Tarkibida saponin moddasi mavjud o‘simliklarni tekshirish usullari va qizilmiya o‘simligining ba’zi xususiyatlari
Автор: To‘xtaboyeva Feruza Muratovna, Ismoilov Ibrohim Hakimjonovich, Habibullaeva Oliyaxon Xamidullayevna, Nabieva Sadokat Baxtiorjonovna
Журнал: Life Sciences and Agriculture.
Статья в выпуске: 4 (20), 2024 года.
Бесплатный доступ
Ushbu maqolada laboratoriya o‘quv mashg‘ulot darslarida saponinlar uchun xos sifat reaksiyalar va ularni o‘tkazish, qizilmiya o‘simligining xususiyatlari, tarkibida uchrovchi moddalar va ulardan tayyorlanadigan mahsulotlar haqida ma’lumotlar berilgan.
Saponin, glisirretin kislota, ekstrakt, Sane reaksiyasi, sapotoksin
Короткий адрес: https://sciup.org/14131693
IDR: 14131693 | УДК: 581.192.2
Текст научной статьи Tarkibida saponin moddasi mavjud o‘simliklarni tekshirish usullari va qizilmiya o‘simligining ba’zi xususiyatlari
Saponinlar glyukozidlar guruhiga mansub azotsiz murakkab organik birikmalar hisoblanadi. Saponinning taʼmi achchiq, hidi oʻtkir, chayqatilganda (konsentratsiyasi 0,001 g/l boʻlgandayoq) sovunga oʻxshab koʻpiradi. Sof saponin rangsiz yoki sargʻish amorf moddalar hisoblanadi. Suvda eritilganda kolloid eritmalar hosil boʻladi. Suvli eritmalari moylar va smolalar bilan barqaror emulsiyalar beradi. Kislota yoki fermentativ gidroliz natijasida saponin monosaxaridlarga va uglevod boʻlmagan qism aglikon (sapogenin) ga parchalanadi. Raʼnodoshlar, chinniguldoshlar oilasiga mansub oʻsimliklarda ayniqsa koʻp uchraydi. Tarkibida saponin boʻlgan oʻsimliklar (sovundaraxt, qizilmiya, ipomeya, yetmak) tibbiyotda balgʻam koʻchiradigan va siydik haydaydigan vosita sifatida ishlatiladi. Oziq-ovqat sanoatida turli ichimliklar, qandolatchilik mahsulotlari tayyorlashda qoʻllaniladi. Baʼzi saponinlar (sapotoksinlar) oʻta zaharlidir.
Saponinlarni tekshirish usullari: Saponinlarni bor yoki yo‘qligini bilish uchun tekshirilayotgan mahsulotdan aralashma tayyorlanadi. Buning uchun 1 g maydalangan mahsulotni kolbaga solinadi va unga 100 ml natriy xloridini 0,9% li eritmasidan solib havo sovutgichi bilan aralashtiriladi va qaynayotgan suv hammomida 30 minut qizdiriladi. Aralashma sovutilib filtrlanadi va ajratma bilan quyidagi reaksiyalar olib boriladi. 1)2-3 ml ajratmani probirkaga solib chayqatiladi. Bunda turg‘un ko‘pik hosil bo‘lsa saponinlarni borligini ko‘rsatadi. 2) 2 ml ajratmaga teng miqdorda 2% li fibrinsizlangan qon solinadi. Bunda hosil bo‘lgan tiniq qizil eritma qonni gemolizga uchraydi. 3) 2 ml ajratmaga qo‘rg‘oshin (II) gidrooksiasetat eritmasidan bir necha tomchi qo‘shilsa cho‘kma hosil bo‘ladi. 4) 2 ml ajratmaga 1 ml kons. sulfat kislota, 1 ml spirt va temir (III) xloridning 10% li eritmasidan bir tomchi qo‘shib qizdirilsa, ko‘k-yashil rang hosil bo‘ladi (Lafon reaksiyasi). 5) Saponinlar eritmasiga bariy gidrooksidning to‘yingan eritmasidan (bariyli suv) bir necha tomchi qo‘shilsa, cho‘kma hosil bo‘ladi. 6) 2 ml saponinlar eritmasiga natriy nitratning 10% li eritmasidan 1 ml va kons. sulfat kislota aralashmasidan qo‘shilsa, to‘q qizil rang hosil bo‘ladi. 7) Saponinlarning kons. sirka kislotadagi eritmasiga sirka angidridi va kons. sulfat kislota aralashmasidan (50:1nisbatda) 2 ml qo‘shilsa tezda ko‘k yoki yashil rangga o‘tuvchi pushti-qizil rang hosil bo‘ladi (steroid saponinlarga Liberman-Buxard reaksiyasi). 8) Saponinlar eritmasiga vanilinni 1% li eritmasi, sirka angidridi va kons. sulfat kislota aralashmasidan qo‘shilsa pushti (triterpen saponinlar) yoki sariq (steroid saponinlar) rang hosil bo‘ladi.(Sane reaksiyasi). 9) 1 ml saponinlarning spirtdagi eritmasiga xolesterinning spirtdagi eritmasidan 1 ml qo‘shilsa, cho‘kma hosil bo‘ladi (steroid.saponinlarga.reaksiya). 10) 1 ml xloroformdagi 2-3 mg saponinlar eritmasiga kons. sulfat kislotadan asta-sekin qo‘shilsa, sariq (triterpen saponinlarga xos) yoki qizil (steroid saponinlarga xos) rang hosil bo‘ladi. (Salkovskiy-Molchanov.reaksiyasi). 11) Saponinli mahsulotdan juda yupqa qilib kesib olingan mikroskopik preparatni bir xil miqdordagi kons. sulfat kislota hamda 96% li spirt aralashmasiga bir oz solib qo‘yib, so‘ngra mikroskop ostida ko‘rilsa, saponinli hujayralar sariq rangga bo‘yalgan holda (keyinchalik qizil rangga o‘tadi) ko‘rinadi. Shu preparatga temir xlorid eritmasidan bir tomchi tomizilsa, u holda yuqorida aytib o‘tilgan rang oldin qo‘ng‘ir, so‘ngra zangori qo‘ng‘ir tusga aylanadi. 12) Saponinlarning qaysi guruhga mansub ekanligi quyidagi reaksiya yordamida aniqlaniladi: 2 ta probirka olb, birinchisiga xlorid kislotaning 0,1 n eritmasidan (pH-1) 5 ml, ikkinchisiga kaliy ishqorning 0,1 n eritmasidan (pH-13) 5 ml quyiladi va har qaysi probirkaga 3 tomchidan saponinlar eritmasidan (yoki saponinlar ajratmasidan) qo‘shib, 1 minut davomida qattiq chayqatiladi. Agar ikkala probirkada balandligi va turg‘unligi bo‘yicha teng bo‘lgan ko‘pik hosil bo‘lsa, tahlil uchun olingan saponinlar triterpen guruhiga kiradi. Agar saponinlar steroid guruhiga kirsa, u holda kaliy ishqor eritmasi quyilgan probirkada hajmi va turg‘unligi bo‘yicha bir necha marta ortiq ko‘pik hosil bo‘ladi [2, 3].
Qizilmiya (oddiy qizilmiya, chuchukmiya, shirinmiya) (Glycyrrhiza glabra) Qizilmiya ko‘p yillik, bo‘yi 50-100, ba’zan 150 sm ga yetadigan, yer ostki qismi kuchli taraqqiy etgan o‘t o‘simlik. Ildizpoyasi ko‘p boshli, yo‘g‘on, bo‘lib hamma tomonidan yer ostida gorizontal joylashgan, uchi kurtak bilan tamomlanuvchi novdalar va pastga qarab bitta asosiy vertikal o‘q ildiz o‘sib chiqadi. Asosiy o‘q ildizning uzunligi 4-5 m bo‘ladi. Poyasi bir nechta, tik o‘suvchi, shoxlanmagan yoki kam shoxlangan, tukli bo‘lib, mayda tikanlar bilan qoplangan. Bargi toq patli murakkab, 3-7 juft bargchalardan tashkil topgan. Bargchasi ellipssimon, cho‘ziq-tuxumsimon yoki lansetsimon, tekis qirrali bo‘ladi. Qo‘shimcha barglari mayda, lansetsimon bo‘lib, tezda to‘kilib ketadi [1, 4].
Gullari qiyshiq, barg qo‘ltig‘idan chiqqan shingilga to‘plangan. Mevasi – pishganda ochilmaydigan yoki poyasi qurigandan so‘ng ochiladigan dukkak. Iyun-avgust oylarida gullaydi, mevasi avgust – sentabrda yetiladi. Ildiz bo‘laklari silindirsimon, har xil uzunlikda, yo‘g‘onligi 5-50 mm va undan oshiq bo‘ladi. Ildizpoyasi tutashgan, ildizining yo‘g‘onligi ba’zan 15 mm burishgan, qo‘ng‘ir, tozalangan ildizlarning ustki tomoni bir oz burishgan, qo‘ng‘ir tozalangan ildizlarning ustki tomoni esa och sariqdan qo‘ng‘ir sariq ranggacha bo‘ladi. Mahsulot hidsiz bo‘lib, juda shirin mazaga ega. Mahsulot tarkibida 24% gacha glisirrizin (uch asosli glisiririzin kislotaning kaliyli va kalsiy tuzi) bo‘ladi. Glisirrizin glikozidlarga o‘xshash modda bo‘lib, triterpin saponinlarga kiradi. U qandga nisbatan 40 marta shirin, gidrolizlanganda qand o‘rniga ikki molekula glyukuron kislota hamda bir asosli glisirretin kislota (aglyukon) hosil qiladi. Qizilmiya ildizida yana 28 taga yaqin (4% atrofida) flavonoidlar (likviritin, likviritozid, izolikviritin, likurozid, lakrozid glabrozid, izoglabrozid glikozidlari va ularning aglikonlari), gliserin va glikozarin birikmalari, 2-4% achchiq modda, triterpenoid-oleanan, efir moyi, vitamin C, asparagin, 6-34 % kraxmal 20% gacha mono va disaxaridlar, pektin va boshqa moddalar bor. Qizilmiyaning yer ustki qismi flavon glikozidlarga boy. Undan kversetin, izokversetin, kempferol, astragallin, izoramnetin, folerozid, glifozid, saporetin, viteksin, glabranin va boshqa flavonoidlar ajratib olingan.
Qizilmiya o‘simligining preparatlari nafas yo‘llari kasallanganda balg‘am ko‘chiruvchi, surunkali qabziyatda esa yengil surgi dori sifatida ishlatiladi. Ildizidan tayyorlangan dorivor preparatlar astma, ekzema, allergik dermatit kasalliklarda qo‘llaniladi. Ildizdan olingan flavonoidlar yallig‘lanishiga, spazmga qarshi va antiseptik vosita sifatida me’da shirasida kislotalilik oshib ketgan hollarda hamda me’da va o‘n ikki barmoq ichak yara kasalligini davolash uchun ishlatiladi. Qizilmiya poroshogi, qirqilgan ildizi va quruq ekstrakti farmasevtik amaliyotda xab dori tayyorlashda asos sifatida hamda miksturalar, choy-yig‘malar ta’mini yaxshilash uchun ishlatiladi. Qizilmiya ildizidan oziq-ovqat sanoatida (pivo, limonad va kvarslar ta’mini shirin qilish uchun) va texnikada (o‘t o‘chiradigan ko‘piruvchi suyuqlik tayyorlash uchun) keng foydalaniladi.
ADABIYOTLAR
-
1. Pratov O‘.P, Odilov T.O., O‘zbekiston yuksak o‘simliklari oilalarining zamonaviy tizimi va o‘zbekcha nomlari.Toshkent.1995.
-
2. To‘xtayev A.S, Tursunboyeva, G.S, “Botanika,asoslari”. Toshkent. 2001
-
3. To‘xtayev A.S, Xamidov A.X, Ekologiya asoslari va tabiatni muhofaza qilish. Toshkent. “O‘qituvchi”. 1994.
-
4. Toshmuxamedov R.I, O‘simliklar sistematikasidan amaliy mashg‘ulotlar, “Toshkent”. 2004.
LSA-4-2024
Список литературы Tarkibida saponin moddasi mavjud o‘simliklarni tekshirish usullari va qizilmiya o‘simligining ba’zi xususiyatlari
- Pratov O‘.P, Odilov T.O., O‘zbekiston yuksak o‘simliklari oilalarining zamonaviy tizimi va o‘zbekcha nomlari.Toshkent.1995.
- To‘xtayev A.S, Tursunboyeva, G.S, “Botanika,asoslari”. Toshkent. 2001
- To‘xtayev A.S, Xamidov A.X, Ekologiya asoslari va tabiatni muhofaza qilish. Toshkent. “O‘qituvchi”. 1994.
- Toshmuxamedov R.I, O‘simliklar sistematikasidan amaliy mashg‘ulotlar, “Toshkent”. 2004.