“Manas” eposi kontekstida qahramonlik timsollarining folklor ildizlari va ularning poetik-funksional talqini

Автор: Kosimov R.

Журнал: Мировая наука @science-j

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 6 (99), 2025 года.

Бесплатный доступ

Mazkur maqolada “Manas” eposida ifodalangan qahramonlik timsollarining xalq og‘zaki ijodidagi folklor ildizlari o‘rganiladi. Xususan, bosh qahramon Manas obrazi va u bilan bog‘liq bahodirlik, dono, adolatparvarlik kabi arxetipik belgilar tahlil qilinadi. Shu bilan birga, ikkilamchi obrazlar - Kanykey, Bakay, Chubak kabi timsollar orqali xalqning qahramonlik haqidagi tasavvurlari qanday shakllanganligi ochib beriladi. Qahramonlar timsollarining poetik-funksional vazifalari - ya’ni xalqni birlashtirish, g‘urur uyg‘otish, tarbiyaviy-ma’naviy yo‘naltirishdagi o‘rni yoritiladi. Maqola folklorshunoslik va epik poetika nuqtai nazaridan ilmiy yondashuv asosida yozilgan.

Еще

Manas eposi, qahramonlik timsollari, folklor ildizlari, epik obraz, arxetip, xalq og‘zaki ijodi, poetik-funksional ahamiyat

Короткий адрес: https://sciup.org/140312067

IDR: 140312067

Текст научной статьи “Manas” eposi kontekstida qahramonlik timsollarining folklor ildizlari va ularning poetik-funksional talqini

Qirg‘iz xalqining og‘zaki ijodiy merosi Markaziy Osiyo madaniy makonida o‘zining boyligi, mazmuniy qatlamlarining chuqurligi va poetik shakllarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, “Manas” eposi xalq ruhiyatining, tarixiy xotirasining va ma’naviy qadriyatlarining ifodasi sifatida alohida o‘rinni egallaydi. Bu eposda tasvirlangan qahramonlik timsollari orqali xalqning ideal inson haqidagi tasavvurlari, ijtimoiy ong va madaniy orientirlar aniq namoyon bo‘ladi.

Qahramonlik — bu faqat jangovar jasorat emas, balki xalq uchun fidokorlik adolat, donolik va iroda timsolidir. Manas obrazi ana shunday umumxalq ideallarini mujassamlashtirgan yuksak darajadagi epik timsollardan biridir. Uning faoliyati, xatti-harakatlari orqali nafaqat shaxsiy fazilatlar, balki butun xalqning orzu-umidlari, milliy g‘ururi va o‘zligini anglash jarayoni ifoda topadi.

Qahramonlik obrazlarining ildizlari chuqur folklorga borib taqaladi. Qadimgi rivoyatlar, afsonalar, ertaqlar va dostonlarda bu obrazlar asta-sekin shakllanib, epik tuzilmalarda mukammallashgan. Jumladan, Bahodir , Alp Oqsoqol , Ona obrazlari singari folklor arxetiplari “Manas” eposida yangi poetik tilda qayta talqin qilinadi. Ayniqsa, Manasning onasi — Chyiyrdyk, rafiqasi — Kanykey, donishmand maslahatgo‘yi — Bakay kabi ikkilamchi, ammo mazmun jihatidan muhim obrazlar orqali qahramonlik timsoli yanada teranroq ochiladi.

Folklorshunos olimlarning fikricha, har qanday epik asarda qahramonlik timsolining mavjudligi shu asarning xalq ongi va tarixiy jarayonlar bilan nechog‘lik uyg‘unlashganini ko‘rsatadi. Shu jihatdan “Manas” eposidagi qahramonlar tahlili faqat adabiy obrazni emas, balki xalq falsafasi va axloqiy-me’yoriy dunyoqarashlarini ham ochib beradi .1

Maqolaning mazkur qismida “Manas” eposida ifodalangan qahramonlik obrazlarining folklor ildizlari, ularning badiiy shakllanishi, funksional vazifalari hamda zamonaviy talqini ilmiy asosda yoritiladi.

“Manas” eposi – bu qirg‘iz xalqining tarixiy tafakkur xazinasi bo‘lib, unda epik qahramonlar obrazi xalq ongi, mentaliteti va ijtimoiy qadriyatlarini o‘zida mujassam etadi. Qahramonlik obrazlari o‘zining ildizlarini qadimiy og‘zaki an’analar – rivoyatlar, afsonalar, maqollar, ertaqlar, dostonlardan oladi. Bu obrazlar vaqt o‘tishi bilan mukammallashib, “Manas” singari yirik epik tuzilmada badiiy ifodasini topadi.

Qahramonlik tushunchasi Markaziy Osiyo xalqlari folklorida qadimdan mavjud bo‘lgan “alp”, “bahodir”, “pahlavon” timsollari orqali shakllangan. Qirg‘iz og‘zaki ijodida ham bu obrazlar an’anaviy yo‘sinda o‘z ifodasini topgan. “Manas” eposi esa bu timsollarni zamonaviylashtirilgan, xalq orzu-umidlariga yaqinlashtirilgan ko‘rinishda tasvirlaydi. Misol uchun, Manas obrazi o‘zida jismoniy kuch, dono qaror, adolatparvarlik va fidoyilik fazilatlarini birlashtiradi. Bu jihatlar ko‘plab ertak va dostonlarda uchraydigan folklor qahramonlari bilan uzviy bog‘liqdir.

Manas obrazi – bu yagona shaxs emas, balki butun bir xalqni mujassamlashtirgan ramziy timsoldir. U “xalq o‘g‘loni” sifatida tasvirlanadi: dushmanlarga qarshi kurashadi, xalqini birlashtiradi, mustaqillikni himoya qiladi. Bu esa xalqning tarixiy tajribasi va ijtimoiy ongida shakllangan ideal obrazga asoslanga n2 . Shu bilan birga, Manasning kelib chiqishi haqidagi afsonalarda ham u g‘ayritabiiy belgilar bilan tug‘iladi – bu esa uni mifologik qahramon arxetipiga yaqinlashtiradi.

Eposda faqat bosh qahramon emas, balki uning atrofidagi qahramonlar – Kanykey, Bakay, Chubak kabi personajlar orqali ham qahramonlik timsollari yoritiladi. Kanykey – oqila va fidoyi ayol, xalq ayoli timsoli sifatida aks etadi. Bakay – donishmand, oqsoqol, murodiy yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida Manasning qarorlarida muhim rol o‘ynaydi. Chubak esa jasorat va sadoqat timsolidir. Ushbu ikkilamchi obrazlar orqali xalqning turfa xil qahramonlik mezonlari ko‘rsatiladi: jasoratli jangchi, oqila ayol, donishmand oqsoqol va sadoqatli do‘st.

Qahramonlik obrazlarining poetik-funksional roli nafaqat syujetni rivojlantirish, balki xalqni ruhlantirish, tarbiyalash va birlashtirish funksiyalarini ham bajaradi. “Manas” eposi orqali qirg‘iz xalqi tarixiy jarayonlarni anglab, milliy o‘zligini asrashda ma’naviy asos topadi. Manas obrazining xalq ongidagi qadri – bu bugungi kungacha davom etib kelayotgan ma’naviy sadoqat, milliy g‘urur va birlik ruhi sifatida baholanadi .3

Bugungi kunda ham “Manas” eposidagi qahramonlar qirg‘iz xalqining madaniy hayotida faol ishtirok etmoqda. Epos maktab o‘quv dasturlariga kiritilgan, teatr adabiyot, kinoda qayta-qayta talqin etilmoqda. Bu esa qahramonlik timsollarining faqat tarixiy emas, balki ijtimoiy-axloqiy qadriyat sifatida ham dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

“Manas” eposi nafaqat qirg‘iz xalqining og‘zaki ijodi yodgorligi, balki butun bir millatning tarixiy-madaniy tafakkuri, axloqiy qarashlari va ideal orzu-umidlarini o‘zida mujassam etgan noyob fenomen sifatida baholanishi kerak.

Ushbu epik tuzilmada qahramonlik obrazlari — Manas va boshqa personajlar orqali xalq tafakkuridagi ideal inson timsoli yuksak badiiy vositalar bilan ifodalanadi.

Manasning epik timsoli orqali xalq hayotidagi eng dolzarb tarixiy-ijtimoiy jarayonlar badiiy ifodada aks etgan. Shu bilan birga, Kanykey, Bakay, Chubak singari obrazlar orqali xalq orasida qahramonlikning turli shakllari — ayollik oqilligi, donishmandlik, sadoqat va hamjihatlik ruhi singdirilgan. Bu obrazlar xalq ongida ideal timsollar sifatida zamondan zamonga o‘tib kelmoqda.

Shuningdek, “Manas” eposining bugungi kunda ham dolzarbligini saqlab qolayotgani, qahramonlik obrazlarining turli vositalar (adabiyot, teatr, kino, ta’lim) orqali keng targ‘ib qilinayotgani ushbu epik yodgorlikning funksional davomiyligini ta’minlaydi. Demakki, folklor ildizlariga ega bo‘lgan bu qahramonlik timsollari xalq ruhiyatini shakllantirishda hozirgi zamonda ham muhim rol o‘ynaydi .4

Foydalanilgan adabiyotlar:

  • 1.    Тилебаев, Ж. "Кыргыз эпосунун поэтикасы." — Бишкек: Кыргыз билим берүү академиясы, 2014. — Б. 45–47.

  • 2.    аратаев, Т. "Манас эпосунун тарыхый жана поэтикалык өзгөчөлүктөрү." — Бишкек: Билим, 2015. — Б. 63.

  • 3.    Мусаев, А. "Кыргыз эл оозеки чыгармаларындагы каармандык мотивдер." — Ош: ОшМУ басма, 2018. — Б. 91–94.

  • 4.    Исмаилов, М. “Манас эпосунун улуттук аң-сезимди

    калыптандыруудагы ролу.” — Бишкек: Илим, 2020. — Б. 113.

"Мировая наука" №6 (99) 2025