"Farhod va shirin" dostoni Fitrat va Hamid Olimjon talqinida

Автор: Mavlonova M.U.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Современные науки и образование

Статья в выпуске: 6-1 (97), 2022 года.

Бесплатный доступ

Ushbu maqola Alisher Navoiy qalamiga mansub “Farhod va Shirin” dostonining qiyosiy tahliliga bag‘ishlanadi. Unda Fitratning “Farhod va Shirin” dostoni haqidagi ilmiy qarashlari bilan Hamid Olimjonning shu doston to‘g‘risidagi fikr-mulohazalari qiyosiy tahlil etiladi. Shu bilan birga, Xusrav va Shirin haqidagi hikoyaning ilk bor yozma adabiyotga olib kirilishi, Firdavsiy, Nizomiy va Xusrav Dehlaviylarning asarlari haqida ham mulohazalar yuritiladi. Aynan Fitrat va Hamid Olimjon e’tibor qaratgan bir jihat - Farhod obrazining asardan asarga rivojlanishi, o‘zgarishi masalalari ham qiyosiy yoritiladi.

Qiyosiy tahlil, obraz, doston, farhod, xusrav,

Короткий адрес: https://sciup.org/140300380

IDR: 140300380

Текст научной статьи "Farhod va shirin" dostoni Fitrat va Hamid Olimjon talqinida

Ma’lumki, Alisher Navoiy shaxsiyati va ijodiy merosini adabiyotshunoslik qonuniyatlari asosida tadqiq etishga XX asrning boshlaridan kirishilgan. Xususan, muazzam “Xamsa” asari o‘zbek adabiyotshunosligida dastlab Abdurauf Fitrat, Vadud Mahmud, Abdurahmon Sa’diy, Vohid Zohidov, Oybek, H.Olimjon kabi olim va ijodkorlar tomonidan ma’lum bir darajada o‘rganilgan bo‘lsa, keyinchalik Izzat Sulton, Aziz Qayumov, Abduqodir Hayitmetov, Natan Mallaev singari adabiyotshunoslar bu tadqiqotlarni davom ettirdilar va to‘ldirdirlar. Mazkur maqolada biz Fitrat va Hamid Olimjonning “Xamsa”ning ikkinchi dostoni “Farhod va Shirin” haqidagi maqolalariga to‘xtalamiz.

Fitrat Farhod va Shirin obrazlarining genezisini, adabiyotga o‘rinlashish sabablarini aniqlashga ham harakat qiladi. Shu sababli, olim shoir, dramaturg va tarjimon Xurshid 1925- yilda yaratgan “Farhod va Shirin” dostoni asosidagi opera librettosiga diqqat qaratadi. Xurshid yozishicha, “Bu asar (ya’ni “Farhod va Shirin” – M.) el og‘zida Xitoy, Arman, Eron kishilari orasida o‘tganligi so‘ylansa ham, ammo Turkistonda Xo‘jand shahri yonidagi Mirzacho‘l ustida bo‘lgan Farhod tog‘i, Shirin soyidan olg‘an taassurotimga suyalib, voqeani Turkistonda deb aytishga jasorat qilaman”.1 Shu o‘rinda Xurshid Shirinning yurtini ham “Arman otinda qishloq” bo‘lib, xalqi ham “bari o‘zbek”dir deb ataydi.

Fitratga ko‘ra, Xurshidning bu fikrlari haqiqatdan ancha uzoq. O‘zbekistonda Farhod tog‘i, Shirin soyi deb atalgan joylarning mavjudligini doston genezisiga u qadar aloqasi yo‘q, aksincha, tog‘ va soy nomlari keyin paydo bo‘lgan. Shoir Hamid Olimjonning qarashlari ham Fitratning fikrlariga hamohang: Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni ta’sirida Xo‘jand va Boysun atroflarida “Farhod tog‘i” deb atalgan tog‘, “Shirin soyi”deb atalgan soy paydo bo‘lgan.

Aslida Fitratning mazkur maqolasi yuqoridagi kabi yanglish tushunchalarga aniqlik kiritish, tarix haqiqatini to‘g‘ri yoritish va “Farhod va Shirin” dostonini tahlil qilish maqsadida yozilgan, deyish mumkin. Doston haqidagi ko‘pgina mulohazalar, tahlil va talqinlarda Hamid Olimjon Fitrat domlaga izdoshlik qilgan. Hamid Olimjon ham “Farhod va Shirin” haqidagi maqolasining boshlanishida tarix kitoblaridan ma’lumotlar keltirirgan. Sosoniy hukmdorlaridan bo‘lgan No‘shiravonning nabirasi Xusrav Parvez haqidagi ma’lumotlar buning yorqin misoli bo‘la oladi. Shuningdek, Fitrat ham, Hamid Olimjon ham, avvalo, Firdavsiy “Shohnoma”siga ta’rif berishgan. Chunki Sharq adabiyotida dastlab Xusrav Parvez va Shirin obrazi, aniqrog‘i, Xusravning ovda Shirinni ko‘rib qolishi va unga uylanishi bilan bog‘liq voqea-hodisalar “Shohnoma” muallifi tomonidan bayon etilgan edi.

Biroq Hamid Olimjon Firdavsiy “Shohnoma”sidagi Xusrav va Shirin haqidagi voqealarga u qadar ko‘p o‘rin bermaydi. Shoirning yozishicha, dostonda “Xamsa”da tasvirlangan Farhod va Shopur obrazlari uchramaydi.

Fitratning maqolasida Firdavsiy hayotiga oid ma’lumotlar batafsil yoritilgan. Olim “Shohnoma”ga alohida bir fasl – “Dostoni Xusravi Parvez va Shirin”ni kiritilganini qayd qiladi. Firdavsiyning “Shirin va Xusrav” dostoni bo‘lganini ham aytib, uning qisqacha syujetini hikoya qiladi. Biroq Firdavsiyning “Shirin va Xusrav” dostonida Farhod va Shopur haqida ma’lumot uchraymaydi. Shunisi ham borki, “Shohnoma”ga kiritilgan “Dostoni Xusravi Parvez va Shirin” nomli fasldan oldingi qismda Xusrav tomonidan Sharqiy Rumo imperatoriga yuborilgan elchilar orasida Shopur ismli kishi ham bor edi. Ya’ni, maqola muallifi yozishicha, Firdavsiy Xusrav Parvez va Shirin haqida dostonga kiritilgan voqealardan ko‘ra ko‘proq haqiqatlarni bilgan, ularning tarixidan yaxshi xabardor bo‘lgan, ammo nima uchundir hammasini “Shohnoma”ga kiritishni lozim ko‘rmagan.

Firdavsiydan so‘ng 200 yil o‘tib xamsachilik an’anasini boshlab bergan mashhur Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy Xusrav va Shirin haqidagi hikoyani badiiy tafakkur imkoniyatlaridan kelib chiqib jonlantirdi va fors tilida go‘zal bir doston yaratdi.

Fitratning maqolasidagi fikr-qarashlar Nizomiy Ganjaviyning “Xusrav va Shirin” dostoni sharhi bilan davom ettirilgan. Olimning yozishicha, Nizomiy o‘z dostoniga Xusrav va Shirindan tashqari Farhod obrazini ham kiritadi, lekin bu ikkinchi darajali obraz maqomida edi. Nizomiyning dostonidagi voqealar ham “Shohnoma”dagi singari Xusravning shahzodalik davridan boshlanadi. Muallif uning yoshligidan kayf-safoga berilishi va ko‘p noma’qul ishlar qilib, xalqqa ozor bergani haqidagi faslni kiritgan. Xusravning otasi o‘g‘lining bu ishlarini oqlamaydi. Fitrat “Xisrav va Shirin” syujetiga u qadar aloqasi bo‘lmasa-da, Nizomiy tomonidan o‘z zamonidagi podshohlarga “axloq darsi”ni berib qo‘yish uchun mazkur bobning kiritilishi muhim ahamiyatga egadir, deydi. Fitratning maqolasida ham, Hamid Olimjonda ham Nizomiy dostonida Shopur obrazining usta bir rassom, hiylagar sayyoh va Xusravning nodimi, suhbatdoshi sifatida berilgani aytilgan. Shopurning hiyla-nayrangi bilan Xusrav va Shirin bir-biriga ko‘ngil qo‘yishadi. Lekin turli sabablarga ko‘ra ular birga bo‘lolmaydi. Ana shu voqealar jarayonida dostonga Farhod obrazi kirib keladi. Nizomiyning dostonida Farhod chinlik emas, balki Shopur bilan birga Xitoyga borib o‘qigan bilimdon usta yigitdir. Xusrav Farhodni hiyla bilan o‘ldiradi. Har ikkala maqola mualliflari Nizomiy dostoni Farhodning o‘limi, Xusrav eng avval Shiringa ko‘ngil bergan bo‘lsa-da, biroq dastlab Maryamga, so‘ngra Shakar ismli qizga va eng oxirida Shiringa uylanishi, Xusravning o‘z o‘g‘li Sheruya tomonidan o‘ldirilishi, Sheruyaning Shiringa uylanmoqchi bo‘lgani va, nihoyat Shirinning o‘z joniga qasd qilishi voqealari bilan yakunlanganiga diqqat qaratishgan. Fitratning maqolasida doston voqea-hodisalariga kengroq o‘rin berilgan. Olim dostonning har bir fasli va uning asar syujetidagi o‘rniga imkon qadar alohida to‘xtaladi. Jumladan, “doston, asosan, shunda bitsa ham Nizomiy bundan islom dinining foydasig‘a bir natija chiqarmoqchi bo‘ladi: “Xusrav Muhammad payg‘ambarning xatini yirtib tashlagani uchun shohlig‘i buzildi” deb yana bir-ikki fasl orttiradir”2. Hamid Olimjon doston voqea-hodisalarini sanab ko‘rsatgan.

Nizomiydan keyin “Xamsa” yoki uning ayrim dostonlariga ergashib asarlar yaratish adabiy an’anaga aylangani ayon. “Bu dostonga yuzlarcha taqlidchilar maydonga keladilar. O‘z kuchini sinab ko‘rmakchi bo‘lgan har bir shoir “Xusrav va Shirin” yozadi”.3 Ulardan biri Amir Xusrav Dehlaviydir. Xusrav Dehlaviy “Xamsa”sining ikkinchi dostoni “Shirin va Xusrav” deb nomlangan. Har ikkala maqola mualliflari ham Nizomiy dostoni tahlilidan so‘ng o‘z mulohazlarini Xusrav Dehlaviyning “Shirin va Xisrav” dostoni sharhi bilan davom ettirishgan

XV asrga kelib xamsachilik an’anasi yanada keng tus oldi. Bu davrda birdaniga ikkita buyuk xamsanavis yetishib chiqdi. Ulardan biri Abdurahmon Jomiy bo‘lsa, ikkinchisi ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiydir. Fitrat ham, Hamid Olimjon ham Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni tahlili davomida Navoiyning Nizomiy va Xusrav Dehlaviy dostonlariga o‘xshamagan alohida, original bir asar yozish istagi bo‘lganligini e’tirof etishgan. Navoiy dostonining nomlanishi, Farhodning birinchi, Xusravning ikkinchi darajali qahramon sifatida berilishi, asar sujetiga kiritilgan jiddiy o‘zgarishlar uning mazmun jihatdan ham chuqurlashganini va natijada dostonning muvaffaqiyat qozonganini qayd etishgan. Shubhasiz, “Farhod va Shirin” Navoiy “Xamsa”sining eng yuksak cho‘qqisidir. Unda jahon adabiyotining mangu va o‘lmas mavzularidan biri bo‘lgan muhabbat, sevgi va sadoqat qalamga olinadi. Fitrat doston tadqiqiga alohida ahamiyat bergan. Uning maqolasida Navoiy nima uchun Farhodni oddiy xalq orasidan emas, balki “o‘z sinfi” darajasinda, ya’ni aslzodalar orasidan chiqarganligi, Farhodning nega aynan Chindan ekanligi, Farhod uchun qurilgan qasrlarning to‘rt xil rangga bo‘yalishi va shu kabilarning kelib chiqish sabablari, ildizi va mohiyati atroflicha yoritib berilgan. Hamid Olimjonning maqolasida esa doston qahramonlari va ularning xarakter xususiyatlari kengroq yoritilgan. Maqola muallifi bir o‘rinda Farhodni “odamning billur obrazi” deb ta’riflaydi. Darhaqiqat, bu sifatlar undagi ko‘ngil pokligi, ishonch, chin do‘stlik, sadoqat, odamiylik va mehnatsevarlik fazilatlari orqali namoyon bo‘ladi. Farhod chin ma’noda komil inson timsoli, ilohiy ishq sohibidir. Hamid Olimjonning yozishicha, “Farhod teng va barobar ishq tarafdori. Uning tushunchasicha bunday sevgi xalqqagina xos. Xusrav buni anglashdan butunlay ojiz. U bunday haqiqiy ishqning borligini yolg‘iz xalqdan eshitibgina bilgan”.4 Muallif Shirinda ham Farhodga xos bo‘lgan barcha xislatlar mavjudligini ta’kidlaydi. Ya’ni Shirin – go‘zallik, sadoqat, mardlik va olijanoblik timsoli.

Farhod va Shirin haqidagi hikoyalar xalq orasiga shunchalik singib ketdiki, buning natijasida Navoiydan keyin ko‘plab shoirlar tomonidan “Farhod va Shirin” deb nomlangan dostonlar yaratildi. Fitratning yozishiga ko‘ra, Navoiydan keyin bu doston juda mashhur bo‘ldi, hatto Navoiy tilining eskirgani, kishilar uchun tushunarsiz bo‘lishiga qaramasdan yangi yozuvchilar bu dostonni soddaroq til bilan yangidan ishlab chiqdilar. Shulardan biri Umar Boqiy bo‘lib, Amiri A’zam Hazrat Avazbekka bag‘ishlab “Farhod-u Shirin” dostonini yozgan. Bu asar hijriy 1328-yilda Toshkentda V.I. Ilin matbaasida tosh bosmada bosilgan. Ikkinchi asar esa hijriy 1325-yilda Toshkentda “G‘ulomiya”matbaasida bosilgan bo‘lib, ham nazmda, ham nasrda yozilgan. Asarning kim tomonidan, qachon, qaerda yozilgani noma’lum. Biroq she’rlarida

Mahzun taxallusi qo‘llangani uchun muallif uning shu nomdagi shoir ekanini ko‘rsatadi. Fitrat Mahzunning “Farhod va Shirin” dostoni haqida alohida to‘xtaladi. Mahzun o‘z dostonida, asosan, Navoiy, ba’zi o‘rinlarda esa Nizomiy va Dehlaviy izidan borganini aytadi. Maqolada bulardan boshqa yana bir “Farhod va Shirin” dostoni borligi, keyingi davrlarda Mir Mahmud Ibni Shoh Yunus tomonidan “Nasri xamsayi benazir” nomi bilan nasrga aylantirilgani va uning Navoiy “Xamsa”sidan farq qilmasligini yozadi.

Farhod va Shirin haqida xalq orasida yurgan hikoyalardan navbatdagisi Boysun tog‘lari atrofida paydo bo‘lgan. Bu hikoya G‘ulom Zafariy tomonidan yozib olingan. Fitratning ko‘rsatishicha, hikoyadagi Farhod cho‘pon yigit bo‘lgan (Firdavsiyda Shirin cho‘pon qizi deb beriladi. – M.) U xo‘jalardan, ya’ni aslzodalardan birining Shirin ismli qiziga oshiq bo‘lgan, qiz ham Farhodni sevgan. Yuqorida ko‘rib o‘tilgan dostonlardan bu hikoyaning farqli jihati Farhod Xusrav tomonidan emas, balki Shirinning qarindoshlari bo‘lmish Boysun xo‘jalari tomonidan Boysundagi “Ketmon chopdi” tog‘ini qazish jarayonida hiyla bilan o‘ldiriladi.

Hamid Olimjonning maqolasida o‘zbek xalqining mashhur baxshilaridan Fozil Yo‘ldosh Navoiyning “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”asarlari ta’sirida shu nomdagi dostonlar yaratgani, bu dostonlarning Navoiy asarlariga mushtarak va farqli jihatlari ham tahlilga tortilgan. Jumladan, Hamid Olimjon Shirinning Farhodga yozgan xatidagi

Ko‘rib xor-u xas o‘rnungda, nihoniy

Sochim birla supursam erdi oni.

misralari bilan xalq og‘zaki ijodidagi quyidagi satrlarni taqqoslaydi:

Yora yurgan ko‘chalarni supuray sochim bilan,

Changi chiqsa suv sepay ko‘zdagi yoshim bilan.

Xulosa qilib aytilganda, adabiyotshunoslikda “Farhod va Shirin” dostonining o‘rganilishida Fitrat va Hamid Olimjonning alohida xizmatlari bor. Ularning Navoiy ijodi, xususan, “Farhod va Shirin” dostoni haqidagi qarashlarining maqbul va manzur jihatlarini bugungi kun nuqtayi nazari bilan qabul qilish, lozim o‘rinlarda foydalanish mumkin. Chunki har ikkala maqola ham navoiyshunoslik ilmi uchun muhim bir manba bo‘lib xizmat qiladi. “Farhod va Shirin”dostonining tahlil va talqinlarini tadqiq etish orqali nafaqat ulug‘ shoir Alisher Navoiyning badiiy mahorati, o‘ziga xos tafakkur olamiga, balki mazkur dostonning adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan o‘rganilish imkoniyatlariga ham baho berish mumkin.

ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

  • 1 .     Abdurauf Fitrat .Tanlangan asarlar.- Toshkent: Ma’naviyat,2000.-

  • 105-bet
    • 2 .     Abdurauf Fitrat .Tanlangan asarlar.- Toshkent: Ma’naviyat,2000.-

  • 113-bet
    • 3 .Hamid Olimjon. Mukammal asarlar to‘plami.- Toshkent: Fan,1982.51-bet

    • 4 .Hamid Olimjon. Mukammal asarlar to‘plami.- Toshkent: Fan,1982.67-bet

      "Экономика и социум" №6(97) 2022

Список литературы "Farhod va shirin" dostoni Fitrat va Hamid Olimjon talqinida

  • Abdurauf Fitrat.Tanlangan asarlar.- Toshkent: Ma'naviyat,2000.-105-bet.
  • Abdurauf Fitrat.Tanlangan asarlar.- Toshkent: Ma'naviyat,2000.-113-bet.
  • Hamid Olimjon. Mukammal asarlar to‘plami.- Toshkent: Fan,1982.51-bet.
  • Hamid Olimjon. Mukammal asarlar to‘plami.- Toshkent: Fan,1982.67-bet.
Статья научная