Yuridik ritorikaning paralingvistik jihatlari

Автор: Xujaniyazova H.T., Rashidova G.I.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 5-1 (96), 2022 года.

Бесплатный доступ

O’zbek tilining rasmiy uslubi doirasida qaraladigan alohida huquqiy soha tili - yuridik til mavjud bo’lib, u o’zining barcha lingvistik alomatlariga ega. Bu esa, birinchi navbatda, yozma nutqda o’z ifodasini topadi. Ijtimoiy hayotning boshqa biron sohasida tilning mavqyeini zarracha kamsitmagan holda, huquqiy sohada uning ahamiyati nihoyatda muhim ekanligini alohida ta’kidlash to’g’ri bo’ladi.

Yozma shakl, qonuniy asoslanganlik, imperativlik, aniqlik, shaxssizlik, noshaxsiy yo'nalish, standartlashtirish

Короткий адрес: https://sciup.org/140293002

IDR: 140293002

Текст научной статьи Yuridik ritorikaning paralingvistik jihatlari

Xo’sh, yozma yuridik tilning mukammalligiga erishish uchun qanday vazifalarni amalga oshirishimiz lozim? Biz bu savolga javobni taniqli o’zbek huquqshunoslari qarashlaridan topamiz. Avvalambor, o’zbek huquqiy atamalarining yagona tizimini yaratish, barcha yo’nalishlarda bu atamalarning qo’llanishi va tushunilishida bir xillikka erishish zarur. Buning uchun esa yuristlar va tilshunoslar hamkorlikda ish olib borishlari, huquqiy atamalarning mustaqillikdan keyingi davrdagi shakllanishini ilmiy tahlil etib, mukammal lug’atlar yaratishlari lozim. Ana shundagina rus tilidagi pokazaniye tushunchasini ifoda etish uchun ko’rsatuv, ko’rsatma, ko’rgazuv, ko’rgazma, guvohlik, so’roq berish singari so’zlardan har kim o’z bilganicha foydalanib, har xillikka, anglashilmovchilikka yo’l qo’yilmaydi. Bu kabi har xilliklar huquqiy me’yorlarni turlicha sharhlashlarga, binobarin, inson taqdirini noqonuniy hal qilish kabi oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yoki rus tilidagi ugolovnыy kodeks birikmasidan so’zma-so’z tarjima qilib olingan jinoyat kodeksi birikmasini olaylik. U qanday ma’noni beradi? Jinoyat qilish, jinoyatni amalga oshirish to’g’risidagi qonunlar majmuimi yoki jinoyatga belgilangan jazo qonunlari yig’indisimi? Harqalay, ikkinchisi haqiqatga yaqin bo’lsa kerak.

Prof. A.Saidov amaldagi yuridik tilda zakonadatelstvo, pokazaniye svidetelya, pokazaniye obvinyayemogo ili podozrevayemogo, rasporyaditelnoye zasedaniye, sudebnaya kollegiya, ugolovnoye delo singari ma’nolarini ifoda etadigan so’z va birikmalarning noto’g’ri ishlatilib kelinayotganligidan afsuslanib gapiradi va ta’kidlaydiki, zakonodatelstvo so’zini qonunchilik deb tushunish kerak emas, chunki u rus tilidagi zakonnost so’zining ma’nosiga teng keladi. Aslida u qonunlar yoki qonun chiqarish faoliyati deyilishi kerak. Ugolovnoye delo ham jinoiy ishlar emas, balki jinoyat ishlari ma’nosiga to’g’ri keladi. «Ba’zi hollarda yuridik atamalar shunchalik maxsuslashgan bo’ladiki, - deb yozadi A.Saidov, - ular huquq ilmidan xabardor bo’lmagan kishilar uchun tushunarsiz bo’ladi yoki noto’g’ri tushuniladi. Masalan, «rastorjeniye braka» - «nikohni bekor qilish (buzish)» atamasi mutaxassis bo’lmagan kishilar tomonidan ko’pincha noto’g’ri qo’llaniladi. Yoki «svoboda sovesti» «vijdon erkinligi» tarzida umuman noto’g’ri tushuniladi. Ma’lumki, bu tushunchaning asosiy ma’nosi, unda arxaizm usullari mavjud bo’lib, tarixan shakllangan, ilohiy ibtidoning bor-yo’qligiga ishonish yoki ishonmaslik ekanligini ifodalaydi. Lekin mutaxassis bo’lmagan kishilar «vijdon erkinligi» birikmasidagi «vijdon» so’zini odatdagi ma’noda tushunib, ko’pincha chalkashliklarga sabab bo’lishadi» .1

Olim bu chalkashliklarning, turli xilliklarning vujudga kelish sabablarini ham ko’rsatib beradi va ta’kidlaydiki, «…qonunlar chiqarish, huquqiy tizimimizni yaratishda asosan rus tilidan foydalanish kechagi kunning qusuri sifatida hali ham saqlanib kelmoqda».2

Mana shunday kamchiliklar mavjudligi va bu kamchiliklar huquqiy savodxonligimizga jiddiy ta’sir ko’rsatayotganligi uchun ham, yuqorida ta’kidlanganidek, huquqiy atamashunoslik va lug’atshunoslik borasida jiddiy amaliy vazifalarni amalga oshirishlari lozim. Shu mazmundagi masalalar A.Saidov, L.Saidova, Sh.Ko’chimov, M.Qosimovalarning «Qonun va til» (Toshkent, 1997) kitobida, A.Saidov, M.Qosimova, L.Karimovlarning «O’zbek huquqiy atamalari muammolari» (O’zbek tili va adabiyot 1992, 2-son), Ђ.Ahmedov va A.Saidovlarning «Terminologiya – eto vajno» (Narodnoye slovo, 16 avgusta 1991 goda) maqolalarida ham ko’tarilgan.

Bu vazifalarni, nazarimizda, qat’iy tartib-qoidalarga bo’ysunib amalga oshirishga esa barcha shart-sharoitlar mavjud. Mana shu o’rinda akad. Sh.O’razayevning qonunlar tili haqida mulohaza yuritib aytgan quyidagi fikrlarini eslatib o’tishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz: qonunlar 1) Konstitusiyaning ruhi va tiliga mos kelishi; 2) ular prinsipial yangi qoidalar (talablar)ni mujassamlantirishi; 3) huquqiy tizimga uning ajralmas bo’lagi sifatida uyg’unlashuvi; 4) mumkin qadar qisqa bo’lishi; 5) aholi biror bir qismining huquqlarini cheklamasligi; 6) qonunchilikda takrorlashlar va qarama-qarshiliklarning bo’lmasligi; 7) ijtimoiy munosabatlarni nozik va aniq tartibga solishga harakat qilishi; 8) qonun talablarini bajarmaslik oqibatida kelib chiqadigan aniq javobgarlik (sanksiya)ni ko’rsatishi lozim.3 .

Demak, huquqiy hujjatlar, ayniqsa qonunlarni yuzaga keltirishda «O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi» matniga, undan keyin esa bir to’xtamga kelingan so’z va iboralardan foydalanishga e’tibor qilish maqsadga muvofiq bo’ladi. Yagona yuridik atamalar tizimi mana shu tarzda shakllanadi.

Xalqimizda «Qonun barcha uchun baravar», degan aqida mavjud. Agar shu aqidadan kelib chiqiladigan bo’lsa, nafaqat qonun, balki barcha yurisprudensiyaga tegishli bo’lgan hujjatlar hammaga tushunarli bo’lishi, sodda va ommabop tilda yozilishi lozim. Mana shu talabning o’ziyoq yuridik hujjatlar matnini alohida bir uslubda shakllantirishni taqozo qiladi. Bu uslub yuridik hujjatlar shakllanishida til birliklarini tanlashning alohida bir tizimini keltirib chiqaradi.

Bu aytilganlarni o’zbek yuridik tilini shakllantirishdagi umumiy tomonlari sifatida qaraydigan bo’lsak, uning bevosita lingvistik jihatlari ham mavjudki, bo’lajak huquqshunoslar bu masalalardan ham xabardor bo’lishlari lozim.

Yuridik yozma nutqning bosh talabi matnni o’zbek tilida savodli, grammatik qonun-qoidalarga muvofiq tarzda shakllantirish bo’lib hisoblanadi. Bunda gapda oddiy tartib amal qiladi. Mas.: O’tkazilgan hujjatli taftishda Mirzayorov Sanaqul tomonidan javobgarligidagi qazilma boyliklardan jami 414000 so’mlik talon-tarojlikka yo’l qo’yilganligi aniqlangan kabi. Yoki Sudda Bo’riboyevning ishi ko’rib chiqildi deyish mumkin bo’lgani holda Ishi ko’rib chiqildi sudda Bo’riboyevning deb bo’lmaydi. Chunki bu o’rinda ehtirosga berilib matnni shakllantirishga hyech qanday zarurat yo’q.

Yuridik matnlarda har bir so’zning, qo’shimcha va tinish belgisining o’z o’rni bor. Ularni yaxshi bilgan yurist mana bu tarzda «Ayblov xulosasi» yozmaydi: Shunday qilib Mirzayorov Sanaqul o’zining yuqoridagi o’z vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo’lishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi davlat manfaatlariga ko’p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo’lgan mansabga sovuqqonlik bilan qarashda ifodalangan jinoiy harakatlari bilan O’zbekiston Respublikasi JKning 207 moddasini 1-qismida ko’rsatilgan jinoyatni sodir etgan.

Ushbu jinoyat ishi tuman sudi sudloviga tegishli bo’lib jinoyat ishi bo’yicha tuzilgan ayblov xulosasini tasdiqlash va sudga yuborish masalasini hal qilish uchun jinoyat ishi O’zbekiston Respublikasi JPKning 381 moddasi tartibida tuman prokuroriga taqdim etiladi.

Tuman prokurorining ayblov xulosasidagi ushbu matn quyidagicha yozilsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi: Shunday qilib, Mirzayorov Sanaqul loqaydlik oqibatida o’z vazifasini lozim darajada bajarmagan, davlat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetishiga sabab bo’lgan va mansabga sovuqqonlik bilan qarashda ifodalanadigan O’zbekiston Respublikasi JKning 207 moddasining 1- qismida ko’rsatilgan jinoyatni sodir etgan.

Ushbu jinoyat ishi tuman sudi sudloviga tegishli bo’lib, mazkur ish bo’yicha tuzilgan ayblov xulosasi tasdiqlash va sudga yuborish masalasini hal qilish uchun O’zbekiston Respublikasi JPKning 381-moddasi tartibida tuman prokuroriga taqdim etiladi.

Matndagi grammatik jihatdan tahrirtalab bo’lgan holatlarga aniqliklar kiritish, uni birmuncha sodda va aniq hujjatga aylantirish mumkin. Ammo noo’rin qo’llangan so’z bilan murosa qilib bo’lmaydi. Nazarimizda, prokuror yordamchisi vijdonsizlarcha so’zini noo’rin qo’llagan. Ayblanuvchini sodir etgan jinoyati uchun qonun yo’li bilan jazolash lozim, lekin uni haqorat qilish va shaxsiga tegishga hyech kimga huquq berilmagan. Odam vijdonsiz bo’lishi, ayni paytda, loqayd va sovuqqon bo’lmasligi mumkin. Loqayd va sovuqqon bo’lishi, lekin vijdonli inson bo’lishi mumkin. Buning ustiga, ayblov xulosasi e’lon qilinayotgan fuqaro haqiqatdan ham vijdonsiz bo’lsa, jinoyatga ongli ravishda qo’l urgan bo’ladi va bunday jinoyat boshqacha tarzda baholanish hamda jazo belgilanishni taqozo qiladi. Vaholanki, ayblov xulosasida ishda jinoyatni og’irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi ham ta’kidlangan.

Ko’rinadiki, huquqiy matnda har bir til birligi alohida mavqyega ega. Ularga nihoyatda mas’uliyat bilan yondoshish yuristning obro’siga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Yana bir misol. Prokurorning «Kassasiya protesti»da quyidagi gaplar yozilgan: Sud muhokamasida, sudlar jabrlanuvchilarni ko’rgazmalarini o’zgartirganliklariga tanqidiy baho bermasdan va M.Ahmedov og’ir jinoyatlar turkumiga kiradigan harakatlarni sodir etganiga huquqiy baho bermasdan, unga bir qadar yengil jazo tayinlagan ko’rinadi. Matndagi imloviy va uslubiy xatoliklarni bir chetga qo’yayligu, undagi yengil jazo tayinlagan ko’rinadi jumlasiga e’tiborimizni qarataylik. Ko’rinadi so’zi prokuror xulosasini shubha ostiga qo’ymayaptimi? Agar u shubhalanayotgan bo’lsa, nega protest yozadi? Harqalay, bunday holatlarda ikkining biri tanlanishi lozim.

Boshqacha aytganda, yuridik hujjatlar ma’lum qoliplar va shablonlar asosida shakllantiriladi. Bunda qisqalik, fikrlarni mantiqiy izchillik va o’zaro bog’liqlikda, ketma-ketlikda bayon etish, rasmiylik singari jihatlarga alohida e’tibor qaratish muhimdir. Talabalar bu hujjatlar tili va uslubining umumiy tomonlarini, ayni paytda, ularning bir-biridan farqini anglashlari va bu hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini puxta o’zlashtirishlari lozim. Huquqshunoslikka oid boshqa fanlarni o’zlashtirishda, amaliyot darslarida ham ular bu hujjatlar mazmunini o’rganadilar.

A d a b i yo t l a r

  • 1.    I s k a n d a r o v a Sh. O’zbek nutqi odatining muloqot shakllari: Filol.fan.nomz. …dis.avtoref. – Samarqand, 1993.

  • 2.    Y o’ l d o sh ye v B. Badiiy nutq stilistikasi. – Samarqand, 1982.

  • 3.    M o’ m i n S. So’zlashish sa’nati. – Farg’ona, 1997.

"Экономика и социум" №5(96) 2022

Список литературы Yuridik ritorikaning paralingvistik jihatlari

  • Iskandarova Sh. O'zbek nutqi odatining muloqot shakllari: Filol.fan.nomz. …dis.avtoref. - Samarqand, 1993.
  • Yo'ldoshyev B. Badiiy nutq stilistikasi. - Samarqand, 1982.
  • Mo'min S. So'zlashish sa'nati. - Farg'ona, 1997.
Статья научная