Epopeyalarda do`stlik talqini (“Gilgamish”, “Alpomish” va “Iliada” misolida)
Автор: Murodov G., Shamsiddinova S.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 5-1 (84), 2021 года.
Бесплатный доступ
Jahon va o`zbek adabiyotshunosligida do`stlik keng tadqiq etilgan motiv hisoblanadi. Maqolada “Gilgamish”, “Alpomish” va “Iliada” eposlaridagi do`stlik obrazlaridan ayrimlari tadqiq etilgan. Ular o`rtasidagi o`xshashliklar solishtirilgan.
Do`stlik, epopeya, psixologiya, islom, bahodirlik, shaxsiy chiziq, og`a-ini, birodarlik
Короткий адрес: https://sciup.org/140260484
IDR: 140260484
Текст научной статьи Epopeyalarda do`stlik talqini (“Gilgamish”, “Alpomish” va “Iliada” misolida)
Do`stlik tushunchasi psixologiya, pedagogika fanlari qatori adabiyotning ham diqqat markazidagi hodisadir. Bu fazilat ijtimoiy-axloqiy va psixologik tushuncha bo`lib, birodarlik qon-qarindoshlik, o`rtoqlik munosabatlariga yaqin tursa-da, o`zining alohidaligi, tanlash xususiyati, his-tuyg`u bilan farq qiladi. 1 Inson paydo bo`libdiki, uning fitratida barcha ezgu fazilatlar qatorida do`stlik tuyg`usi ham birga tug`iladi. Do`stlar hayot davomida orttirilsa ham, uning ildizi jon bilan birga ruhimizga singdirilgan. Olamdagi ko`pgina o`zgarishlar, burilishlar ilohiy tuyg`u – do`stlik sabab sodir bo`ladi. Hayotda ham do`stsiz yashashning imkoni bo`lmagani kabi, asarlarda ham bu motivning o`rni muhabbatdan ko`ra kuchliroq, faolroq. Buning isbotini yarim afsonaviy va yarim tarixiy asarlar – eposlar vositasida ko`rib chiqamiz.
Eposlardagi tadqiqotga tortilgan do`stlik obrazlari qondosh bo`lmagan, mutlaqo bir-biriga begona qahramonlardir. Notanishlik jihati bilan yuqorida aytganimiz do`stlikning ta’rifiga mos keladi.
Boshdan-oyoq bahodirlar haqida so`ylovchi “Bilgamish” dostoni do`stlik tarannumining oliy namunasidir. Birinchi qo`shiqda abadiy birodarlikning paydo bo`lishi sabablari bayon etilgan bo`lsa, yetti qo`shiq davomida ikki do`stning bir-biriga muhabbati, qahramonliklari xususida so`z boradi.
“ Kechalar-u kunduzlar beboshlik haddan oshdi,
Shikoyatlarni tez-tez eshitardi Xudolar.”2
Odamlar ona ma’buda, taqdir ilohasi Aruruga yolvorib o`zini yarim ma’bud hisoblaydigan Gilgamishga teng keladigan yaratiqni bunyod etishini so`rashdi. Aslida Uruk xalqi tog` echkisidek bebosh bahodirning tiyiqsizligidan biroz hordiq olmoqchi edilar. Aruru esa Gilgamishga shaklan raqib, mohiyatan do`st yaratdi. Enkiduga qadar Gilgamishning do`stlari ko`p bo`lsa-da, ular chapani bahodirdan behad qo`rqar edilar. Faqat chinakam do`stlikgina insoniyat ichida buyuk sanalgan Gilgamishni jilovlashi mumkin edi.
Garchi qiz so`zi yoqar, sirib olar po`stini,
Uning donishmand qalbi izlar edi do`stini.
Shu tariqa eposda insoniyatning vahshiy hayotdan madaniy hayotga o`tishi muhabbat va do`stlik tufayli amalga oshgani ko`rsatiladi.
Turkiy xalqlar og'zaki ijodida muhim o'rin tutadigan shoh asarlardan biri “Alpomish” dostonida ham do`stlik motivi qahramonning hayotini boshqa o`zanga buradi. Taqdirning kutilmagan o`zgarishlariga sababchi bo`ladi. Qorajon va Alpomish – ikki begona qutb, ikki xil olam odamlari. Lekin ularni birlashtiruvchi umumiylik bor. Alloh bu ikki alpga bir xil sof ko`ngil ato etgan. Hayotda ham o`xshashlar o`xshashini magnit singari tortgani kabi ularning qalbi do`stligiga kalit bo`ladi. Qorajon tushida Alpomish bilan do`st tutingach, islomni qabul qiladi. Alpomishga Qorajonning do`st qilib yuborilishi bejizga emas, unda Hakimbekka xos oriyat, odamgarchilik, imon bor edi.
Alpomishni mehmonga olib kelgan Qorajon bu holdan g`azab otiga mingan onasi Surxayil kampirga qarata deydi:
To o`lguncha yaratganga rost bo`ldim,
O`z fe’limdan cho`p-u xasdan past bo`ldim,
Xudoni o`rtaga solib do`st bo`ldim. 3
Barcha dinlarda bo`lgani kabi islomda ham do`stlikka ilohiy fazilat sifatida qaraladi. Qorajonning Allohni o`rtaga qo`yib do`st bo`lishi bu tuyg`uning boqiylikka daxldor ekanligi, odamlar o`rtasidagi do`stlikka vafo qilish, Allohga vafo qilish bilan barobarligini anglash mumkin. Usmoniylar sultoni Abdulhamidxon II ning ustozi G`olib ota muridlariga ma’naviy dars o`tar ekan, do`stlik tushunchasiga quyidagicha ta’rif beradi:
“Do`st kim?! Do`st shunday kishidirki, o`ldirilish ehtimoli bo`lgan kechada ulug` payg`ambarimizning (Muhammad solallohu alayhi vasallam) joyida yotadi. Uni “Valiylar shohi” derlar. U hazrati Alidir. Do`st shunday kishidirki, g`ordagi do`stdir. Bu do`st oxirigi teshikni tovoni bilan berkitib, tovon kabi ko`nglini uzatgan Abu Bakrdir. G`orda ulug` payg`ambarimiz (Muhammad solallohu alayhi vasallam) bilan birga bo`lgan, quchog`ida muborak bir omonatni saqlagandir. U do`st barcha teshiklarni ko`ylagidan yirtib berkitadi. Oxirgi teshikni tovoni bilan berkitadi. U teshikdan Abu Bakrni ilon chaqib oladi. aslida teshikni tovoni bilan emas, ko`ngli bilan yopgandir. Shu sababli kim bilan do`st bo`lishga e’tiborli bo`lamiz. Allohga do`st bo`lmagan, do`stimiz bo`la oladimi?!4
Homerning “Iliada” dostonida o`n oltinchi qo`shiq ilohiy va pok do`stlikni tarannum etgan. “Patroklnoma” deb nomlangan qo`shiq afsonaviy va yengilmas Axilles va uning jondosh do`sti Patroklning ko`z yosh to`kib qilgan suhbatidan boshlanadi. Troyani yengish uchun izn so`rab turgan Patroklning nutqida, Axillesning do`stini jangga jo`natayotgan paytidagi holatida do`stlarga xos cheksiz mehr, bahodirona xayrixohlik yaqqol bilinadi:
“Zafar baxsh et unga , o, sohibkaram!
Jur`at ufur yuragiga, toki har mard yigitimizning
Bellashuvga qodirligin ko`rib qo`ysin Hektor janggohda,
Yo u hamon qudratidan mag`rurlanib quturmoqchimi?!
Mard Patrokl yong`inni va falokatni lashkar boshidan
Daf aylagach, uning jangdan do`stlari va silohlari-la
Shikast ko`rmay qaytmog`iga imkon bergil istiqbolimga.” 5
Arazchi Axillesning sovut-qalqonini kiyib jangga otlangan Patroklni muqarrar o`lim kutayotgan edi. Lekin Axil do`stini yo`qotishini bilmas edi. Chunki bandalar orasida sherqalb Patroklni yengadigan alp yo`q edi. Patroklning jangga kirishi taqdirning rejasi edi. Faqatgina shum xabar Axillesni hayotdagi eng nodir boyligi – do`stining xuni uchun ginalarni unuttirib muhorabaga kirgiza olardi.
Do`stini yo`qotgan Axillesning iztiroblari, nafrati, qayg`usi eposning 17-, 1819-, 20-,21-qismlarida qo`shiqdan qo`shiqqa rivojlanib, oxiri 22-qo`shiqda Hektorning Axilles tomonidan o`ldirilishi bilan yakunlanadi. “Patroklni dafn etish. O`yinlar” deb nomlangan 23-qo`shiqda Aid qa’riga yo`l olgan do`st taqdiri uchun butun jangchi axeylar ko`z yosh to`kadilar. Yunonlar mard jangchisidan ayrilgani uchun emas, (chunki bundan ko`proq yo`qotishlarda ham bu qadar a’za tutilmagan edi), Axillesning nodir javohiri – do`stini yo`qotgani uchun iztirobda edilar.
Do`stlik e`tibor va rivojlanish talab qiladigan tushuncha. Hayotda bo`lgani kabi dostonda ham do`stlik maqsadida cho`zilgan qo`l hamisha ham ikkinchi tomondan to`g`ri anglanavermaydi. Zamonaviy dunyomiz psixologlarining ta’kidlashicha, do`stlikning qadrini oshirish uchun ham bir qator omillarga e’tibor qilishimiz lozim. Xususan, toki do`stimiz o`zi muhtoj bo`lmaguncha, bizdan yordam so`ramaguncha uning g`amini yemasligimiz, uning shaxsiy chizig`ini bosib o`tmasligimiz zarur. Ana shunda tushunmovchiliklarga o`rin qolmaydi. “Alpomish” eposida Boybo`ri jon-jigari Boysariga do`stlik qilaman, yaxshilik ilinaman, deb o`rtada o`nglash mushkul bo`lgan vaziyatning paydo bo`lishiga sababchi bo`ladi:
“Kunlardan bir kun Hakimbek kitob o`qib o`tirib, baxildan, saxiydan gap chiqib qoldi. Boybo`ribiy shunda o`g`li Alpomishdan: – Kishi nimadan baxil bo`ladi, nimadan saxiy bo`ladi? – deb so`radi.”
Ota-bolaning suhbati shu taxlit davom etadi. Shunda Alpomish tushuntirishlari oxirida kishining moli nisobga ya’ni zakotga yetsa, zakot bersa bul ham saxiy ekan. Agar zakot bermasa, bul ham baxil ekan, deydi. Buni eshitgan Boybo`ri chuqur o`yga cho`mib, mening davlatimda yolg`iz inim Boysari baxilga aylanib qolmasin, u menga zakot to`lashi kerak, deb o`ylaydi.
Ko`kqamish ko`lida o`n ming uyli qo`ng`irot eliga Elboylik qilib, mollarini semirtirib yotgan Boysari og`asi yuborgan o`n to`rt mahramning gapini ko`ngliga og`ir oladi. Boybo`rining bu qilig`ini o`g`illi bo`lganiga yo`yib, mahramlarning ayrimini qorniga qoziq qoqib o`ldirtirdi. Qolganining quloq-burnini kesib, o`zlariga yegizib, otiga chappa mingizib, Qo`ng`irot tomonga qarab jo`natdi.
Shu o`rinda aytish joizki, ko`pchilik fazilatlar qatori do`stlikni ham insonlar o`rtasida abadiy saqlash uchun aql-tafakkurning o`rni beqiyos. Ilmsizlik – birodarlikning parokanda bo`lishiga, johillikka olib keladi. Aql va qalb bilan yondashilmasa, har qanday tuyg`ularga darz ketishi mumkinligi “Alpomish” dostonida o`z isbotini topgan.
Xulosa qilib aytganda, Alpomish, Gilgamish va Axillesning ichki kechinmalari, bahodirliklari va hatto shakl-shamoyillari ham deyarli bir xil. Enkidu, Qorajon va Patroklning do`stga sadoqati, birodari uchun mashaqqatdan tap tortmasligi, odamoxunligi o`zaro mushtarak jihatlaridir. Tadqiqotga tortilgan uch eposda ham do`stlik motivi bir-biriga juda o`xshash. Dostonlarda do`stlik oddiy insonlar hayotidan farqlanib, elparvarlik, gumanizm, adolat, qahramonlik va mehr-muhabbatning asosi, ildizi, sababchisi sifatida yuzaga chiqqan.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati
-
1. uz.m.wikipedia
-
2. Эпос о Гильгамеше. Перевод с аккадского И.М. Дьяконова. – Санкт-Петербург: НАУКА, 2006. – 5 бет.
-
3. Alpomish: xalq og`zaki ijodi. – Toshkent: Yangiyul Poligraph Service, 2019. -153-bet.
-
4. Azon.uz.
-
5. Ҳомер. “Илиада”.– Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти. 1988, 268-бет.
"Экономика и социум" №5(84) 2021
Список литературы Epopeyalarda do`stlik talqini (“Gilgamish”, “Alpomish” va “Iliada” misolida)
- uz.m.wikipedia
- Эпос о Гильгамеше. Перевод с аккадского И.М. Дьяконова. - Санкт-Петербург: НАУКА, 2006. - 5 бет.
- Alpomish: xalq og'zaki ijodi. - Toshkent: Yangiyul Poligraph Service, 2019. -153-bet.
- Azon.uz.
- Ҳомер. "Илиада".- Тошкент: Ғафур Ғулом номидаги Адабиёт ва санъат нашриёти. 1988, 268-бет.