Alber Kamyu va Xurshid Do'stmuhammad sharq va g’arb mushtarakligi
Автор: Sulaymonova N.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 4-1 (83), 2021 года.
Бесплатный доступ
Xurshid Do’stmuhammadning “Donishmand Sizif” romanida majoziy obrazlar zamiriga juda katta ma’no yuklatiladi. Noan’anaviy yo‘nalishida yaratilgan, badiiy va falsafiy tafakkur uyg‘unligi mujassamlashgan X.Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” romani adabiyotimizga yangi uslubiy janr o‘zgarishlarini olib kirdi. Shu ma’noda, adib ijodidagi badiiy-psixologik tahlilning nozik bir jihatni qayd etish joiz. Xususan, keyingi paytda X.Do‘stmuhammad ijodiy izlanishlari insonning pinhon dunyosi-xayollari, fantaziyasini aks ettirishi bilan o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Bunda birinchidan, olamni, odamni badiiy idrok va ifoda etishda bashariy qadriyatlar nuqtai nazaridan yondashish ustivor tamoyilga aylandi. Badiiy asarlarda hayot manzaralarini, jamiyat psixologiyasini shaxs erki, vijdon erkinligi kabi masalalarning ahamiyatini tushuntirish sari yuz burdi. Ikkinchidan, falsafiy psixologizm-ramzlar, timsollar asosiga qurilgan badiiy tafakkur mohiyatan realistik tasvir prinsiplarini boyituvchi hamda kengaytiruvchi ijodiy uslubiy yo‘nalish sifatida yorqin tajassum topib bormoqda. Ushbu hodisada psixologik tahlil fikrchan kechinmalar holatlarini, kayfiyatlar silsilasini yaratish hisobiga yangi sifat o‘zgarishlar voqe bo‘layotir.
Modernizm, modern adabiyot, absurd, badiiy-psixologik tahlil, mifologiya, ramziy obraz, simvolizm, neorealizm, esse, roman
Короткий адрес: https://sciup.org/140260694
IDR: 140260694
Текст научной статьи Alber Kamyu va Xurshid Do'stmuhammad sharq va g’arb mushtarakligi
Kirish. Milliy istiqlol davri o‘zbek romanchiligimizda ravnaq topayotgan an’anaviy romanlar qatorida noan’anaviy romanlar ham taraqqiyot sari yuzlangan ekan, yozuvchilarimiz yillar davomida tazyiq ostida yashagan ong ozod bo‘lishi, o‘z individual uslublariga ega bo’lish bilan birga har bir asar ham individual bo‘lishini anglab yetdilar. Tub islohotlar ta’sirida anglanayotgan zamonda yangicha tafakkur hosilasi o‘laroq yangi asar yaratilishi tabiiydir. Negaki, har bir davr o‘z talab va ehtiyojiga ko‘ra jamiyatda badiiy-estetik tafakkurni shakllantiradi. Xuddi shu o‘rinda X.Dustmuhammad asarlari ham yangi shakllanib kelayotgan badiiy san’at tafakkuri asosida badiiy talqin etilgan jamiyat badiiy-estetik tafakkuri in’ikosidir. Tahlillardan ma’lum bo‘ladiki, o‘zbek adiblari G‘arb so‘z san’atining ilg‘or tajriba va tamoyillarini faol o‘zlashtirib, yangi o‘zbek romanchiligi poetikasiga dadil olib kirmoqdalar. Shu bilan birga, milliy zamindan uzilmagan holda mazkur yangiliklarni an’analar bilan o‘zaro omuxta qilmoqdalar. Hozirgi zamon o‘zbek modern romanchiligining o‘ziga xos xususiyati xuddi shunda ko‘rinadi.
Maqsad va vazifa: Albatta, modernizm adabiyotini, absurd san’atini boshqa barcha oqimlar kabi qabul qilish yoki qilmaslik har kimning o‘ziga bog‘liq. Ammo oldindan tayyor qoliplar ko‘magida “bu asar mana bunday ruhda yozilgan”, “mana bu yo‘nalishga oid”, “o‘zbek adabiyotiga xos emas yoki bu bizga tegishli” kabi xulosalarni oldindan aytib bo‘lmaydi. Ayrim manbalarda absurd adabiyotiga qiziqish, havas o‘z aksini topgan bo‘lsa, ayrimlarida u ekzistensializm falsafasiga qo‘shib butkul rad etiladi. Yaxlit xulosaga kelishning eng yaxshi yo‘li esa tahlil va tavsif usulidir. Ayniqsa qiyosiy jihatdan tahlil qilish asar mazmuni va mavzusini yorqinroq tushunishga yordam beradi.
Usullar: Maqolada qiyosiy-tipologik, germenevtik, sotsiologik, struktural, psixologik tahlil usullaridan foydalanildi.
Adiblarimiz kechagi kundan farq qilib, dunyoni, voqelikni bir xil rangda emas, balki boricha: turfa-turfa ko‘rayotirlar va o‘z ijodiy kredosidan kelib chiqib aks ettirayotirlarki, natijada o‘zbek nasri hozirdanoq har jihatdan xilma xil ko‘rinishga ega bo‘lib borayapti. Zamonaviy nasriy asarlar orasida tomomila an’anaviy yo‘llarda (realizm) yozilganlari ham, teran ramziy tafakkur mahsuli (simvolizm) sifatida taqdim etilganlari ham, yangilanayotgan badiiy tafakkur mevasi (modernizm, postmodernizm, neorealizm) o‘laroq sunilganlari ham mavjud. Ayni shu xusus nafaqat bugungi o‘zbek nasrining, balki, umuman Istiqlol davri o‘zbek adabiyotining asosiy xarakterli xususiyati bo‘lishi bilan birga, uning ulkan yutug‘i va imkoniyati sifatida ham baholanishga munosib. X.Do‘stmuhammad Alber Kamyuning g‘oyaviy niyatlarini Sizif obrazi orqali yanada kengaytiradi, uning xarakteriga yangicha fazilatlarni qo‘shadi, boyitadi, badiiy jihatdan ko‘rsatib beradi. Natijada absurd ta’limoti ma’nisizlik targ‘ibotchisi emas, aksincha, hayotni ma’no va mazmun bilan boyitish insonning o‘ziga bog‘liq ekanligini, buning uchun u umid bilan yashashi, fikr qilishi lozimligini bilib olish mumkin. Kamyuning “Sizif haqida afsona” essesi bilan “Donishmand Sizif” romanini taqqoslab o‘qish absurd mavzusining mohiyatini chuqurroq anglab yetishga imkoniyat yaratadi. Muallifning o‘zi ham Sizif xarakterining shakllanishini, donishmandlik darajasiga ko‘tarilish jarayonini tasvirlashda Kamyuning falsafiy qarashlariga asoslanganligi voqealar davomida aniq seziladi. Absurd qahramon ma’nisiz hayotni mazmun bilan boyitish uchun qat’iy iroda va yuksak aql-farosat bilan ish tutishi lozim. Shu ma’noda yozuvchi o‘z Sizifini g‘oyat irodali inson qiyofasida aks ettiradi: “Sizif uchun o‘z irodasidan bo‘lak madadkor, xaloskor yo‘q edi”. Iroda esa insonda sabr-toqat, bardosh tufayli shakllanadi. Agar Sizifdan “kimdir isming nima deb so‘rasa, hech ikkilanmay, ismim matonat yoki ismim bardosh” deb javob bergan bo‘lardi. Ana shu irodasi, sabr-bardoshi tufayli u ishga astoydil kirishadi va g‘olib chiqadi. Tabiatidagi bu fazilat Sizifni o‘zbek o‘quvchisiga yanada yaqinlashtiradi. “Donishmand Sizif”da bu dunyo o‘tkinchi, unda shaxsiy manfaatlar quliga aylanmaslik, aksincha, oldingga aniq maqsadni qo‘yib, kuchli iroda bilan yashasang, albatta murodingga yetasan, degan yuksak falsafiy g‘oya ilgari suriladi. Shu jihatdan bu asarni tom ma’nodagi falsafiy-intellektual roman deb atash mumkin. U o‘quvchini jiddiy mushohada va mulohazaga undaydi. Sizif timsolida yozuvchi “Odam yengilmadi, tosh yengildi, toshga qo‘shib tog‘ yengildi, cho‘qqi yengildi, ma’budlarning ma’budi yengildi” degan muhim g‘oyani ilgari suradi. Sizif chindan ham mashaqqatli mehnati tufayli g‘alaba qozonadi. Uning bu g‘oliblik g‘ururidan o‘quvchi “Mehnat mashaqqatidan odam o‘lib qolmasligiga amin bo‘ladi. Mehnat qilgan yashaydi. Baxt -mehnatsevarniki, mehnat mashaqqatlaridan qo‘rqmaganniki” ekanligiga ishonadi. Xurshid Do‘stmuhammad Alber Kamyuning falsafasini Sharq tafakkuri, islom falsafasi va tasavvuf bilan boyitibgina qolmay, bir vaqtning o‘zida G‘arb va Sharq qorishiq epik tafakkurini Sizif misolida dunyoga ko‘rsata bila oladi. Biz har-xil maqomga solib, tortishib, chalkashtirib yurgan absurd tushunchasi mohiyatini Kamyu va Xurshid Do‘stmuhammad Sizif haqidagi qadimgi mif misolida sodda va lo‘nda qilib ochib berganlar.
Xulosa . Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, ushbu maqola davomida modernistik oqim va yo‘nalishlarning qirralari Alber Kamyuning “Sizif haqida asotir” hamda o‘zbek adabiyotida Xurshid Do‘stmuhammadning “Donishmand Sizif” asarlari timsolida, tahlil jarayonida ochib berishga harakat qilindi. Ko‘rinadiki, X.Do‘stmuhammad ijodiy izlanishlarida shaxs qalbidagi, ongi-shuuridagi o‘zgarishlarni ochishga qaratilgan badiiy idrok yetakchilik qilayotir. Zero, hozirgi davr asarlaridagi shaxs badiiy talqinida dunyodagi qotib qolgan tushuncha va aqidalarni o‘zgartiruvchi insonning aql zakovatiga, kuch-qudratiga, ijodiy imkoniyatlariga ishonch tuyg‘usi kuchlidir. Bu adiblarimizning insonni va voqelik jarayonlarini ko‘rish hamda ko‘rsatishdagi ijodiy individualligi hamda estetik prinsiplarining o‘ziga xosligini dalillash bilan birga romanchiligimizda tajassum topayotgan shaxs ma’naviy-intellektual dunyosining qirralari, tuyg‘ulari nihoyatda sermiqyosaligidan, teranligidan dalolat beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar: Links:
-
1. A. Qosimov, S. Xo‘jayev. XX asr g‘arb adabiyoti. – Toshkent: 2011.
-
2. Dilmurod Xoldorov. Ijod mohiyati – uslub xosiyati. –T.: Turon zamin diyor, 2017. -160 b.
-
3. Fayzulla Boynazarov. Jahon adabiyoti / oliy o‘quv yutlari uchun. -Toshkent.: 2006. – 126 b.
-
4. Jo‘raqulov U. Hududsiz jilva. –T.: Yangi asr avlodi, 2006.
-
5. Jo‘raqulov U. Mif va ijodiy jarayon. –T: 2005.
-
6. Muhayyo Yo‘ldosheva. Yangilanishlar manguligi. /Adabiy tadqiqotlar. – Toshkent.: ADIB nashriyoti, 2011.
-
7. Muhammadjon Xolbekov . XX asr modern adabiyoti manzaralari. - T: 2014.
-
8. Nazar Eshonqul. “Mendan “Men”gacha”. – Toshkent.: Akademnashr, 2014.
-
9. Албер Камю. Миф о Сизифе. 1942 г.
-
10. Alber Kamyu. Begona: qissa va roman. / Ahmad A’zam tarjimasi. – T.:Yozuvchi, 1995.
-
11. X.Do‘smuhammad. Donishmand Sizif. – Toshkent.: O‘zbekiston, 2016.
"Экономика и социум" №4(83) 2021
Список литературы Alber Kamyu va Xurshid Do'stmuhammad sharq va g’arb mushtarakligi
- A. Qosimov, S. Xo‘jayev. XX asr g‘arb adabiyoti. – Toshkent: 2011.
- Dilmurod Xoldorov. Ijod mohiyati – uslub xosiyati. –T.: Turon zamin diyor, 2017. -160 b.
- Fayzulla Boynazarov. Jahon adabiyoti / oliy o‘quv yutlari uchun. - Toshkent.: 2006. – 126 b.
- Jo‘raqulov U. Hududsiz jilva. –T.: Yangi asr avlodi, 2006.
- Jo‘raqulov U. Mif va ijodiy jarayon. –T: 2005.
- Muhayyo Yo‘ldosheva. Yangilanishlar manguligi. /Adabiy tadqiqotlar. – Toshkent.: ADIB nashriyoti, 2011.
- Muhammadjon Xolbekov . XX asr modern adabiyoti manzaralari. - T: 2014.
- Nazar Eshonqul. “Mendan “Men”gacha”. – Toshkent.: Akademnashr, 2014.
- Албер Камю. Миф о Сизифе. 1942 г.
- Alber Kamyu. Begona: qissa va roman. / Ahmad A’zam tarjimasi. –T.:Yozuvchi, 1995.
- X.Do‘smuhammad. Donishmand Sizif. – Toshkent.: O‘zbekiston, 2016.