Iqbol Mirzo she’rlarida qo’llanilgan iboralarning semantik jihatdan tasnifi

Автор: Sayfidinova G.S.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 1-1 (80), 2021 года.

Бесплатный доступ

Ushbu maqolada iboralar va unga xos xususiyatlarning badiiy matndagi rolini aniqlanib, muayyan umumlashma xulosalarga kelingan hamda Iqbol Mirzo she’rlarida qo’llanilgan ba’zi iboralar leksik-semantik jihatdan tahlil etilgan.

Frazeologizm, ibora, emotsionallik, ekspressivlik, struktura (shakliy va mazmuniy modellashtirish), personaj ruhiyati, og'zaki nutq, she'riyat

Короткий адрес: https://sciup.org/140260245

IDR: 140260245   |   УДК: 004.02:004.5:004.9

Текст научной статьи Iqbol Mirzo she’rlarida qo’llanilgan iboralarning semantik jihatdan tasnifi

Ma‘lumki, frazeologizm deganda, ko’chma ma‘no anglatadigan, ibora yoki turg’un so’z birikmalari tushuniladi. Frazeologik birlikdan (iboradan) yaxlitligicha anglashiladigan ma‘no uning tarkibidagi so’z komponentlariga xos leksik ma‘nolarning oddiy yig’indisiga teng bo’lmaydi, iboraning ma‘nosi umumlashma ma‘no sifatida namoyon bo’ladi 1 . Iboralarning tarkibida nechta so’z ishtirok etishiga qaramay, ular yagona umumiy ma‘no bilan birlashadi va emotsional-ekspressiv ma‘noni ifodalaydi. Iboralar badiiy adabiyotda obrazli va ta‘sirchan vosita sifatida qo’llaniladi. 2

Iboralar hayotdagi voqea-hodisalarni kuzatish, jamiyatdagi maqbul va nomaqbul harakat holatlarni baholash, turmush tajribalarini umumlashtirish asosida xalq chiqargan xulosalarning o’ziga xos obrazli ifodalaridir. Shoir va yozuvchilar, odatda tasvir maqsadiga muvofiq iboralarni tanlab qo’llash bilangina kifoyalanib qolmaydilar, balki qahramonlar tabiati, ruhiy holati, hayot tarziga moslab o’zgartiradi va qayta ishlaydi. Shu tarzda xalq iboralari sayqallanib, yangi ma‘no nozikliklari bilan to’yinib boradi.

Har bir yozuvchi va shoirlarning ijodida frazeologizmlardan foydalanish uslubi bo’ladi. Jumladan, O’zbekiston Xalq shoiri Iqbol Mirzo she’rlari o’zining xalqonaligi, o’ynoqiligi va ohangdorligi bilan diqqatni tortadi.She’rlarda qo’llanilgan frazeologizmlar o’zining xalqchilligi, adabiy tilga oidligi va individual xarakterga egaligi bilan ajralib turadi. Tadqiqotchi Sh.G’aniyeva o’zining “O’zbek frazeologizmlari strukturasi”(shakliy va mazmuniy modellashtirish) nomli tadqiqotida frazeologizmlarni 3 ta mazmuniy guruhga bo’lib o’rgangan3. Ular harakat, holat va belgi bildiruvchi frazeologizmlardir. Iqbol Mirzo she’riyatida qo’llanilgan ba’zi iboralarni shu tasnif bo’yicha tahlil etamiz.

Insonning ruhiy holatini aks ettiruvchi iboralar

Ruhiy holat ifodalovchi iboralar insonlarning ichki kechinmalari, o’y hayollariyu, g’am-anduhlarini o’zida namoyon qiladi. Kishilarning shodligi, quvonchi, xafagarchiligiyu, iztiroblari ruhiy holatni bildiruvchi iboralarda o’z aksini topadi. Shoir Iqbol Mirzo she’rlarida personajlar ruhiyatga, ularning holati va vaziyatini to’g’ri ifodalashga, qahramonlarning o’ziga xos tabiatini bo’rttirib korsatishga alohida ahamiyat beradi. Bunda albatta adabiy tilimizning so’z ma’nosining turli qirralarga va iboralarga boyligi qo’l keladi. Quyida esa biz shoir she’rlarida qo’llangan ruhiy holatni ifodalovchi iboralar va ular aks ettirgan ma’nolar bilan tanishib chiqamiz.

Ona Vatan deyman-a, ona,

Ich-etimni yeyman-a, ona .

Òyinqaroq bòlib ketsam ham, Siz boshimda oyday parvona.

(“Vatan sog’ bo’lsin” she’ridan)

“O’zbek tilining izohli frazeologik lug’ati” da Ich etini yemoq iborasi “Ruhan azoblanmoq, ezilmoq” (fikr-òyini boshqalarga aytmay) degan ma’noni bildiradi 4 . Ushbu misralarda qo’llanilgan Ich etini yemoq iborasi orqali shoir o’zini ruhan azoblanayotgani, vatan sog’inchi uni ezib azoblayotgani aks etgan.

Bir xushbo’y sabolar taraldi birdan-

Yurakni siypalab erkalaguvchi.

Odamlar odamdan zerikkan yerdan

Insonlar tarafga yetaklaguvchi.

(“Farishta” she’ridan)

Inson biron narsadan qattiq ta’sirlanganda, xursand bo’lganda yoki asabiylashganda unga nisbatan Yuragi o‘ynadi iborasi ishlatiladi. Ushbu ibora inson hatti-xarakatiga ijobiy yoki salbiy ma’no ottenkasini yuklashga xizmat qilib, ekspressivlikni kuchaytiradi. Shoir Iqbol Mirzo ushbu iborani Yurakni siypalab erkalamoq tarzida qaytadan ishlagan, individuallashtirgan. Sabolarning xushbo’y hidi shoir yuragini siypalab uni erkalagan, unga ruhiy dalda bergan. Shoir she’rda odam bilan inson so’zini bir-biriga qarama-qarshi qo’llagan. Inson so’zi odam so’zidan ustunligini aks ettirgan. Hamma ham odam lekin ularda chin insoniylik tuyg’ulari bo’lsagina u haqiqiy inson bo’la oladi. Agarda ularda shu xislat bo’lmasa ular odam xolos. Shu odamligi ularni hayvondan farqlab turadi degan ma’no nozikliklari yuzaga chiqqan.

Shoir Iqbol Mirzo she’rlarida personajlar ruhiyatga, ularning holati va        vaziyatini to’g’ri ifodalashga, qahramonlarning o’ziga xos tabiatini bo’rttirib ko’rsatishga alohida ahamiyat beradi. Bunda albatta adabiy tilimizning so’z ma’nosining turli qirralarga va iboralarga boyligi qo’l keladi.

Xarakter-xususiyat bildiruvchi iboralar

Yozuvchi yoki shoir obraz yaratishda til vositalaridan xarakterlarga mosini tanlab qo’llay olishi kerak. Bunday iboralar kishilarga, narsa-predmetlarga xos xususiyatlarni, asosan odamlarning xarakterini ochib berishga xizmat qiladi. Ularni boshqalardan ajratib turuvchi, alohidaligiga urg’u beruvchi narsa bu kishilarning harakteri bo’lgani uchun ham shoir o’z she’rlarida lirik qahramon va kishilarning xarakterini ochib berish, badiiylikni yuksaltirib, so’z orqali o’zi tariflayotgan obrazini jonli tarzda o’quvchi ko’z o’ngida gavdalantrisih uchun ushbu iboralardan o’z o’rnida mohirona qo’llay olgan.

Biri eski o’g’ri, biri yangi boy,

Ko’zini yog’ bosgan ,lab-lunji moy.

Dili bilan tili kelar poyma-poy,

Og’ayni-oshnalar yodimga tushsa.

( “Yodimga tushsa” she’ridan)

Ko’zini yog’ bosmoq iborasi takabburlandi, tanib-tanimaganga oldi degan ma’nolarni bildirib, badiiy adabiyotda asosan kishilarga xs bo’lgan harakter-xususiyatni ochib berish, ularni ta’riflash maqsadida qo’llaniladi. Ko’zini yog’ bosmoq iborasi orqali shoir yor-do’stlarining eslamoqda, ularning hatti-xarakterini tasvirlab, ularning ichki dunyosini ochib bergan. Bu esa she’rni mazmundor hamda ta`sirli chiqishiga zamin yaratgan, she’r mazmuning shaklan qisqa, ammo tugal va mazmundor chiqishiga olib kelgan.

Belgi bildiruvchi iboralar

Belgi bildiruvchi iboralar shaxs yoki predmetga xos bo’lgan belgini ko’rsatish, ularning o’ziga xosligini namoyon qilish, ma’no nozikliklarini oshirish maqsadida qo’llaniladi. Shoir Iqbol Mirzo ham o’z she’rlarida bunday iboralardan o’z o’rnida mohirona qo’llay olgan hamda she’rning jozibadorligi, ekspressivligini oshirgan. Kitobxon ko’z o’ngida lirik qahramonni gavdalantira olgan.

Kòzi qora, yuragi oq shu el uchun,

Tuproq uchun, shu yurt uchun, chaman uchun,

Ulug’ inson boshlab bergan shu yo’l uchun, Aytgil, dòstim, nima qildik Vatan uchun?

(“Aytgil, do’stim” she’ridan)

Yuragi oq iborasi yaxshi niyatli, boshqalarga yomonlikni ravo ko’rmaydigan insonlarga nisbatan ishlatilib, ijobiy mazmundagi iboradir. Kishiga xos bo’lgan belgini ijobiy ruhfda ochib berib, uning mazmun mohiyatini obrazli tarzda ifodalashga xizmat qilgan ushbu ibora og’zaki nutqqa ko’roq xoslanganligi bilan xarakterlidir. Yuragi oq iborasi she’r mazmunini boyitib, belgining obrazli chiqishiga sabab bo’lgan. Shoir o’z xalqining yaxshi niyatli insonlardan iborat ekanligini, ularning ko’nglidagi xis-tuyg’ularning ham pokligini shu iborada jamlagan.

Shoir Iqbol Mirzo tildan ijodiy, individual foydalangan ajoyib so’z ustasidir. U frzeologik birliklarni oo’z she'rlarida qo’llab, ularga o’zgartirishlar kiritgan ya’ni “yoshartirgan”. Azaldan mavjud bo’lgan iboralar tarkibidagi so’zlarni almashtirish, ular o’rniga sinonimlarini qo’llash yo’li bilan frazeologik birliklarni qayta ishlagan. She’rdagi mazmunning uslubiy samaradorligi, ta’sirchanligi oshgan.

Yuqoridagi misollardan ko’rinib turibdiki, shoir she’rlarida qo’llanilgan iboralar mazmundorlikni oshirish bilan birga, ekspressivlikni ham yuksaltirgan. Iboralar ko`p ma’nolarda qo’llanilib, shoirga keng imkoniyatlar bergan, ularni o’z holicha yoki muayyan o’zgartirish va qo’shimchalar bilan qo’llash muallif mahoratiga bog’liqdir.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  • 1 . Абдуазизов А. Тилшунослик назариясига кириш. –Тошкент, 2010

  • 2 .iБозорбоев К. Ўзбек сўзлашув нутқи фразеологизмлари.–Самарқанд, 2001.

  • 3.    Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman. – Toshkent, 2007.

  • 4.    Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг фразеологик луғати. – Тошкент: Қомуслар бош таҳририяти, 1992.

  • 5.    Yo’ldoshev B.Frzeologik uslubiyati asoslari. –Samarqand, 1999.

  • 6.    Ганиева Ш. Ўзбек фразеологизмлари структураси (шаклий ва мазмуний моделлаштириш):Филология фанлари бўйича фалсафа доктори дисс.автореф. –Фарғона, 2017.

"Экономика и социум" №1(80) 2021

Список литературы Iqbol Mirzo she’rlarida qo’llanilgan iboralarning semantik jihatdan tasnifi

  • Абдуазизов А. Тилшунослик назариясига кириш. -Тошкент, 2010
  • iБозорбоев К. Ўзбек сўзлашув нутқи фразеологизмлари.-Самарқанд, 2001.
  • Iqbol Mirzo. Sizni kuylayman. - Toshkent, 2007.
  • Раҳматуллаев Ш. Ўзбек тилининг фразеологик луғати. - Тошкент: Қомуслар бош таҳририяти, 1992.
  • Yo'ldoshev B.Frzeologik uslubiyati asoslari. -Samarqand, 1999.
  • Ганиева Ш. Ўзбек фразеологизмлари структураси (шаклий ва мазмуний моделлаштириш):Филология фанлари бўйича фалсафа доктори дисс.автореф. -Фарғона, 2017.