytimlarda so`z va tovush takrorlari juda keng qo`llanadi. Ular bunday aytimlarda kasallik yetkazgan yovuz kuchga murojaatni kuchaytirish vazifasini bajaradi. Masalan:
Olti kulcha ozig`ing,
Olti oylik erga ko`ch!
Bu misralarda “olti” so`zining anafora bo`lib kelishi yoki, umuman baytda “o” harfidan hosil qilingan alliterastiya san’ati murojaatni kuchaytirib, ta`sirchanlikni oshirib kelmoqda. Umuman aytganda, bunday tovush takrorlari matnga o`ziga xos ta’kid va ritmik izchillik bag`ishlab turadi. Alliterastiya xalq tabobatiga aloqador aytimlarning tashkil topishidan tortib ularning ritmik o`ziga xosligini ta`minlashgacha qo`llanilgan.
Chiq-e, badbaxt, chiq!
Chiqmaganingga qo`ymayman.
Chiqmasang, senga la`nat,
Chiqarmasam, menga la`nat.
Ushbu kinna matnida misralar boshida “ch” tovushining bir xilda takrorlanib kelishi orqali, avvalo, ritmik ohangdorlikka, qolaversa, poetik kompozistion butunlikka erishilib, ta’sirchanlik oshirilgan. O`xshatish xalq tabobatiga aloqador aytimlarda qisman uchraydigan badiiy-tasviriy vosita sanaladi. U matndagi muayyan obrazning ayrim sifatlarini, belgilarini, xatti-harakatini boshqa narsaga o`xshatish orqali tasvirga aniqlik bag`ishlaydi. Masalan:
Ola-bula qo`zichoq, buriy-buriy, Ola ko`zga oq tushmas, buriy-buriy, Opa-singil el bo`lmas, buriy-buriy.
Bu matnda qoraqurt qora, ya`ni ola qo`zichoqqa o`xshatilayotir. Shuningdek, matnda qo`llangan alliterastiya ham alohida e’tiborni tortmoqda.
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, xalq tabobatiga aloqador poetik matnlarda garchi lirik kechinmalar tasviri deyarli uchramasa-da, lekin ba`zi badiiy-kompozistion tasvir vositalariga duch kelish mumkin. Shunday bo`lsa ham, ularga g`oyaviy-estetik vazifasi yuksak bo`lgan janrlarga xos badiiylik talablari bilan yondashib bo`lmaydi. Chunki ular, asosan, izchil amaliy vazifa bajaruvchi janrlardan biridir. Biroq ularga xos ozmi-ko`pmi badiiylik va g`oyaviylik xalq og`zaki ijodining g`oyaviy-badiiy taraqqiyotini, undagi janrlarning tarixiy taqdiridagi mushtarakliklarni o`rganishga yordam beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
Список литературы Davolash magiyasiga aloqador poetik aytimlarning badiiy xususiyatlari
- Фрезер Д.Д. Золотая ветвь. М.: Политиздат, 1983 . С. 188 250.
- Мирзаева С. Ўзбек халқ афсун-дуоларининг жанр хусусиятлари ва бадиияти. – Т.: Истиқлол, 2006. – 95 б.