Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sariqlikni tashxislash va jarrohlik davolashning zamonaviy yondashuvlari (adabiyotlar sharhi)

Автор: Ziyayev Sh.A., Otaqo‘ziyev A.Z., Boboyev F.U., Egamov S.SH.

Журнал: Re-health journal @re-health

Статья в выпуске: 1 (29), 2026 года.

Бесплатный доступ

Dolzarbligi. Xoledoxolitiaz mexanik sariqlikning eng ko‘p uchraydigan sabablaridan biri bo‘lib, dekompressiya kechiktirilgan holatlarda xolangit va biliar sepsis rivojlanish xavfi yuqori ekanligi aniqlangan. Maqsad. Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sariqlikda tashxis qo‘yish va jarrohlik taktikasiga oid zamonaviy adabiyot ma’lumotlarini tahlil qilish. Materiallar va usullar. PubMed va Scopus ma’lumotlar bazalarida 2015–2025 yillar oralig‘ida chop etilgan ilmiy ishlar tahlil qilindi. Natijalar. MRXPG va endoskopik ultratovush tekshiruvining yuqori diagnostik aniqlikka ega ekanligi tasdiqlandi. Endoskopik papillosfinkterotomiya distal lokalizatsiyadagi toshlarda samarali hisoblanadi, laparoskopik xoledoxolitotomiya esa bir bosqichli davolash imkonini yaratadi.

Еще

Xoledoxolitiaz, mexanik sariqlik, ERXP, umumiy o‘t yo‘lini laparoskopik tekshirish

Короткий адрес: https://sciup.org/14134818

IDR: 14134818

Современные подходы к диагностике и хирургическому лечению механической желтухи, связанной с холедохолитиазом (обзор литературы)

Актуальность. Холедохолитиаз является одной из наиболее распространённых причин механической желтухи, а отсроченная декомпрессия, как показано, увеличивает риск развития холангита и билиарного сепсиса. Цель. Проанализировать современную литературу по диагностике и хирургической тактике механической желтухи, связанной с холедохолитиазом. Материалы и методы. Проанализированы научные работы, опубликованные в базах данных PubMed и Scopus в период с 2015 по 2025 год. Результаты. Подтверждена высокая диагностическая точность МРХПГ и эндоскопического ультразвукового исследования. Эндоскопическая папиллосфинктеротомия эффективна при камнях дистальной локализации, в то время как лапароскопическая холедохолитотомия позволяет проводить лечение в один этап.

Еще

Modern approaches to the diagnosis and surgical treatment of obstructive jaundice associated with choledocholithiasis (literature review)

Background. Choledocholithiasis is one of the most common causes of obstructive jaundice, and delayed decompression has been shown to increase the risk of cholangitis and biliary sepsis. Objective. To analyze current literature on the diagnosis and surgical management of obstructive jaundice associated with choledocholithiasis. Materials and Methods. Research papers published in the PubMed and Scopus databases between 2015 and 2025 were analyzed. Results. The high diagnostic accuracy of MRCP and endoscopic ultrasound has been confirmed. Endoscopic papillosphincterotomy is effective for distal stones, while laparoscopic choledocholithotomy enables single-stage treatment.

Еще

Текст научной статьи Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sariqlikni tashxislash va jarrohlik davolashning zamonaviy yondashuvlari (adabiyotlar sharhi)

Kirish. Hozirgi zamon abdominal jarrohligida mexanik sarig‘lik (MS) etiologiyasida xoledoxolitiaz (XL) yetakchi o‘rinni egallaydi. Ko‘plab klinik va epidemiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, mexanik sarig‘lik holatlarining 60–70 % aynan xoledoxolitiaz hissasiga to‘g‘ri keladi, bu esa ushbu patologiyaning yuqori klinik va ijtimoiy ahamiyatga ega ekanligini tasdiqlaydi [1, 2, 3].

So‘nggi yillarda jahon amaliyotida xoledoxolitiaz bilan asoratlangan mexanik sarig‘likni davolashda ikki bosqichli jarrohlik taktikasi ustuvor yo‘nalish sifatida qaralmoqda. Ushbu yondashuvda birinchi bosqichda endoskopik retrograd xolangiopankreatografiya (ERXPG) va endoskopik papillosfinkterotomiya (EPST) orqali biliar dekompressiya ta’minlanadi, ikkinchi bosqichda esa laparoskopik xoletsistektomiya bajariladi [3, 4].

Maqsad. Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sariqlikda tashxis va jarrohlik taktikasiga oid zamonaviy adabiyot ma’lumotlarini tahlil qilish.

Materiallar va usullar. Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘lik gepatobiliar tizim kasalliklari orasida eng og‘ir va klinik jihatdan ahamiyatli holatlardan biri hisoblanadi. Ushbu patologiya safro chiqish yo‘llarining konkrementlar bilan to‘silishi natijasida biliar gipertenziya, giperbilirubinemiya va jigar funksiyasining izdan chiqishi bilan kechadi. Adabiyot ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t tosh kasalligi (O‘TK) aholining 3–15% da uchraydi, katta yoshli aholi orasida esa uning tarqalishi 10–13% ni tashkil etadi, ularning 15–33% da xoledoxolitiaz bilan asoratlanishi qayd etilgan [7-11].

Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘likning etiologiyasi va klinik ahamiyati. Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘lik gepatopankreatobiliar tizim patologiyalari orasida eng ko‘p uchraydigan va klinik jihatdan og‘ir asoratlardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillardagi ilmiy tadqiqotlar ushbu holatning shakllanishida bir vaqtning o‘zida bir nechta o‘zaro bog‘liq etiologik va patogenetik omillar ishtirok etishini ko‘rsatmoqda [1, 2, 8, 12].

Zamonaviy adabiyotlarda xoledoxolitiaz etiologiyasi, konkrementlarning kelib chiqishiga qarab, birlamchi va ikklamchi turlarga ajratiladi. Birlamchi xoledoxolitiaz umumiy o‘t yo‘lida konkrementlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu holat safro stazi, infeksion omillar va biliar epiteliyning funksional o‘zgarishlari natijasida yuzaga keladi [13, 14]. Ikklamchi xoledoxolitiaz esa klinik amaliyotda eng ko‘p uchraydigan shakl bo‘lib, o‘t qopida hosil bo‘lgan toshlarning xoledoxga migratsiyasi bilan izohlanadi.

So‘nggi yillarda laparoskopik xoletsistektomiyadan keyingi yatrogen omillarga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Thomas A.S. va hammualliflar (2023) o‘t yo‘lini mexanik klipsalar bilan yopish holatlarida konkrementlarning migratsiyasi va rezidual xoledoxolitiaz xavfi oshishini ko‘rsatgan [15, 16]. Feng X.C. va hammualliflar (2021) esa postxoletsistektomik davrda xoledoxolitiaz ko‘pincha operatsiya vaqtida aniqlanmagan yoki keyinchalik migratsiya qilgan toshlar bilan bog‘liq ekanligini ta’kidlaydilar [17].

AQSH klinik tadqiqotlarida laparoskopik xoletsistektomiya keng joriy etilganiga qaramasdan, xoledoxolitiaz va unga bog‘liq mexanik sarig‘likning ahamiyati kamaymagani qayd etilgan [12, 13]. Mualliflar buni aholining qarishi, semizlik va metabolik sindrom tarqalishi bilan bog‘laydilar.

Shu bois, bir qator mahalliy olimlar fikricha, mexanik sarig‘lik sababini o‘z vaqtida aniqlay olmaslik amaliyotda kech murojaat, diagnostik xatolar va bemorlarning og‘ir holatda statsionarga tushishi bilan namoyon bo‘ladi. Xodjimatov G.M. va Foziljonov O.SH. fikricha (klinik kuzatuvlar, 2016–2020 yy), xoledoxolitiaz magistral o‘t yo‘llarining obturatsiyasi orqali mexanik sarig‘lik, o‘tkir xolangit va o‘tkir pankreatit kabi og‘ir klinik asoratlarga olib kelishi mumkin. Mualliflar klinik amaliyotda bunday asoratlar, ayniqsa uzoq anamnezga ega va kech murojaat qilgan bemorlarda ko‘proq kuzatilishini ta’kidlaydilar [9, 13].

Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘likda zamonaviy diagnostika usullari. Xoledoxolitiaz fonidagi mexanik sarig‘lik (MS) klinik amaliyotda tezkor qaror qabul qilishni talab qiladigan holatlar qatoriga kiradi. Xalqaro qo‘llanmalar va klinik seriyalar tahlili shuni ko‘rsatadiki, tashxisning kechikishi biliar gipertenziyaning kuchayishi, infeksion asoratlar (o‘tkir xolangit), biliar pankreatit hamda jigar funksiyasi dekompensatsiyasi xavfini oshiradi [21]. Shu bois diagnostika jarayonini “klinik shubha - ehtimolni (risk) baholash - tasdiqlovchi vizualizatsiya - biliar dekompressiya/sanatsiya” ketma-ketligida tashkil etish zamonaviy yondashuv sifatida qabul qilingan [22].

Klinik bosqichda eng muhim vazifa - “xoledoxolitiaz ehtimoli”ni laborator-instrumental dalillar bilan integratsiya qilgan holda baholashdir. ASGE (2019) qo‘llanmasiga muvofiq, bemorlarni past-o‘rta-yuqori xavf guruhlariga ajratish ERCPni “diagnostik test” sifatida ortiqcha qo‘llashni cheklab, yuqori xavfda ERCPni terapevtik platforma sifatida qo‘llashga, o‘rta xavfda esa MRCP/EUS bilan tasdiqlashga yo‘naltiradi [7, 11, 19]. Ushbu yondashuvning amaliyotdagi samaradorligi haqidagi tadqiqotlar 2019 yil qayta ko‘rib chiqilgan mezonlar diagnostik ERCPlar ulushini kamaytirishini ham ko‘rsatgan [11, 13].

Laborator ko‘rsatkichlar mexanik xolestaz sindromini tasdiqlashda muhim diagnostik ahamiyatga ega bo‘lsa-da, ular biliar obstruksiyaning aniq etiologik sababini - xoledoxolitiaz, chandiqli striktura yoki o‘smali jarayonni - to‘liq identifikatsiya qilish imkonini bermaydi. Qator mualliflar ta’kidlashicha, laborator diagnostika, avvalo, xolestazning mavjudligi va og‘irlik darajasini baholashga xizmat qiladi hamda keyingi instrumental tekshiruvlarga yo‘naltiruvchi ahamiyat kasb etadi [13, 17, 21].

ESGE va Rossiya konsensus hujjatlariga muvofiq, shubhali xoledoxolitiaz holatlarida dastlabki diagnostik bosqich sifatida jigar funksional testlari bilan bir qatorda abdominal ultratovush tekshiruvini qo‘llash tavsiya etiladi; ushbu kombinatsiya xoledoxolitiaz ehtimolini dastlabki stratifikatsiya qilishda hal qiluvchi ahamiyatga ega [5, 9, 11]. UTTning afzalliklari sifatida uning tezkorligi, xavfsizligi va keng qo‘llanilishi ko‘rsatilsada, qator mualliflar semizlik, ichak gazlari, distal xoledox sohasini vizualizatsiya qilishdagi qiyinchiliklar, shuningdek kichik toshlar va mikrolitiazda sezgirlikning pasayishini muhim cheklovlar sifatida ta’kidlaydilar [12, 22].

Kompyuter tomografiya xoledoxolitiaz uchun universal diagnostik usul hisoblanmaydi, biroq u obstruktiv sarig‘likda differensial diagnostikada, ayniqsa pankreas boshi o‘smalari, biliar konflyuens stenozlari va asoratlarni aniqlashda muhim qo‘shimcha imkoniyat yaratadi [8, 11, 15].

MRCP mexanik sarig‘likda biliar obstruksiya sababi va darajasini noinvaziv baholashda yuqori tashxisiy qiymatga ega ekani qator Yevropa va SNG tadqiqotlarida tasdiqlangan [14, 15, 18]. Biroq mikrolitiaz (1–2 mm), peripapillyar artefaktlar va texnik omillar MRCPning cheklovlari sifatida qayd etilib, klinik-laborator shubha yuqori bo‘lgan hollarda endosonografiya yoki ERCP bilan yakunlash taktikasi saqlanishi lozimligi ta’kidlanadi [12, 14].

Endosonografiya (EUS) xoledoxolitiazni, ayniqsa mikrolitiazni aniqlashda yuqori sezgirlikka ega ekani xalqaro meta-tahlillar va Rossiya klinik tadqiqotlarida ishonchli tasdiqlangan [10, 13]. Shu bois ESGE va ASGE algoritmlarida EUS MRCPga teng huquqli alternativ sifatida, ayniqsa o‘rta xavf guruhida tasdiqlovchi test sifatida tavsiya etiladi.

Zamonaviy qo‘llanmalar ERCPni endilikda “diagnostik oltin standart” sifatida emas, balki tasdiqlangan yoki yuqori ehtimolli xoledoxolitiazda diagnostik-davolovchi platforma sifatida qo‘llashni ustuvor deb hisoblaydi [14, 19]. ERCP bilan bog‘liq postmanipulyatsion asoratlar xavfi bu yondashuvning asosiy dalili hisoblanadi [10, 17].

Xoledoxolitiaz fonidagi mexanik sarig‘likda (MS) diagnostika “klinik shubha - xavfni stratifikatsiya qilish - tasdiqlovchi vizualizatsiya -dekompressiya/sanatsiya” zanjirida bosqichma-bosqich tashkil etilsa, ortiqcha invaziv muolajalar (ayniqsa diagnostik ERXPG/ERCP) kamayadi va asoratlar xavfi pasayadi. Qator xalqaro qo‘llanmalarda jigar funksional testlari (biokimyo) va abdominal UZI birinchi qator skrining sifatida qabul qilinib, o‘rta xavf guruhida MRCP yoki EUS bilan tasdiqlash, yuqori ehtimolda esa ERCPni asosan “tasdiq + davo” platformasi sifatida qo‘llash taktikasi ustuvorligi ta’kidlanadi [15, 19, 22]. Shu bilan birga, EUS mikrolitiaz va distal xoledox sohasida sezgirroq bo‘lishi mumkin, MRCP esa noinvazivligi va keng qo‘llanishi bilan qulay; perkutan transgepatik usullar esa endoskopik kirish imkoni cheklangan yoki septik xolangit/og‘ir biliar gipertenziya sharoitida “qutqaruvchi” dekompressiya varianti sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘likni davolash usullarini tanlash muammosining yechilmagan tamoyillari. Xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘lik (MS)ni davolashda oxirgi o‘n yilliklarda endoskopik (ERCP/EUS), laparoskopik (laparoskopik xoledoxotomiya/LCBDE), perkutan (PTBD/CHCHXG) hamda xolangioskopiya-nazoratli litotripsiya kabi texnologiyalar jadal rivojlanganiga qaramasdan, optimal taktikani tanlash masalasi hanuz to‘liq hal etilgan deb baholanmaydi [2, 7, 13, 16, 22]. Qator xalqaro tavsiyalar davolashni xavf stratifikatsiyasi va “tasdiqlangan tosh - davolovchi dekompressiya/ekstraksiya” tamoyiliga asoslab, ERCPni ko‘proq “tasdiq + davo” platformasi sifatida cheklashga chaqirsada [4, 8, 9, 11], Yevropa ekspertlari amaliyotda markaz imkoniyatlari, operator tajribasi va biliar anatomiya turlichaligi tufayli yagona “universal” marshrut shakllanmasligini ta’kidlaydilar [14, 17, 21]. Yaponiya maktabi (Tokyo Guidelines) esa xolangit og‘irlik darajasiga qarab dekompressiyaning muddati va usulini tanlashda klinik vaziyatni birinchi o‘ringa qo‘yib, “erta drenaj”ning ayrim toifalarda hal qiluvchi ahamiyatini ko‘rsatadi [15, 18, 21, 22].

Turli maktablar (AQSH–ASGE, Yevropa–ESGE, Yaponiya–TG18, Britaniya–BSG) va mintaqaviy tajriba (Rossiya/Markaziy Osiyo) bir nuqtada uyg‘unlashadi: klinik yo‘riqnomalar umumiy yo‘nalishni belgilaydi, ammo “kimga-qachon-qaysi usul” degan qarorni bir xil qoidalar bilan barchaga tatbiq etish hozircha qiyin; bu esa yechilmagan tamoyillarni (bosqichlilik, dekompressiya usuli, qiyin toshlarda strategiya, komorbid fon va resurs faktori) alohida tahlil qilishni talab qiladi [11, 14, 17, 19, 22].

Davolash taktikasini belgilashda eng bahsli masalalardan biri hanuzgacha bir bosqichli (endoskopik biliar dekompressiya va tosh ekstraksiyasi bilan bir vaqtda xoletsistektomiyani bajarish) yoki ikki bosqichli (avval biliar dekompressiya, keyin kechiktirilgan xoletsistektomiya) yondashuvni tanlash bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Qator meta-tahlillar va prospektiv kuzatuvlarda bir bosqichli taktika statsionarda yotish muddatini qisqartirishi, qayta gospitalizatsiya ehtimolini kamaytirishi va umumiy iqtisodiy yukni pasaytirishi qayd etilgan [12, 18, 19]. Shu bilan birga, Yevropa va Avstraliya markazlarida o‘tkazilgan tadqiqotlarda mazkur yondashuv faqat klinik jihatdan barqaror, xolangit belgilari yo‘q yoki yengil kechayotgan bemorlarda maqbul ekani ta’kidlanadi [13, 14].

Bundan tashqari, AQSH va Buyuk Britaniya qo‘llanmalarida taktik qaror qabul qilishda faqat klinik belgilar emas, balki markazning endoskopik va laparoskopik imkoniyatlari, mutaxassislar tajribasi ham hal qiluvchi omil sifatida ko‘riladi. Ayrim ishlarida ERCPdan keyin kechiktirilgan xoletsistektomiyaning kechikishi qayta biliar asoratlar xavfini oshirishi mumkinligi ta’kidlansa-da, ushbu xavf barcha klinik ssenariylar uchun bir xil emasligi ko‘rsatilgan [20, 21].

ERCP hozirgi kunda xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘likda samarali diagnostik-davolovchi platforma sifatida keng qo‘llanilsada, uni qachon, qay darajada va qay toifadagi bemorlarda bajarish masalalari bo‘yicha yagona qarash hanuz shakllanmagan. Qator xalqaro qo‘llanmalar ERCPni faqat klinik-laborator va instrumental mezonlar asosida xoledoxolitiaz ehtimoli yuqori deb baholangan yoki tasdiqlangan holatlarda qo‘llashni maqbul deb hisoblaydi [11, 18, 22]. Shu bilan birga, klinik amaliyotiga bag‘ishlangan kuzatuvlarda ERCPni diagnostik maqsadda ortiqcha qo‘llash invaziv asoratlar xavfini oshirishi mumkinligi ta’kidlangan [1, 4, 18].

Osiyo-Tinch okean mintaqasida o‘tkazilgan tadqiqotlarda ERCPni qo‘llashda klinik ssenariylarga yo‘naltirilgan yondashuv ustuvor hisoblanadi. Xususan, Janubiy Koreya va Xitoy mualliflari og‘ir xolangit belgilarisiz kechuvchi holatlarda ERCPni tasdiqlovchi MRCP yoki EUSdan keyin bajarish asoratlar xavfini kamaytirishini ko‘rsatadilar [11, 19]. Yaponiya maktabida esa ERCP birinchi navbatda terapevtik maqsadda qo‘llanib, diagnostika bosqichi imkoni boricha noinvaziv usullar bilan yakunlanishi lozimligi ta’kidlanadi [13, 16, 22].

Shu tariqa, zamonaviy adabiyotlar tahlili ERCPni xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘likda qo‘llash masalasida yagona universal algoritm mavjud emasligini ko‘rsatadi. Mualliflar o‘rtasidagi umumiy nuqta shundaki, ERCPni qo‘llash qarorini qabul qilishda bemorning klinik holati, asoratlar xavfi, alternativ vizualizatsiya imkoniyatlari hamda markazning texnik va kadrlar salohiyatini kompleks baholash zarur, bu esa mazkur masalani davolash taktikasida hanuz yechilmagan prinsiplar qatorida qoldiradi [9, 13, 15].

AQSH va Kanada markazlarida o‘tkazilgan kuzatuv tadqiqotlarida biliar dekompressiya usulini tanlashda klinik holatning og‘irligi, xolangit darajasi (Tokyo Guidelines bo‘yicha), hamda muassasaning endoskopik va intervension radiologiya imkoniyatlari hal qiluvchi omil ekani ko‘rsatilgan [11, 18, 21]. Mualliflar fikricha, endoskopik va perkutan usullar o‘rtasidagi raqobatdan ko‘ra, ularni klinik ssenariyga mos ravishda komplementar texnologiyalar sifatida qo‘llash maqsadga muvofiqdir.

Osiyo mamlakatlarida, jumladan Yaponiya va Janubiy Koreyada, endoskopik biliar drenaj ustuvor usul sifatida qabul qilingan bo‘lsa-da, og‘ir xolangit va biliar obstruksiyaning yuqori darajali holatlarida perkutan dekompressiya “qutqaruvchi” strategiya sifatida qo‘llanilishi haqida ma’lumotlar keltirilgan [3, 4, 17, 21].

Qator mualliflar fikricha, miniinvaziv yondashuvlar mexanik sarig‘likni davolashda an’anaviy ochiq jarrohlikka nisbatan fiziologik jihatdan kamroq shikastlovchi hisoblanadi [17, 21].

Endoskopik retrograd xolangiopankreatografiya (ERCP) xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘likda eng ko‘p qo‘llanilayotgan miniinvaziv texnologiyalardan biri hisoblanadi. Endoskopik papillosfinkterotomiya, tosh ekstraksiyasi, biliar stentlash va nazobiliar drenaj usullari mexanik obstruksiyani qisqa muddatda bartaraf etish imkonini beradi. Yevropa va Amerika klinik seriyalarida

ERCP orqali biliar dekompressiyaga erishish xolangit va biliar gipertenziyani bartaraf etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani ko‘rsatilgan [5, 11, 13].

Rossiya va Markaziy Osiyo mualliflari endoskopik usullar ayniqsa kech murojaat qilgan bemorlarda birinchi bosqichda samarali ekanini ta’kidlab, biroq toshlar o‘lchami va impaktatsiya darajasi samaradorlikni cheklashi mumkinligini qayd etadilar [6, 11, 19].

Laparoskopik xoletsistektomiya bilan bir vaqtda umumiy o‘t yo‘lini (holedoh) laparoskopik reviziya qilish (LCBDE) xoledoxolitiazni bartaraf etishning samarali miniinvaziv usuli sifatida ko‘rilmoqda. Qator tadqiqotlarda ushbu yondashuv bir bosqichli davolash imkonini berib, ERCPga bo‘lgan ehtiyojni kamaytirishi qayd etilgan [4, 7, 16].

Rossiya va Qozog‘iston mualliflari laparoskopik xoledoxotomiya endoskopik kirish texnik jihatdan qiyin bo‘lgan holatlarda samarali alternativa ekanini ta’kidlaydilar [5, 9, 16]. Biroq laparoskopik usullar yuqori texnik tayyorgarlik va maxsus uskunani talab qilishi ham qayd etilgan.

Miniinvaziv texnologiyalarning samaradorligi biliar dekompressiyaga erishish darajasi, asoratlar chastotasi, statsionarda yotish muddati, qayta aralashuvlar ehtiyoji va uzoq muddatli klinik natijalar orqali baholanadi. Qator tadqiqotlarda to‘g‘ri tanlangan miniinvaziv taktika asoratlar chastotasini sezilarli kamaytirishi va reabilitatsiya muddatini qisqartirishi ko‘rsatilgan [9, 11, 19].

O‘zbekiston mualliflari miniinvaziv usullar samaradorligi bemorlarni to‘g‘ri saralash va klinik holatni kompleks baholash bilan bevosita bog‘liq ekanini qayd etganlar [7, 15].

Xulosa. Tahlil qilingan adabiyotlar xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sariqlikda tashxis va davolashni individuallashtirish zarurligini ko‘rsatdi. Mexanik sarig‘lik (MS) hozirgi kunda abdominal jarrohlikning eng og‘ir, xavfli va ko‘p hollarda kech tashxislanadigan patologiyalaridan biri sifatida o‘z dolzarbligini saqlab kelmoqda. Adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, so‘nggi yillarda diagnostika va davolash sohasida sezilarli ilgarilashlarga - zamonaviy vizualizatsiya usullari (UZI, KT, MRCP), endoskopik texnologiyalar (ERCP, EUS), laparoskopik aralashuvlar, antibakterial va qo‘llab-quvvatlovchi terapiya imkoniyatlarining kengayishiga qaramasdan, mexanik sarig‘likni davolashda yagona, barcha klinik holatlar uchun mos bo‘lgan standart taktika haligacha to‘liq shakllanmagan.

Yig‘ilgan adabiy ma’lumotlardan kelib chiqib xulosa qilish mumkinki, xoledoxolitiaz bilan bog‘liq mexanik sarig‘likda davolash taktikasini optimal tanlash mezonlarining yetarli darajada standartlashmaganligi, bemorga xos omillarni integratsiya qiluvchi aniq prognostik algoritmlarning kamligi va uzoq muddatli natijalarga bag‘ishlangan prospektiv tadqiqotlar sonining cheklanganligi ushbu muammoning hanuz ochiq qolishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat mexanik sarig‘likda diagnostika va davolash algoritmlarini takomillashtirish, individuallashtirilgan taktik yondashuvlarni ishlab chiqish va mahalliy hamda xalqaro klinik tajribani uyg‘unlashtirish zaruratini belgilaydi.

ADABIYOTLAR:

  • 1.    Delgado L. M. et al. Laparoscopic Common Bile Duct Exploration for Choledocholithiasis in the Elderly: A Systematic Review and Meta-Analysis //Journal of Laparoendoscopic & Advanced Surgical Techniques. – 2025. – Т. 35. – №. 4. – С. 318-328.

  • 2.    OG M. D. V. M. D. et al. A Comparative study on laparoscopic common bile duct exploration versus endoscopic retrograde cholangiopancreatography in the management of choledocholithiasis //Asian Journal of Medical Research and Health Sciences. – 2026. – Т. 4. – №. 01. – С. 352-357.

  • 3.    Bejaoui I. et al. Is laparoscopic common bile duct exploration safe in patients with acute cholangitis caused by common bile duct stones? Results of a systematic review //Journal of Laparoendoscopic & Advanced Surgical Techniques. – 2025. – Т. 35. – №. 1. – С. 55-64.

  • 4.    Ye H. et al. Clinical safety study of laparoscopic common bile duct exploration and primary suture in elderly patients: a new strategy for the treatment of stones //BMC surgery. – 2025. – Т. 25. – №. 1. – С. 401.

  • 5.    Zhou S. et al. Laparoscopic common bile duct exploration with primary suture: A preliminary exploration of safety, efficacy, and quality of life—A retrospective analysis //Current Problems in Surgery. – 2025. – Т. 69. – С. 101806.

  • 6.    Wang X., Li Z. Management of common bile duct stones: a comprehensive review //Frontiers in Surgery. – 2025. – Т. 12. – С. 1658784.

  • 7.    Domingo-Del Pozo C. et al. Short-term outcomes of laparoscopic common bile duct exploration for choledocholithiasis in elderly patients: A comparative single-centre study //Cirugía Española (English Edition). – 2025. – Т. 103. – №. 5. – С. 279-286.

  • 8.    Xu S. et al. The effect of laparoscopic cholecystectomy combined with laparoscopic transcystic common bile duct exploration in treatment of cholecystolithiasis combined with choledocholithiasis //Updates in Surgery. – 2025. – Т. 77. – №. 2. – С. 493-499.

  • 9.    Wang X. et al. Endoscopic retrograde cholangiopancreatography for the treatment of common bile duct dilatation with choledocholithiasis in children: a single-center retrospective cohort study of 58 cases //BMC pediatrics. – 2025. – Т. 25. – №. 1. – С. 535.

  • 10.    Zhu D. S. et al. Textbook outcome and associated risk factors in laparoscopic transcystic common bile duct exploration //World Journal of Gastroenterology. – 2025. – Т. 31. – №. 31. – С. 109994.

  • 11.    Li H., Duan X., Wu Z. Efficacy and safety of primary suture following laparoscopic common bile duct exploration in the treatment of elderly patients with cholecystolithiasis complicated by choledocholithiasis //Frontiers in Surgery. – 2025. – Т. 12. – С. 1683506.

  • 12.    Baksi A. et al. Laparoscopic Common Bile Duct Exploration //Recent Concepts in Minimal Access Surgery: Volume 2. – Singapore : Springer Nature Singapore, 2025. – С. 227-256.

  • 13.    Nassar A. H. M. et al. Recurrent choledocholithiasis after laparoscopic bile duct exploration: incidence, risk factors, and management strategies //Surgical Endoscopy. – 2026. – С. 1-8.

  • 14.    Hua X. et al. Comparison of the efficacy of laparoscopic primary closure of the common bile duct and T-tube drainage in the treatment of choledocholithiasis in elderly patients //BMC geriatrics. – 2025. – Т. 25. – №. 1. – С. 549.

  • 15.    La P. V. et al. Primary closure compared with T-tube drainage following laparoscopic common bile duct exploration among elderly patients with hepatolithiasis and/or choledocholithiasis: a comparative study using a propensity score matching //HPB. – 2025. – Т. 27. – №. 2. – С. 232-239.

  • 16.    Teng D., Xu Y. Textbook outcomes in the laparoscopic common bile duct exploration of choledocholithiasis: a new comprehensive quality evaluation criterion //Frontiers in Surgery. – 2025. – Т. 12. – С. 1623559.

  • 17.    Kurra P., Teeparthy S. Emerging Techniques in Management of Biliary Tract //Biliary Tract-: Disease, Treatment, and Quality of Life. Aug. – 2025. – Т. 20. – С. 63.

  • 18.    Ots H., Tsai A. Y. Techniques of common bile duct exploration in pediatric surgery //Seminars in pediatric surgery. – WB Saunders, 2025. – Т. 34. – С. 151499.

  • 19.    Zaytsev D. V. i dr. Xirurgicheskoye lecheniye kalkulyoznogo xronicheskogo pankreatita, oslojnyonnogo kistoy golovki podjeludochnoy jelezi //Biologiya i integrativnaya meditsina. – 2026. – №. 2 (80). – S. 41-48.

  • 20.    Styajkina S. N. i dr. Cluchay oslojnennoy yazvennoy bolezni dvenadsatiperstnoy kishki, soprovojdayushiysya perforatsiyey, penetratsiyey, krovotecheniyem s obshirnim infiltratom gepatikoxoledoxa i razvitiyem pankreonekroza //Eksperimentalnaya i klinicheskaya gastroenterologiya. – 2025. – №. 2 (234). – S. 250-254.

  • 21.    Zaytsev D. V. i dr. Klinicheskiy sluchay xirurgicheskogo lecheniya xronicheskogo kalkulyoznogo pankreatita, oslojnyonnogo abssessom golovki pojeludochnoy jelezi //Biologiya i integrativnaya meditsina. - 2025. - №. 6 (78). - S. 52-62.

  • 22.    Styajkina S. N. i dr. Slojnost diagnoza mexanicheskoy jeltuxi v usloviyax mnogoprofilnogo statsionara (Klinicheskiy sluchay) //Tavricheskiy mediko-biologicheskiy vestnik. - 2025. - T. 28. -№. 1. - S. 57-61.

RHJ 1-2026