Uchinchi renessans yoshlarining kuchli salohiyati va keng imkoniyatlari

Автор: Abduvoxidova M.A.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 6-1 (85), 2021 года.

Бесплатный доступ

Barcha asrlarda mamlakat kelajagi yoshlar uchun bo'lib kelgan. Inqilob, taraqqiyot va rivojlanishning harakatlantiruvchi kuchlari - bu doimo yoshlardir. Davlat ularga urush paytida, urushdan keyingi davrda, inqirozlar davrida tayanib kelgan. Sababi, bu yosh, sog'lom insonlar yangi , mustahkam binolar qurdilar, aql bovar qilmas darajadagi ixtiro, kashfiyotlar yaratishdi va ularni hayotga tadbiq etishdi. Katta avlodning vazifasi yoshlarga ushbu murakkab dunyoda o'zlarining munosib o'rnini topishga yordam berish, o'zlarini imkon qadar anglab yetishga ko'maklashishdir! Ushbu maqolada birinchi va uchinchi renessans yoshlari orasidagi kuchli tafovut hamda uchunchi renessans yoshlarining salohiyati,keng imkoniyatlari,qilinajak ishlarning samarasi haqida kichik izlanishlar olib borilgan.

Еще

Yangi oʻzbekiston, yoshlik, katta avlod, uchunchi renessans, g'ayrat-shijoat, innovatsiya, uyg'onish, salohiyat, kuchli jamiyat, xalq

Короткий адрес: https://sciup.org/140260597

IDR: 140260597   |   УДК: 314

Текст научной статьи Uchinchi renessans yoshlarining kuchli salohiyati va keng imkoniyatlari

Yoshlik - bu barcha muammolar tezda hal qilinishini, to'siqlar osongina yengilishini va orzularning bir zumda amalga oshishini istalgan inson umrining takrorlanmas davridir. Ushbu davrning imkoniyatlaridan to'liq foydalanish kerak. Yoshlar o'z g'oyalari bilan mamlakat o’zgarishlariga yordam berishini tushunishlari shart. Quyida renessans davrlarning bir biri bilan chambarchas bog’lanib

ketishi

ko’rsatilgan.

Jamiyat

Yoshlar asosiy bo'g'in

Xalq

RENESSANS. Bu soʻzni ilgari ham eshitganman, oʻqiganman. Uni fanda ilk bor italyan gumanistlari qoʻllaganini ham bilaman. Lekin kecha bu soʻzni Oʻzbekiston Prezidenti nutqlaridan eshitib, uning shukuhini, quvvatini oʻzgacha hayrat, oʻzgacha masʼuliyat bilan idrok etdim. Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan strategik saʼy-harakatlar kun kelib Uchinchi Renessansga poydevor boʻlishini joʻshqin maʼruzadan shuurimga oqib kirayotgan motivatsiyaning katta toʻlqinida angladim. Axir, mudroq jamiyatni, odamlarni uygʻotishning oʻzi UYGʻONISHning – RENESSANSning debochasi emasmi! Bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emasligi, bugungi yoshlar – kechagi yoshlar emasligini isbotlashga hojat qolmaganining oʻziyoq zalvorli natija emasmi!

Eʼtibor qiling: Prezident biz haqimizda – yoshlar haqida alohida eʼtibor va qatʼiy ishonch bilan gapirdi. Taʼlim, dedi, matematika, kimyo, biologiya – fundamental fanlarni zoʻr oʻqitaylik, dedi, innovatsiyalarga yoʻl ochaylik, dedi.

Yoshlarning maʼrifati, maʼnaviyati bosh masalamiz, strategik vazifamiz, ustuvor yoʻnalishimiz, dedi. Deganlarining amaldagi isbotini koʻring: soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda 43 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Bu yil esa oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yigit-qizlar hujjat topshirdi. Bu degani yoshlarimizning taʼlim olishga motivatsiyasi naq 40 foizga oshdi, degani! Shu oʻquv yilidan yana bir yangi tizim joriy etildi: kam taʼminlangan oilalarda ulgʻayayotgan qizlarimizning bilim olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida OTMda ular uchun davlat granti asosida 940 ta qoʻshimcha oʻrin ajratildi. Mana sizga isteʼdodlarning intilishlarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib oʻrin egallashlari uchun yaratilgan imkoniyatlar!

Koʻhna Xitoy mutafakkiri Konfutsiy: “Agar rejangiz bir yillik boʻlsa, sholi eking, oʻn yillik boʻlsa, daraxt eking, yuz yillik boʻlsa – bolalaringizga taʼlim bering”, deya bejiz taʼkidlamagan. Kelajakda kutilgan “hosil” ni yigʻish uchun Oʻzbekistonimizda hozirdan keng imkoniyatlar yaratilyapti, yoshlarni ilmu maʼrifatga ragʻbatlantirish, ilm egalarini qadrlashga qaratilgan tizim shakllantirilyapti.

Oʻz navbatida, yoshlar ham shaxsiy rivojlanishi uchun motivatsiya manbalarini oʻzi topa bilishi kerak – u xoh kitob, xoh kinoasar, xoh sport yoki sayohat boʻlsin. Imkoniyat yaratilsa oʻqiyman, deydigan emas, har qanday vaziyatda ham bilim olish va rivojlanishga harakat qilaman deydigan yigit-qizlarimiz safi kengayishi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak.

ASOSIY QISM: Biz yashab turgan shu muqaddas zaminda Uygʻonish – Renessans boshlangan paytlar Yevropa hali gʻaflat uyqusida boʻlganini koʻpchilik yoshlar bilmasa kerak. Bu tarixiy haqiqatni Yevropaning yetuk olimlari tan olganini ham bilmaydiganlar bordir balki. Har qalay, atoqli nemis sharqshunosi Adam Mesning “Musulmon Renessansi”, akademik Nikolay Konradning “Sharq Renessansi” konsepsiyasi osmondan tushgan emas. Agar “Die Renaissance des Islams” kitobini ushbu mavzudagi bosh manba deb hisoblaydigan boʻlsak, Adam Mesdek buyuk olim fundamental tadqiqotini yaratishda ulugʻ vatandoshimiz Beruniyning ilmiy merosiga tayanganidan faxrlanmay boʻladimi!

Ta'lim

Mashhur Maʼmun akademiyasida kamolga yetgan Ibn Sino, Muso al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi yuzlab allomalar Sharq uygʻonish davrining birinchi bosqichiga, Temuriylar davri tamaddunining yorqin vakillari Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olimlar ikkinchi yuksalish bosqichiga hissa qoʻshgani qiyos qilinsa, Uchinchi Renessans vakillari bugungi islohotlarning mevalaridan bahra olgan Yangi Oʻzbekiston bolalari orasidan yetishib chiqsa, ne ajab! Haqiqatan ham, rivojlangan davlatlar tarixiga nazar tashlaydigan boʻlsak, ularda jamiyat hayotini oʻzgartirishga qaratilgan islohotlar, avvalo, taʼlim tizimidan, bogʻcha, maktab, tarbiya masalasidan boshlanganini koʻramiz. Chunki maktabni, taʼlim-tarbiyani tartibga solmay turib shaxsni, jamiyatni oʻzgartirib boʻlmaydi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonning ertangi kuniga ishonchni mustahkamlash, ajdodlarga munosib boʻlish uchun islohotlarni ilmdan boshlash kerak. Chunki ilmsiz hech bir sohada natija boʻlmaydi.

Keyingi uch yilda bu boradagi muammolarni samarali hal etish, mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Shu maqsadda qator Farmon va qarorlar qabul qilinib, bu boradagi kompleks saʼy-harakatlar uchun puxta huquqiy zamin yaratildi. Maktabgacha taʼlim, umumiy taʼlim va oliy taʼlim tizimi mazmunan va sifat jihatidan yangilanib bormoqda.

Oʼzbekistonda Uchinchi renessans poydevori bormi?

Davlatimiz rahbari Oʼqituvchilar va murabbiylar kuni munosabati bilan soʼzlagan nutqida ustozlarimizni bayram bilan samimiy tabriklab, “Darhaqiqat, millionlab farzandlarimiz qalbiga ilm-fan ziyosini singdirib, ularni el-yurtga munosib insonlar etib tarbiyalayotgan zahmatkash va olijanob ustozlarimizga har qancha tahsinlar aytsak, arziydi” deb eʼtirof etdilar va keyingi yillarda yurtimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, yangi Oʼzbekistonni yaratish maqsadida barcha sohalar qatori taʼlim tizimida ham tub islohotlar olib borilayotganiga toʼxtalib, “Biz keng koʼlamli demokratik oʼzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʼzbekistonda yangi Uygʼonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʼzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uchinchi Renessansning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglab olishi kerak” deb taʼkidlab oʼtdilar.

Shu borada men bir yosh tadqiqodchi sifatida, birinchi va ikkinchi Uygʼonish davrining tarixiy shart-sharoiti va uni yuzaga keltirgan faktorlargabtoʼxtalmoqchiman.

Birinchi renessans nima, u qanday tarixiy sharoitlarda yuzaga chiqdi va butun insoniyatga nimalarni tuhfa qildi?

Barcha sharq va gʼarb olimlarining eʼtirof qilishlaricha, Yevropada

XV-XVII asrlar orasida yuzaga kelgan Birinchi Renessans yurtimizda undan bir necha yuz yil avval, yaʼni IX-XI asrlarda roʼy bergan. Ushbu ulkan yuksalishning sodir boʼlishining oʼz tarixiy sabablari bor, albatta. Chunki, mazkur davrda davlat taraqqiyoti uchun juda muhim boʼlgan yangi islohotlar va qonunlar joriy qilindi, yer-suv, qoʼshnichilik munosabatlaridan soliqlargacha tub yangilanishlar sodir boʼldi. Davlat yuritishdagi va siyosatdagi yangiliklar ilm-fan kishilarini ezgu gʼoyalar tevaragida birlashtirdi, turli-tuman fanlarga, ayniqsa matematika, astronomiya, kimyo, tibbiyot, huquq, geodeziyaga qiziqish kuchaydi va dunyo tuzilishi haqidagi zamonaviy nazariyalarga aynan oʼsha davrda asos solindi. Mazkur davr dunyo taraqqiyotining yuksalish tamoyillarini belgilab berdi, desak mubolagʼa boʼlmaydi. Buning yorqin isboti – Xorazmda barpo etilgan Maʼmun akademiyasidir. Daho mutafakkirlarni oʼz bagʼriga toʼplagan bu oliy dargoh nafaqat oʼz mintaqasi, balki butun dunyo uchun akselerator vazifasini oʼtagani haqiqat.

Sferik trigonometriya, oʼnli raqamlarning tizimli qoʼllanishi, trigonometriyada “funktsiya” tushunchasining paydo boʼlishi, joʼgʼrofiy koordinatlarining aniq ifodalanishi, Yer sayyorasining sferik globusi, qattiq va suyuq moddalarning solishtirma ogʼirligi, minerallar tasnifi, quruqlik tarkibiy jismlarining harakati va qatlamlar hosil boʼlishi, dengiz va materiklarning joylashuvi, tibbiy va farmatsevtik bilimlarning bir tizimga solinishi, tashxislash va davolashning yangi usullari, maʼdanlar transmutatsiyasi imkonlarining tahlili – bular yurtimizda IX-XI asrlarda yashab ijod qilgan buyuk ajdodlarimizning tabiiy va aniq fanlarda amalga oshirgan innovatsion gʼoyalarining baʼzilari, xolos.

Oʼrni kelganida shuni ham taʼkidlab oʼtish kerakki, ilm-fan osmonida yulduzday yaraqlab turgan bu allomalar atrofida va ulardan keyin yana yuzlab safdoshlari, shogirdlari, davomchilari yurtimiz ilm-fani mevalarini jahonning ilgʼor ommasiga yetkazib berishda katta xizmatlar koʼrsatishdi va mamlakat shon-shuhratini, tafakkur qudratini uzoq oʼlkalarga qadar yoyishdi.

Ikkinchi Renessans nafaqat mintaqamizda, balki juda katta joʼgʼrofiy hududlarda siyosiy-iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirgan ulugʼ bobomiz, sohibqiron Аmir Temur nomi bilan chambarchas bogʼliq. U zot tufayli qudratli markaziy boshqaruvga asoslangan davlat va yangi madaniy-ilmiy yuksalish uchun qulay vaziyat yuzaga keldi. Аmir Temur oʼz bepoyon saltanatining katta shaharlariga turli hududlardagi isteʼdodli olimlar, shoirlar, hunarmandlar, meʼmorlarni jamladi va ilmi-fan taraqqiyoti uchun kerakli barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi. Bunday oqilona siyosat mamlakatning ilmiy va madaniy qudratini kuchaytirdi.

Ikkinchi renessans davri “Islom madaniyatining oltin asri” deb atalishi bilan birga, fazo ilmi va matematika fanlarining rivojlanishi bilan yurtimizda ikkinchi Uygʼonish, yaʼni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʼinoniy, Аbul Muʼin Nasafiy kabi ulugʼ ulamolar, Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulugʼbek, Gʼiyosiddin Koshiy, Аli Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Аbdurahmon Jomiy, Аlisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Аli Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, koʼplab xattot va sozandalar, musiqashunos va meʼmorlarning shuhrati dunyoga yoyildi. Birinchi Renessans davrida boʼlgani kabi, bu davrda ham ilm oʼrganishni istovchilar butun dunyodan oqib kela boshladilar.

XULOSA: Davlatimiz rahbari nutqidagi “Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʼyib, uni milliy gʼoya darajasiga koʼtarmoqdamiz” degan soʼzlari yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli tub islohotlardan koʼzlangan ulugʼ maqsadlarni ifoda etadi. “Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy va oʼrta maxsus taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni boʼlgʼusi Renessansning toʼrt uzviy halqasi, deb bilamiz. Bogʼcha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-oʼqituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uygʼonish davrining toʼrt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz. Men ishonaman – hurmatli ota-onalar bu tashabbusni albatta qoʼllab-quvvatlab, yangi Renessansning beshinchi halqasi, beshinchi ustuni boʼladilar. Va bu maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizdagi eng mustahkam ustun boʼladi, desam, oʼylaymanki, sizlar toʼla qoʼllab-quvvatlaysizlar” degan eʼtirofi esa, “davlat-taʼlim-oʼquvchi va ota-ona” halqalarini qatʼiy bir tizimga mustahkamladi va juda ulugʼ maqsadga erishishning ishonchli yoʼlini koʼrsatib berdi.

Shonli tariximizdagi har ikkala Uygʼonish davrida ham eng muhim jihat – davlatning, davlat rahbarining yuksak eʼtibori boʼlib kelgan. Maʼmun akademiyasining barpo etilishida xorazmshoh Maʼmuniylar sulolasining, Ikkinchi Uygʼonish davrining yuzaga kelishida esa buyuk bobomiz Аmir Temurning va temuriy avlodlarning hissasi beqiyosdir. Har ikki sulola hukmdorlari oʼz davrining yorqin isteʼdodlarini, olimlarini davlat qanoti ostiga toʼplagan va gʼamxoʼrlik qilib ,kerakli shart sharoitlarni yaratib bergani uchun tarixan qisqa davr ichida ona yurtimiz dunyo ilm-faniga poydevor boʼlgulik buyuk kashfiyotlarni yaratdilar.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  • 1.    O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi 2020 yil 29 dekabr.

  • 2. Islom Karimov. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. T.: «Ma’naviyat», 2008., 176 b.

  • 3. Tursunova N. Yoshlarning ijtimoiy faolligi: tushuncha va fazilatlari. “Ijtimoiy fikr”. 2004. 3-son. 149-150 betlar.

  • 4.    Bagrad Sarkisov, Ra’no Umarova. Sotsiologiya. Ma’ruzalar matni. - T.: 2004, 120-126 b.

  • 5. B.Aliev., T.Sultonov., M.Mullajonova., B.Rahmonov va boshqalar. Sotsiologiya. (O‘quv qo‘llanma). –T.: TDYuI nashriyoti . 2006. 124-157 - betlar

    • 6.    Sotsialniy portret Uzbekistana. T. «Ijtimoiy fikr». 2002. s. 86.

    • 7.    Qayumov U. Rol semi v formirovanii nravstvennix i duxovnix osnov obщestva. “Ijtimoiy fikr”. 2004. 4-son. 93-94 betlar.

    • 8. Ubaydullaev B. «Kamolot”kecha, bugun, ertaga. “Ijtimoiy fikr”. 2004. 3-son. 13-bet

      "Экономика и социум" №6(85) 2021

Список литературы Uchinchi renessans yoshlarining kuchli salohiyati va keng imkoniyatlari

  • O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga murojaatnomasi 2020 yil 29 dekabr.
  • Islom Karimov. Yuksak ma'naviyat - yengilmas kuch. T.: "Ma'naviyat", 2008., 176 b.
  • Tursunova N. Yoshlarning ijtimoiy faolligi: tushuncha va fazilatlari. "Ijtimoiy fikr". 2004. 3-son. 149-150 betlar.
  • Bagrad Sarkisov, Ra'no Umarova. Sotsiologiya. Ma'ruzalar matni. - T.: 2004, 120-126 b.
  • B.Aliev., T.Sultonov., M.Mullajonova., B.Rahmonov va boshqalar. Sotsiologiya. (O‘quv qo‘llanma). -T.: TDYuI nashriyoti. 2006. 124-157 - betlar
  • Sotsialniy portret Uzbekistana. T. "Ijtimoiy fikr". 2002. s. 86.
  • Qayumov U. Rol semi v formirovanii nravstvennix i duxovnix osnov obщestva. "Ijtimoiy fikr". 2004. 4-son. 93-94 betlar.
  • Ubaydullaev B. "Kamolot"kecha, bugun, ertaga. "Ijtimoiy fikr". 2004. 3- son. 13-bet