Halima Ahmedova she’rlarida inson ruhiy kechinmalarini ifodalovchi metaforlarning qo’llanishi

Автор: Kabuljonova G.K., Xayitova Yu.J.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 4-1 (95), 2022 года.

Бесплатный доступ

Mazkur maqolada shoira Halima Ahmedova she’riyatida inson ruhiy kechinmalarini ifodalovchi metaforik ko’chimlar va ularning tahlili xususida fikr yuritiladi.

Metafora, uslub, badiiy asar, ruhiy holat, his-tuyg'u, tasviriy vosita, obrazli tafakkur, poetik nutq, til, hodisa

Короткий адрес: https://sciup.org/140292861

IDR: 140292861

Текст научной статьи Halima Ahmedova she’rlarida inson ruhiy kechinmalarini ifodalovchi metaforlarning qo’llanishi

Mertafora masalasi antik davrlardan boshlab o'rganib kelinadi. Xususan, Arastu metafora so'zini keng ma'noda, ko'chma ma'noli so'z ma'nosida qo'llagan. "Ritorika"da faylasuf bu fikrni aniq ifodalaydi: "Metaforaning to'rtta turi ichida analogiyaga asoslanganlari alohida e'tiborga molik". U metaforaning poeziyadagi o'rniga alohida to'xtalmasa-da, poeziya tili haqidagi mulohazalaridan buni bilib olish qiyin emas. Arastu fikricha, poeziya tili o'ziga xos so'z qo'llashni taqozo etadi.

Metafora obrazli tafakkur natijasi bo'lib yaraladi, va garchi, umuman, til hodisasi bo'lsa ham, bu xususiyatni tilning estetik vazifasini bajaruvchi poetik nutqdagina to'la namoyon bo’ladi. Zero, mertafora narsa va hodisani shunchaki atab qo'ymaydi, balki uni boshqa narsa-hodisaga qiyosan tavsiflaydi, ongimizda atalayotgan narsa haqidagi jonli tasavvur- obraz hosil qiladi. Bu obraz poetik nutqdagi aslicha, ya'ni obraz sifatida qabul qilinadi. (Nuriddinova H. Metafora va uning badiiy matnda ifodalanishi). Metaforaning quyidagi turlari mavjud:

  • 1.    Nominativ metafora- bu hali o'z nomiga ega bo'lmagan obyektlarning nomlarini shakllantirish uchun mo'ljallangan yangi atamalar yaratish vositasi. Masalan, yomg'ir barabanlari, barglar shivirladi.

  • 2.    Kognitiv metafora- indikativ (predikativ) so'zlarning ma'nosini metaforalash kognitiv ahamiyatga ega bo'lgan ushbu turdagi metaforalarni keltirib chiqaradi. Mavhum tushuncha o'ziga xoslikka asoslanadi. Masalan, devor bo'lib turmoq, zerikarli og'riq, o'tkir aql, tikanli javob va b.q. N.D. Arutyunova konsepsiyasiga ko'ra, kognitiv metafora obraz yaratish vositasidan tilda yetishmayotgan ma'nolarni shakllantirish usuliga aylanadi.

  • 3.    Obrazli metafora- metaforizatsiya sintaktik siljish bilan birga bo'lishi mumkin: ot nominal pozitsiyadan predikat pozitsiyasiga o'tadi. Masalan: Sobakevich haqiqiy ayiq edi; u shunday quyon, u hamma narsadan qo'rqadi.

Prof. N. Mahmudov metaforalarni ikki turga ajratadi: lisoniy metaforalar va kognitiv metaforalar.” Kognitiv tilshunoslikda lisoniy metaforalarni kognitiv metaforalardan farqlash urfga kirgan, bu urfga ko'ra, lisoniy metafora o'xshashlik asosidagi nomlashni qayd etadi. Kognitiv metafora esa lisoniy metafora yuzaga kelishining asosini tashkil etadi, ya'ni muayyan mazmun sohasi haqida shaxsga avvaldan bo'lgan boshqa tushunchalari vositasida o'ylash mexanizmi- kognitiv metaforadir. Boshqacha qilib aytganda, noma'lum bir tushunchaning mohiyatini shu tushunchaning biror bir jihatdan o'xshash va tajribada mavjud bo'lgan boshqa tushunchaga qiyosan idrok qilish usuli kognitiv metaforadir" deya ta'kidlaydi. Kognitiv metafora tashqi olamni idrok etish, bu jarayonda ongda shakllangan yangi tushunchani kategoriyalashtirish, konseptuallashtirish uni baholashning samarali usulidir. D.Xudoyberganova " Kognitiv metafora- shaxs kognitiv faoliyatiga xos hodisa bo'lib, bir tushuncha yoki bilim haqida strukturalari asosida ikkinchi tushuncha yoki hukmni kategoriyalashtirshdir" deb ta'riflaydi. Demak, kognitiv metafora olamni va undagi jarayonlarni yahlit holda ko’chma ma’noda anglashga yordam beradi.

Metafora har qanday uslubda uchraydi. Ayniqsa, she’riy matndgi o’rni beqiyos. Xususan, shoira Halima Ahmedova lirikasini kuzatar ekanmiz, muallifning so’z qo’llash mahorati, ya’ni so’z va birikmalarni metaforik qo'llash orqali tilning estetik vazifalarining nihoyatda keng, rang-barang va xilma xil evrilishlarda ifodalaganligini ko’ramiz.

Inson- - juda murakkab mavjudot. Uning ruhiyatida, his-tuyg’ ularida bo’layotgan o’zgarishlar bevosita nutqida ham aks etadi. Ruhshunoslikda inson emotsiyasi affekt (juda kuchli, lekin qisqa muddatli emotsional reaksiyalar) hissiyot (uzoq va turg’un munosabat) kayfiyat va stress (kuchli ruhiy zarba) kabi turlarga bo’ linadi. Bu holatlar badiiy matnlarda tilning turli sath birliklari vositasida aks etadi.5 Metafora juda keng qamrovli hodisadir. Xususan, inson ruhiy olami va undagi jarayonlarni metaforik ifodalash poeziya uchun tipik holat sanaladi. Bevosita shoira ijodiga murojaat etsak, unda ham inson hissiy kechimlarini original ko’chma ma’nolararda ifodalanganligiga guvoh bo’lamiz. Masalan,

Yotog'iga kirar tunday ohista,

To'shagida so'qir sog'inch bosh urar.

Och qolgan yostiqning sovuq ko'zlari,

Ayolni nahangday yutib yuborar. ( "Yolg'iz ayol" )

Yuqoridagi misralarda so'qir sog'inch, och qolgan yostiq, yostiqning( sovuq) ko'zlari birikmalari yolg’iz ayol ruhiy holatini obrazli tasvirlashda bevosita jonlantirish (personifikatsiya) usulining ishtiroki ham ko’chma ma’ noni yanada kuchayishiga olib kelgan. Birgina yostiq leksemasi bilan bog’langan och qolmoq, sovuq ko’zlar tarzidagi birikuvlardagi salbiy holatning o’ziyoq yo’lg’iz ayolning holatini o’quvchi ko’z o’ngida yaqqol namoyon etmoqda. Shunday “sovuq” so’zlar tanlanganki, undan yolg’iz ayol ruhiy kechinmalari naqadar og’ir ekanligini his qilish mumkin, Sog’inch so’zi bilan birikkan so’qir leksemasi o’zida salbiy bo’yoq ifodalashi jihatidan ham nihoyatda dardli ruhiy kechinmani ifodalashga qaratilgan, ya’ni so’qir leksemasi – bu ko’rmaslik ma’nosini anglatadi. Muallif yolg’ iz ayol taqdiriga shunday so’z topganki, ta’riflashga so’z ojiz. Ayolning sog’ inchlari ham “ko’r”, najotsiz… Bunday betakror ifoda boshqa ijodkorlar asarlarida kam uchraydi. Shuningdek, y ostiqning nahangday yutib yuborishi metaforik o'xshatish ham bu dardli va tushkun holatning belgisini, darajasini oshirishga xizmat qilgan. Ayolga nisbat berilgan birinchi misraning o’ziyoq “ Yotog'iga kirar tunday ohista” butun bir she’r mohiyatidan, ya’ni ayolning ahvolidan darak berib turibdi. Yolg’izlik har bir inson uchun oson kechmaydigan holat. Ayniqsa, ayol beva, yolg’iz qolsa bu nihoyatda og’ir holatdir. O’zbek she’riyatida ham bu mavzuda bitilgan she’rlar uchraydi. Masalan, A.Oripov (Yigitlar maktubin bitganda qondan, Kelinlar firoqdan chekkanda yohu, Uning ham panohi qaytmadi jangdan…) M.Yusuf ( Bu dunyoda bir qiz bor, yostig’ ining yarmi bo’sh...) va boshqa shoirlar asarlarida kuzatish mumkin. Lekin H. Ahmedova ijodining o’ziga xos ranginligi borki, boshqa ijodkorlar bilan solishtirib bo’lmaydi. Buni yuqoridagi misralarda tanlangan so’zlar ham ko’rsatib turibdi.

Jonimga alanga yugurdi nogoh,

Sharobdan simirib yedim bir qultum.

Men sening qoningni ichdim,

Bilmayman,

Sen kimning qonini ichganding, uzum? ("Sharob" she'ridan)

Berilgan misolda ritorik undov qo'llangan bo’lib, shoira uzumga yuzlanish bilan birgalikda qadimgi afsonani eslatib o'tmoqda. Ya'ni qadimda qonxo'r podshohlar gunoh qilgan insonlarni o'ldirib tok tagiga ko'mganligi va shu orqali tokdagi uzumlar serhosil bo'lganligiga ishora. Bu holatda "sen kimning qonini ichganding, uzum?" misrasi birikmali murakkab ko’chimni hosil qilgan.

Mangu begonaman, undan ham battar,

Ayriliq, kel, endi ichaylik sharob.

Ruhimda bir eshik taqillay boshlar,

O, yana keldingmi, muqaddas azob!

Seni... ("Seni unutaman" )

Azobni muqaddas bilgan lirik qahramon uning kelishini metaforik ko'chim bilan ifodalaydi. Ayriliq bilan esa sharob ichib xayrlashishni xohlaydi.

Yana bir she'riga yuzlansak.

Quyosh botib ketdi. Yurakda yana

Tungi xayollarning ma'yus titrog'i.

Oyog'im ostida tongni so'roqlab,

Jon berdi erksevar gulning yaprog'i. ( "Quyosh botib ketdi yurakda yana.." she'ridan)

****

Kafan qiling mushfiq onam sochidan,

Daraxtlarga bering jon xirojidan,

Qon olib yuvingiz qushlar tojidan,

Sarvigul bargiga ko'mingiz meni.

Keltirilgan misralarda ham onam sochidan kafan qiling, quqshlar tojidan qon olib yuvish, sarvigul bargiga ko'mish kabi inson ruhiy holatini aks ettiruvchi betakror metaforik ko’chimlar ifodalangan.

Bu kunlar o'taro, bu kunlar o'tar,

Ortimizdan kulib dunyo kuladi.

Talpinchoq yuragim talpinma buncha,

Bizlar o'tkinchimiz dunyo qoladi.

Boshqa dunyo yo'qdir ismingdan o'zga,

Baxtlarni g'amlarga qildim badarg'a.

Yorib shamollarning ko'kraklarini,

Xorlar chechak bo'ldi men qilgan zorga.

Bir tun men sharpaga aylanib besas,

Oyning qobog'iga umrim berkitdim,

Kel, dedi otashdan tortilgan quchoq,

Erkning ertagiga aylanib ketdim.

Yuqorida keltirilgan misralarda ham inson ruhiy kechinmalarini aks ettirishda muallif juda go’zal va original badiiy ifoda, ya’ni jonlantirish usulida so’zlarni ko’chma ma’noda qo’llash orqali insonning ichki dunyosi, unda jo’sh urayotgan tug’ yonlar, his-tuyg’ularni go’zal misralarg marjondek terib qo’ygan. Xususan, dunyo (kulmoq), yurak (talpinmoq), sharpa (aylanmoq), ko’krakni yormoq (shamolning), chechak (xorlar), qabog’ (oy), umrni berkitmoq, erkning ertagi kabi so’z va birikmalar ko’chma ma’noda qo’llanib, ruhiy holat ma’nosini obrazli tarzda o’quvchiga yetkazishda muhim tasvir vositasi vazifasini o’tagan. Inson qalbining tub-tubidagi istaklarini oson tushinish va idrok etishni ta’ minlashga xizmat qilganligini ko’rish mumkin.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, inson mayllari, ruhiy kechinmalari shunday bir ummonki, g’avvos ummondan dur terib olgani kabi ijodkor ham bu ummonni qay darajada o’quvchiga ochiqlashi uning mahoratiga bog’liq. Zero, inson ruhiy olami bitmas-tuganmas xazinadir. Shuning uchun inson ruhiy holati aks etmagan birorta ham badiiy ijod mahsulini topish mushkuldir.

Adabiyotlar ro’yxati:

  • 1.    Ахмедова Х. Умид сояси- Т. 2008.

  • 2.    Ахмедова Х. Эрк даричаси- Т. 1996.

  • 3.    Алпонова Ш.Ўзбек тилида руҳий ҳолатнинг акс этиши.-Т., “Академнашр”, 2019.-Б.109

  • 4.    Маҳмудов Н. Термин, образли сўз ва метафора // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2013. – № 3. – Б.3-8.

  • 5. Худойберганова Д. Матннинг мазмуний таркибида метафоралар // Ўзбек тили ва адабиёти. – Тошкент, 2012. – №3. – Б. 36.

  • 6.    http:// w.w.w. com.

"Экономика и социум" №4(95)-1 2022

Список литературы Halima Ahmedova she’rlarida inson ruhiy kechinmalarini ifodalovchi metaforlarning qo’llanishi

  • Ахмедова Х. Умид сояси- Т. 2008.
  • Ахмедова Х. Эрк даричаси- Т. 1996.
  • Алпонова Ш.Ўзбек тилида руҳий ҳолатнинг акс этиши.-Т., "Академнашр", 2019.-Б.109.
  • Маҳмудов Н. Термин, образли сўз ва метафора // Ўзбек тили ва адабиёти. - Тошкент, 2013. - № 3. - Б.3-8.
  • Худойберганова Д. Матннинг мазмуний таркибида метафоралар // Ўзбек тили ва адабиёти. - Тошкент, 2012. - №3. - Б. 36.
  • http://w.w.w.com.
Статья научная