Badiiy matnda so’zning emotsionalligini ta’minlovchi vositalar

Автор: Eshboyeva O.S.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Современные науки и образование

Статья в выпуске: 7 (86), 2021 года.

Бесплатный доступ

Maqolada matn tahlili va uning o’ziga xos jihatlari haqida gap boradi. Badiiy matn tarkibida birgina tovush yoki qo’shimchaning o’rni ham ahamiyatli ekani yozuvchi va shoirlarning asarlari orqali tahlil qilinib, asoslangan. Natijada, badiiy matnda ekspressivlik va emotsionallikni ta’minlovchi vositalar, jumladan, tovush, qo’shimcha, so’z va ularning o’ziga xos jihatlariga munosabat bildirilgan.

Matn, tahlil, talqin, ekspressiv birlik, so’z, lisoniy tahlil, leksik birlik, morfologik tahlil, ijobiy baho, salbiy baho

Короткий адрес: https://sciup.org/140260672

IDR: 140260672   |   УДК: 80

Текст научной статьи Badiiy matnda so’zning emotsionalligini ta’minlovchi vositalar

So’z bu munosabat demak. Tilimizdan chiqqan har bir kalom bizning o’zgalarga va o'zgalarning bizga bo’lgan munosabatini belgilaydi. Hazrat Alisher

Navoiy “Insonni so'z ayladi judo hayvondin, Bilki, guhari sharifroq yo’q ondin”, deya so’zni moddiyatdan ustun qo’yganlari bejiz emas. So’zlash individni odamga, ma’noli so’zlash esa odamni insonga aylantiruvchi vosita. Ayniqsa, o’zbek tili haqiqqatdan ham gavhardek qimmatbaho topilmalarga boy. Ammo ularni o’z o’rnida munosib qo’llay olish ma’naviyatga bog’liq. So’z, til va ma’naviyat hamisha uzviy tushuncha ekanligi chin haqiqat.

Ilohiy kitoblarda aytilishicha, so’z dunyodagi barcha narsalarning asosidir. Rivoyat qiladilarki, Tangri o’zining qudrati va go’zalligiga ko’zgu bo’ladigan yaratiq barpo etishni istaydi-yu, kunlarning birida: “Yaral!» (arabchasi «Kun!» ) degan so’zni aytadi. Yaratgan amrining ifodasi bo’lmish ana shu birgina so’zning kuchi bilan o’n sakkiz ming olam va undagi jamiki narsalar dunyoga keldi. Demak, so’z olam va undagi narsalardan oldin paydo bo’lgan ekan. So’zning cheksiz qudratini shundan ham bilsa bo’ladi. Har qanday inson hayotida juda katta ahamiyat kasb etadigan badiiy adabiyot ana shunday qudratga ega so’z bilan ish ko’radigan san’at turidir. Shuning uchun ham badiiy adabiyot – so’z san’ati deb yuritiladi. Badiiy adabiyot san’atning murakkab va serqirra turidir. Insondagi ismsiz tuyg’ular, nozik kechinmalar, ko’z bilan ko’rib, quloq bilan eshitib, qo’l bilan ushlab, til bilan totinib, burun bilan hidlab bo’lmaydigan ruhiy holat jilvalarini faqat so’z yordamida ifoda etish mumkin. Badiiy adabiyot san’atning boshqa turlaridan asosiy ish quroli ham, asosiy materiali ham SO’Z ekanligi bilan ajralib turadi. San’atning adabiyotdan boshqa har qanday turi inson hayoti yoki hissiyotining faqat birgina holatini ifoda eta oladi. Badiiy adabiyot esa tasvirlanayotgan narsa yoki kimsaning hozirgi holatini qanchalik ishonarli aks ettirsa, uning o’tmishini ham, kelajagini ham shunchalik ta’sirchan va jonli tasvirlay oladi.

So’z qo’llashning san’at darajasida yoki san’at darajasida emasligini baholash uchun, eng avvalo, so’z, uning ma’nosi va bu ma’noning tuzilishini aniq tasavvur etish lozim. Albatta, so’zning qo‘llanishi bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadigan qo’shimcha ma’no nozikliklari, mazmun o‘zgachaliklari turli tasvir usullari va vositalari orqali reallashishi mumkin. Ammo ta’kidlash joizki, bunday qo’shimcha ma’no nozikliklari aksar hollarda, avvalo, so’z ma’no qurilishining o‘zida imkoniyat sifatida mavjud bo‘ladi, ular so‘zning ma’no qurilishi tarkibida ilgaridan qayd etilgan bo‘ladi.

Matn tarkibida har bir so’z, qo’shimcha ma’lum bir ma’no nozikligiga ega. Badiiy matnning lisoniy xususiyatlari tahlil qilinganda morfologik birliklarning ishlatilishi bilan bog'liq holatlar haqida fikr yuritish talab qilinadi. Morfologik birliklarning estetik vazifasi degan “maxsus so’z formalari vositasida, shuningdek ma'lum bir grammatik ma’no va funksiyaga ega bo’lgan so’z formasini maxsus qo’llash orqali ekspressivlik-emotsionallik tushuniladi” (1,87). Ekspressivlik ijobiy va salbiy ma'no qirrasiga ega bo’lgan so’zlarda aniq ko’rinib turadi. Badiiy matn lisoniy jihatdan tekshirilganda dastavval ana shunday ma'no qirralariga ega bo’lgan birikmalarga ajratish va qaysi turkumga xosligi, kimning nutqida, nima maqsad bilan qo’llanilganligi, kimga nisbatan, qanday vaziyatda ishlatilganligiga e'tiborni qaratish lozim bo’ladi. Odatda erkalash-suyish, hurmat-e’zozlash, ko’tarinkilik, ulug’vorlik, tantanavorlik kabi ma’nolarni bildiruvchi so’zlar ijobiy ma'no qirrasiga ega bo’lgan so’zlar hisoblanadi. Masalan: qizaloq, toychoq, o’rgilay, girgitton bo’lay, bolaginam, oppog'im, do’mbog'im, arslonim, pahlavonim, shakarim, shirinim kabi.

Ot so’z turkumining ko’plik, egalik, kelishik kategoriyalari va subyektiv baho shakllarining poetik imkoniyatlarini tahlilga tortish ham lingvopoetikaning muhim masalalaridan hisoblanadi. Tegishli adabiyotlarda mazkur qo’shimchaning hurmat, kinoya, piching, noaniqlik, kuchaytirish, takrorlash, ta'kidlash kabi ma'nolarni ifodalashda ishlatilishi aniq misollar bilan asoslab berilgan. Ko’plik shakli qo’shimchasining qahramonlar ruhiyatidagi turfa tovlanishlarni tugal aks ettirish imkoniyati boshqa qo’shimchalarga qaraganda aniq ko’zga tashlanib turadi.

“Jumlada ifodalangan harakat yoki holatning egasi shaxs bo’lmaganda turkiy tillarda, shu jumladan, o’zbek tilida ega ko’plik shaklida bo’lsa ham, unga tegishli fe'l, asosan, ko’plik qo’shimchasini olmaydi, ya’ni Barglar to’kildilar emas, Barglar to’kildi tarzida bo’ladi. Ammo Abdulla Qodiriy bunday o’rinlarda ham «-lar»ni qo’llaydi, u shunday tasvir tarzini tanlaydiki, -lar o’zgacha bir nozik ma'no ishvalarini kasb etadi. Ayniqsa, Kumush va Otabek bilan aloqali tasvirlashda bu juda yaqqol ko’rinadi: … ikkinchi yoqdan o’zini asir etgan shaxlo ko’zlar unga nafratlanib qaragandek bo’lurlar, go’yoki vafosiz, va’dasiz deb qichqururlar edi”. Shoira Halima Xudoyberdiyeva she’rlarida ham shunday holatni kuzatish mumkin:

Tinch qaray bilmas u tog‘u tosh qolib,

Insonning yuragi qu lar chog‘ lar ga,

Osmonning o‘rniga insonni olib,

Ko‘nglin to‘ldirsa lar qaddiroq lar ga,

Shoir yashay bilmas. Sonlar, aslida, gapdagi muayyan miqdorga aniqlik kiritish uchun ishlatiladi. Lekin, mavhumlik yoki me’yordan ortiqlik ma'nolarini urg'ulash uchun qo’llanilganligini ham kuzatishimiz mumkin. Ushbu misolda bir soni aniqlikni emas, qandaydir, qaysidir ma'nolaridagi mavhumlikni ifodalaydi:

Go‘yo otam kelardi kirib,

Bir zumgina entikardim, oh.

O‘tlar sachrab tuyoqlaridan

Ko‘kni tutsa ot gijinglashi,

Bir dard sizib ko‘nglim qa’ridan

O‘z otimiz izlardim shoshib. (Ҳалима Худойбердиева)

Quyidagi parchada keltirilgan ming soni ham konkret miqdorni emas, balki uzoq muddat ma'nosidagi me'yordan ortiqlikni bildiradi:

Ko‘nglimda ko‘nglimning ming sinig‘i bor,

Ko‘nglimda g‘amlarning o‘tkir tig‘i bor.

Yig‘i bor, oldinda katta yig‘i bor,

Elning bolalari o‘lmas bekorga (6,16).

Tahlil jarayonida matnda qo‘llanilgan barcha morfologik birliklar emas, estetik maqsad aniq ko‘rinib turadigan, yozuvchining badiiy niyati ifodalangan morfologik o‘zgachaliklar haqida so‘z yuritiladi. Masalan, eng ko‘p ishlatiladigan badiiy tasvir vositalaridan biri takrordir. Morfologik birliklarning takrorlanishidan yuzaga keladigan uslubiy vosita – morfologik parallelizmning qo‘llanilish maqsadi lisoniy jihatdan tadqiq etilishi mumkin. Yoki, affiksal sinonimiya, affiksal omonimiya va affiksal antonimiya hodisasidan ekspressiv maqsadlarda foydalanilgan holatlarni aniqlash mumkin. Shuningdek, atoqli otlar sirasiga kiruvchi – antroponimlarning muayyan maqsad bilan qo‘llanishiga aloqador kuzatishlar olib borish mumkin. Chunki badiiy asarda qo‘llanilgan ismlar ichida alohida uslubiy maqsad yuklanganlari ham bo‘ladiki, ular yozuvchining g‘oyaviy-badiiy niyatini aniqlashga yordam beradi. O‘zbek adabiyotida personaj xarakter – xususiyatini ochib beruvchi kinoyaviy tagma’noli kulgi yaratuvchi ismlar Said Ahmad va boshqa yozuvchilarning hajviy asarlarida juda ko‘p uchraydi. G‘oyibnazar Pinhonov, Oldi Sottiyev, Tijoratxon kabi kishi nomlarida yozuvchining kinoyasi aniq sezilib turadi. Tog‘ay Murod asarlaridagi antroponimlarning uslubiy qo‘llanishi haqida tadqiqodchi M.Qosimova quyidagilarni yozadi: “Dehqonqul – asardagi asosiy qahramon. Dehqon – asosiy kasbi ekin ekishdan, dehqonchilikdan iborat kishi. Lekin yozuvchi Dehqon so’ziga o‘zbek ismlariga qo‘shib aytiladigan –boy, –jon, –bek kabi shakl hosil qiluvchi qo‘shimchalarni emas, aynan «qul» morfemasini qo‘shadi. Bunda qul so‘zining ko‘chma ma’nodagi «kimsaga ko‘r-ko‘rona xizmat qiluvchi, bo‘ysunuvchi, itoatgo‘y, malay, xizmatkor» semalari yuzaga bo‘rtib chiqadi. Natijada sho‘rolar mustamlakasi davrining mute, itoatgo‘y, hokisor qurboni bo‘lgan Dehqonqul obrazi kitobxon ko‘z o‘ngida yaqqol namoyon bo‘ladi” (3,106) va uzoq saqlanib qoladi. Qahramonning hayoti, taqdiri va ruhiyati bilan uning ismi o‘rtasidagi muvofiqlikdan ekspressiv effekt yuzaga kelgan. Bu albatta yozuvchining lisoniy mahorati hisoblanadi va bunday holatlarni tadqiq etish orqali yozuvchining poetik olamiga kirib boriladi.

Badiiy matnni lisoniy tahlil qilish jarayonida yozuvchining tildan foydalanish mahoratini namoyon etadigan, emotsional-ekspressiv ifoda semalari qabariq holda reallashgan leksik birliklarni aniqlash va ular adibning badiiy-estetik maqsadiga qay darajada xizmat qilgani haqida mulohaza yuritish talab qilinadi. Buning uchun badiiy asar tilidagi ma’nodosh, shakldosh, zid ma’noli, ko‘p ma’noli, tarixiy va arxaik so‘zlar, yangi yasalmalar, shevaga oid so’zlar, chet va vulgar so’zlar ajratib olinadi va asarga nima maqsad bilan olib kirilganligi izohlanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  • 1.    Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивликнинг ифодаланиши.-Т: «Фан», 1983.

  • 2.    Ўзбек тили лексикологияси. –Т: «Фан», 1981, 160-б.

  • 3.    Қосимова М. Бадиий нутқ индивидуаллигининг лингвистик

    хусусиятлари.-Андижон, НДА. 1996.

  • 4.    Қиличов Э. Матннинг лингвистик таҳлили. –Бухоро, 2000.

  • 5.    Худойбердиев Ж. Сўз – ўзга маъни ўзгадур.–Т., 1997.


    Худойбердиева Ҳ. Сайланма. Шарқ. Т.: 2000, 16-б.

Йўлдошев М. Бадиий матн ва унинг лингвопоэтик асослари. Ўқув

қўлланма. Т.: 2007.

"Экономика и социум" №7(86) 2021

Список литературы Badiiy matnda so’zning emotsionalligini ta’minlovchi vositalar

  • Абдуллаев А. Ўзбек тилида экспрессивликнинг ифодаланиши.-Т: "Фан", 1983.
  • Ўзбек тили лексикологияси. -Т: "Фан", 1981, 160-б.
  • Қосимова М. Бадиий нутқ индивидуаллигининг лингвистик хусусиятлари.-Андижон, НДА. 1996.
  • Қиличов Э. Матннинг лингвистик таҳлили. -Бухоро, 2000.
  • Худойбердиев Ж. Сўз - ўзга маъни ўзгадур.-Т., 1997.
  • Худойбердиева Ҳ. Сайланма. Шарқ. Т.: 2000, 16-б.
  • Йўлдошев М. Бадиий матн ва унинг лингвопоэтик асослари. Ўқув қўлланма. Т.: 2007.