O`zbek an`anaviy qo`shiqlarining tarbiyaviy va tibbiy ta`siri
Автор: Abdullaev S.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 6-1 (85), 2021 года.
Бесплатный доступ
Maqolada o`zbek an`anaviy qo`shiqlarining inson ruhiyatiga ta`siri va tarbiyaviy ahamiyati borasida so`z boradi.
G'azal, kuy, she'r, yor - yor
Короткий адрес: https://sciup.org/140260622
IDR: 140260622
Текст научной статьи O`zbek an`anaviy qo`shiqlarining tarbiyaviy va tibbiy ta`siri
An’anaviy qo‘shiqlarimiz xalqona bo‘lganligi uchun g‘azaldagi ma’no, kuy va musiqa bilan mutanosib holda birlashib, aniq bir uslubli quloqqa eshitilishi, eshituvchining ta’sirchanlik qobiliyatini kamol toptiradi va ta’sir etish faoliyatiga moyil qiladi. Bu xususida quyidagi yo‘nalishlarga e’tiborni qaratish zarur bo‘ladi.
-
1 .G‘azal matni va mazmuniga e’tibor berish, g‘azal mazmuniga tushungan holda eshitish ko‘nikmalarini xosil qilish.
-
2 .Kuy va musiqa ijrosini, ulardagi uyg‘unlikni seza bilgan holda eshitish ko‘nikmasini hosil qilish.
-
3 .G‘azal, she’r va kuy musiqaning vobastaligida umumlashgan ijro ko‘nikmasi orqali eshitish imkoniyatiga ega bo‘lish.
An’anaviy qo‘shiq ijrochiligida tez ta’sir etish xususiyatiga ega ijrochilik janrlari ko‘plab ijrolarni o‘z ichiga oladi. Ulug‘ alloma Abu Ali Ibn Sino o‘zining “Tib qonunlari” asarining I kitobida shunday yozadi: “Bolaning mijozini kuchaytirmoq uchun unga ikki narsani qo‘llamoq kerak. Biri bolani sekin – asta tebratish, ikkinchisi, uni uxlatish uchun odat bo‘lib qolgan musiqa va ashulalar. Shu ikkisini qabul qilish miqdoriga qarab, bolaning tanasi bilan tarbiyaga va ruhi bilan musiqaga bo‘lgan iste’dodi xosil qilinadi”1. Ulug‘ bobokalonimizning bu so‘zlari bola tarbiyasida musiqaning naqadar katta ahamiyatga ega ekanligini isbotlaydi.
Ulug‘ mutaffakkir Sa’diy Sheroziy kuy va qo‘shiqni “Ruh ozug‘i” deb atagan ekan. Shuning uchun ham kishi yaxshi bir kuy yohud qo‘shiq tinglaganida jaxolatdan yiroqlashadi, qalbini yaxshilik tug‘yonlari qamrab oladi. Muhabbat, sadoqat, insoniylik, go‘zallik kabi yuksak darajadagi insoniy xis – tuyg‘ularni qalban xis qiladi. Musiqa shunday ajoyib san’atki, uning uchun xech qanday til to‘sig‘i yo‘q, tarjimonga muhtoj emas.
“Qodiriya” deb atalgan So‘fiylar mazhabining yirik vakillaridan hisoblanmish Abdulhaq Dexlaviy (XVI asr) o‘zining “Taqqiqus simo” (“Eshitish masalasi tadqiqoti”) asarida shayxlar va so‘fiylarning musiqayu ash’or eshitishlariga oid fikrlarini aks ettiradi. Dehlaviy turli musulmon mazhablarining yirik vakili (Junayd Bag‘dodiy, Muhammad al – G‘azzoliy, Abdulla Axror, Yusuf Xamadoniy va boshqalar) asarlariga va “Hadis”ga suyanib musiqa eshitish masalasini tadqiqot etadi2.
Shundan ko‘rinadiki musiqaning yoqimli sasi, uning ta’sirchan kuchi ulug‘ islom mashoyiqlarini ham befarq qoldirmagan.
O‘zbek xalqining ta’sirchan an’anaviy folklor qo‘shiqlaridan biri yor – yorlardir. “Yor – yor”lar nikoh to‘ylarining ikkinchi bosqichi – qiz uzatish kechasi aytiladigan qo‘shiqlardan biri hisoblanadi. “Yor-yor” lar nafaqat o‘zbeklarda, balki qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq kabi turkiy xalqlarda ham keng tarqalgan. Tojik xalqining ham sevimli aytishuvidir.
“Yor – yor” ijrosi har qanday odamga tez ta’sir qiladi va yurakning tubiga etib boradi. Chunki yoshlarning eng baxtli kuniga bag‘ishlangan bu qo‘shiq ijrosi insondagi xissiyotni, yoshlarga, farzandlarga bo‘lgan mehrni, qiz bolaning o‘z davridan kelinlik davriga o‘tayotganligini ifodalovchi his – tuyg‘uni junbushga keltiradi va yurakni larzaga soladi3.
An’anaviy qo‘shiqlarimizning ta’sirchanlik xususiyatlarini taxlil qiladigan bo‘lsak, asrlar bo‘yi xalqimizning by ulkan merosiga aylangan maqom ijrochiligining insonlarga ta’sirini aytmasdan ilojimiz yo‘q. Maqom ijrochiligi o‘zining musiqa va ashula qismlari bilan ijro etiladi. “Shashmaqom” ning Nasr qismi ijrolari mumtoz she’riyatimiz durdonalaridan, ma’nodor g‘azallardan tarkib topgan musiqiy uyg‘unlikdagi ashulalar bo‘lganligi uchun, g‘azal ma’nosi musiqiy ijro bilan birlashib go‘zal bir ijroni tashkil qiladi. Hofizlar tomonidan yuqori saviyada ijro etilan bu ashulalar insonlarda ichki tuyg‘uni, ota – bobolarimizning ma’naviy merosiga bo‘lgan hurmatini, ulkan tarix zarvaraqalarinining inson organizmiga ta’sirini qadimdan tibbiyot ilmi ham, hozirgi zamonaviy tibbiyot ham e’tirof etadi. Chunki musiqa asab xastaliklarini davolashda ijodiy ta’sir etishini hozirgi zamon tibbiyoti ham isbotlab bergan.
Roviylarning naql qilishlaricha, ulug‘ alloma Muxammad al – Xorazmiy Xalifa Ma’mun taklifi bilan Bag‘dod shahriga kelgach, shaharning taniqli olimu fuzalolari uni imtihon qilibdilar:
-
- Tibbiyotda davolashning uch turi bordur. Sizga alarning qaysi turi ko‘proq xush keladi?
-
- Bizda davolashning uch emas, to‘rt turi mavjud.
“Biri so‘z, dori biri, keskir pichoqdir bittasi.
Dog‘i Xiva mulkida mashhur erur sozning sasi”.
Menga ana shu to‘rtinchisi, ya’nikim, soz bilan davolash usuli ko‘proq yoqadi, – deb javob bergan ekan. Shundan ko‘rinadiki, xulosa qilib aytganimizda, maqom kuylari, musiqa ohanglari bilan bemorlarni davolash tarzi qadimdan mashhur ekan. Buni turli zamon allomalari ham o‘z asarlarida e’tirof etganlar.
Hozirgi zamon tibbiyotida bu usul, ayniqsa, Yevropada juda rivojlanganligini aytish mumkin. Hech kimga sir emas, hozirgi davrda zamondoshlarimizda tashqi ta’sir natijasida ko‘proq Yevropa va Sharq estrada musiqasiga va qo‘shiqlariga moyillik ezilmoqda. Bu tushunarli hol, albatta. Chunki bu musiqalarning targ‘iboti juda keng qamrovli bo‘lib, hammasi iqtisodiy o‘lcham va san’at biznesi bilan bog‘liq. Bizning Respublikamizda ham televideniya, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari bu san’at yo‘nalishiga sezilarli ta’sir o‘tkazmoqda. Natijada, ayniqsa, yoshlarda unga ergashish, taqlib qilib raqsga tushish, so‘zlarni tushunib-tushunmay qo‘shiq aytish singari ko‘rinishlar kuzatilmoqda. Natijada, hayotga ham yengil – yelpi ko‘z bilan qarash, uning qadriga yetmaslik hollari ham sezilmoqda.
Bu borada milliy musiqamizga, an’anaviy qo‘shiqlarimizga suyanib, uning ta’sirchanlik xususiyatlarini saqlagan holda xalqimiz ongiga yetkazish muhimdir. Buning uchun milliy musiqamiz va an’anaviy qo‘shiqlardan tuzilgan konsert dasturlarini televideniya va radio orqali tez – tez aniq vaqtlarda xalqqa yetkazish zarur. Axborot vositalari orqali ham targ‘ib qilish o‘rinlidir. Bu borada mutassaddi tashkilotlar aniq dasturlar asosida ishlarini yo‘lga qo‘ymoqliklari taqazo qilinadi. Milliy musiqamizning ta’sirchanlik xususiyatlarini ilmiy-metodologik yo‘l bilan musiqashunos olimlarning fikrlari asosida olib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati:
Список литературы O`zbek an`anaviy qo`shiqlarining tarbiyaviy va tibbiy ta`siri
- T. S. Vizgo, I. N. Karelova, F. M. Karamatov., Istoriya uzbekskoy sovetskoy muziki. T.-1973
- A. Qambarov. Dinshunoslik. T.-2020
- I. Rajabov. Maqomlar masalasiga doir. T.-1963
- Abu Ali Ibn Sino. "Tib qonunlari". T. 1994. 96-b
- S. Mannopov. Navobahsh ohanglar. T. 2018 y