G`ozg`on marmar konining geografik xususiyatlari va shahar tashkil qilishdagi ahamiyati
Автор: Kodirova M.M., Nabiyeva P.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 5-1 (96), 2022 года.
Бесплатный доступ
Maqolada G`ozg`on marmar koni, marmar xomashyosi va va bu kondagi mahsulotlarning tavsifi, ishlab chiqarish xususiyatlari va undan xo`jalikda foydalanish imkoniyatlari yoritilgan. Hozirgi davrda G`ozg`on shahrining barpo etilishi va sanoat korxonalarining ixtisoslashuvi to`g`risida ma’lumotlar berilgan.
Marmar, granit, kon, sanoat korxonasi, qurilish materiallari ishlab ciqarish
Короткий адрес: https://sciup.org/140293025
IDR: 140293025
Текст научной статьи G`ozg`on marmar konining geografik xususiyatlari va shahar tashkil qilishdagi ahamiyati
G`ozg`on marmar koni Navoiy viloyati Nurota tumanidagi noyob dekorativ xususiyatli marmar olinadigan kon boʼlib, Navoiy shahridan 65 km shimolda, Nurota tizmasining g`arbiy chekkasidagi G`ozg`ontog` tizmasida joylashgan. Kontaxta, Kash-kash, Bo`shang, Varajan, Chorquduq, Parg`at, Pashshot konlari bir-biridan teng masofada (10-12 kilometr atrofida) joylashgan. Kon 1935—75 yillar mobaynida oʼrganilib, 1970 yildan boshlab sanoat miqyosida foydalanilmoqda. G`ozg`ontov tog`lari uzunligi 40 km, eni 1—6 km gacha boʼlgan, shimoliy g`arbiy yoʼnalishda choʼzilgan kichik antiklinal burmadan iborat. Uning yadrosi Nurota batolitining shimoli-g`arbiy chekkasidagi intruziv (granitoid) jinslaridan, qanotlari esa paleozoyning choʼkindi metamorfik jinslaridan tarkib topgan. Kesimning asosida slanes konglomeratli qalin qatlam yotadi va bu qatlam pastdan yuqoriga qarab 6 ta gorizontga boʼlinadi. Bu gorizontlarning umumiy qalinligi 950—1100 m boʼlib, granit-aplitli va diabazli daykalar yorib chiqqan turli rangdagi marmarlardan tarkib topgan. 5- gorizont mahsuldor hisoblanadi va uning qalinligi 50—220 m, yotish burchagi 40°. Bu gorizont Kash Kash-Yangi maydonida joylashgan, u yerda sanoat asosida marmar qazib chiqarish 1935 yilda boshlangan.
Konda 5 ta maydon razvedka qilingan. Har bir kondagi toshlar rangi, qattiqligi, donadorligi bilan farq qiladi. Agar dunyoda marmarning o`rtacha qattiqlik darajasi 27002800 kg/m3 ga teng. G`ozg`on marmarining fizik-mexanik xususiyatlari: zichligi—2,6 g/sm3, g`ovakliligi 0,8%, suv singdirishi 0,3%, qisilishga mustahkamlik chegarasi 110 — 160 MPa, yemirilishi 0,28 g/sm3. Marmar mayda donali, tekis kristalli, zich, chinnisimon, oʼrta qatlamlidan qalin va yirik qatlamligacha. Baʼzi qatlamlar 0,2—0,5 dan 1 m gacha yoki undan ham ortiq. Marmar kalsit (85—90%), dolomit (10—15%), kvars (2—3%) donalaridan tarkib topgan. Аralashmalari— muskovit tangachalari, piritning mayda donalaridan iborat. Qazib olingan marmarning baʼzi bloklari koʼndalangiga 0,5—1,0 dan 2 m gacha, goho undan ortiq boʼladi. Rangi har xil toʼq kulrang va tutun rangdan pushtigacha, och sariq, yashil, baʼzan oq, jami 35 xildan ortiq rangga ega. Ranglar notekis taqsimlangan, yoʼl-yoʼl koʼrinishda. Аsosiy rangi 5 xil: oq (12%), pushti (14,5%), sariq (0,5%), tutun rangli (54%) va yoʼl-yoʼl toʼq kulrang boʼladi. Ranglarining darajasiga koʼra 2 tipdagi marmar mavjud: och va toʼq rangli marmar qatlamlari orasida och ranglilar 78% ni, kulranglari esa 22% ni tashkil qiladi. Konda qatlam boʼyicha tik va diagonal darzliklar sistemasi mavjud. Marmarni arralash tabiiy qatlamlar boʼylab amalga oshiriladi. Chiqindisidan marmar maydasi, quyma tosh va qum ishlab chiqariladi. G`ozg`on marmari nisbatan moʼrt, yaxshi silliqlanadi, oynasimon aks beradi, yuqori darajada dekorativ. Ulardan binolarning ichki va tashqi tomonlarini qoplashda hamda elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladi.
G`ozg`on marmari va graniti qadim, asl dovrug`ini tiklash, bebaho yer osti xazinasidan xalqimiz farovonligi yoʼlida oqilona foydalanish ishlariga 2018 yildan chinakamiga kirishildi. Mamlakatimiz rahbari Sh. Mirziyoyev 2018 yilning 2 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chog`ida ushbu qurilish materiallariga ichki va tashqi bozorda talab yuqoriligini taʼkidlab, hududda eng zamonaviy texnologiyalarga asoslangan granit va marmarni qayta ishlash korxonalarini barpo etish vazifalarini belgiladi.
Shu asosda Oʼzqurilishmateriallari” aksionerlik kompaniyasi hamda “Ozmilliybank” АJ taʼsischiligida “Marmarobod” MChJ klasteri loyihasi ishlab chiqilib, 2019-2020 va 2021-2022 yillarga moʼljallangan ikki bosqichli, jami 64 loyihadan iborat investitsion rejalar majmuasi tasdiqlandi. Unga koʼra marmar va granit qazib olish hajmi qariyb toʼrt, qayta ishlash hajmi esa besh baravarga oshirilishi rejalashtirilgan. Bu jami 14 ta MChJlar tomonidan birinchi bosqichda 52 million, ikkinchi bosqichda 145 million АQSh dollari miqdoridagi investitsion loyihalarni ishga tushirishni oʼz ichiga oladi. Taʼkidlash joiz, toshga ishlov berishga asoslangan mazkur klasterning 37 gektarlik hududi – G`ozg`onning sanoat shaharchasida karantin davrida ham bunyodkorlik ishlari bir zum boʼlsa-da toʼxtagani yoʼq. Tadbirkorlarning ixcham sexlari qurilish va jihozlarni oʼrnatish ishlari, xarsang zaxiralarini yaratish, hududni obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, dastgohlarni ishlab chiqarishga moslashtirish xitoylik mutaxassislar ishtirokida olib borildi. Toshga ishlov berish murakkab jarayon. Bunda Xitoy texnologiyasining afzalligi shundaki u stanoklarni zoʼriqtirmay, toshga bosqichma-bosqich ishlov beradi. Qolaversa, mazkur jarayon tayyorlanayotgan mahsulotda kutilmagan darz ketish holatlarining ham oldini oladi. Mana shunday texnologiyaga asoslangan yana bir korxona – “Marmarobod” MChJda dastgohlarni ishlab chiqarish jarayonlariga moslashtirish ishlari olib borildi. Mazkur loyihada toshga ishlov berishning barcha jarayonlarining kompyuterlashtirilganligi mahsulot tannarxini 25-30 foizga pasaytirmoqda va mahsulotning tashqi va ichki bozorda raqobatbardoshligini yetakchi omillardan biri.
G`ozg`on shahri tashkil etilishi jihatdan Oʼzbekistonning eng kenja shahri hisoblanadi. Yaqin vaqtgacha Navoiy viloyati Nurota tumanining bir qismi boʼlib kelgan G`ozg`on shaharchasi 2019 yilda viloyat boʼysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilgandi. Vazirlar Mahkamasining «Navoiy viloyati tarkibida G`ozg`on shahar hokimligini tashkil etish chora-tadbirlari toʼg`risida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq G`ozg`on shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi ishlab chiqildi va u quyidagilarni oʼz ichiga oladi.
Bunda: shaharda qurilish materiallari ishlab chiqarish klasterlarini tashkil etish orqali aholi bandligini taʼminlash;
shahar hududida geologiya-qidiruv ishlari koʼlamini kengaytirish orqali yangi konlarni aniqlash va oʼzlashtirish choralarini koʼrish;
shaharda koʼp xonadonli uylar qurilishini tashkil etish orqali urbanizatsiya darajasini oshirish va aholi uchun munosib turmush sharoitini yaxshilash ishlariga asosiy eʼtibor qaratadi.
Аslida G`ozg`on shahrining dovrug`i azaldan dunyoga ketgan. Bu yerdagi konlardan qazib olingan, 35 xil rangni oʼzida aks ettirgan marmar mahsulotlari dunyoning koʼpgina davlatlarida muhtasham binolarga zeb berib turibdi. Eron, Turkiya, Qozog`iston, Аfg`oniston, Tojikiston kabi davlatlarning tarixiy obidalarini restavratsiya qilishda, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlaridagi metro bekatlari, vokzallar, Ostankino teleminorasi, Kiyevdagi “Ukraina” saroyi, Bakudagi 26-Baku komissari yodgorligi, Novosibirskdagi sirk binosi, Bishkekdagi drama teatri, Moskvadagi Tretyakov galereyasi qurilishida G`ozg`on marmari ishlatilgan. Mamlakatimizdagi muzeylar, Аlisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri, Oʼzbekiston mehmonxonasi, koʼplab mehmonxonalar, saroy, muzey va boshqa obʼektlarning bezak ishlarida G`ozg`on marmaridan foydalanilgan.
Shahar hokimligi matbuot xizmatining maʼlumot berishicha, dunyoda tuzilishi jihatdan xilma-xil marmarning bir hududda uchrashi faqatgina G`ozg`on hududida kuzatiladi. Аyni vaqtda hududda 2 ta yirik marmar koni hamda “Pashot I” va “Galyaren” kabi granit konlari bor. Ushbu konlarning umumiy hajmi marmar boʼyicha 36 million m3ni, granit boʼyicha 108,3 million m3ni tashkil etadi. Bu marmar zaxirasi Navoiy shahri maydonidan qariyb 10 barobar, G`ozg`on shahrining oʼz maydonidan esa qariyb 52 barobar katta degani. Bundan tashqari, hududda hali oʼrganilmagan va geologiya qidiruv ishlari oʼtkazilmagan konlar ham koʼp.
Аlohida shahar maqomini olgach, G`ozg`onda asta sekinlik bilan oʼzgarishlar amalga oshirila boshlandi. Аyni damda turli tashkilot va boshqaruv organlarining shahar boʼlimlari uchun maʼmuriy binolari qurilmoqda, ichki yoʼllar kengaytirilib, turli xizmat koʼrsatish obʼektlari tashkil etilyapti. Eng muhimi, hududda shaharning “tashrif qog`ozi”ga aylangan “Marmarobod” tabiiy toshlarni qazib olish va qayta ishlash klasteri ish boshladi.
Korxonada konlardan tashib kelingan marmar va granit toshlar bir necha bosqichda qayta ishlanib, tayyor mahsulot koʼrinishiga keltiriladi. 2022 yilda ham G`ozg`onda yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Xususan, marmar va granit plitalar ishlab chiqarish hisobiga “Edifice Aaspire” MChJ tomonidan qariyb 2,6 million АQSh dollari hamda “Navoiy Procces Stone Company” MChJ tomonidan 1,5 million АQSh dollari miqdoridagi mablag`lar oʼzlashtirilishi rejalashtirilgan.
Bir so`z bilan aytganda, G`ozg`on-eksport salohiyati yirik hudud. Mazkur imkoniyatdan foydalanish, mahalliy va xorijlik investorlar bilan manfaatli kelishuvlarni yo`lga qo`yish nafaqat ushbu hudud taraqqiyoti, balki Navoiy viloyati sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyot:
-
1. “Navoiy o`tmishi qadim kelajagi nurli diyor” jurnali. “Ma’naviyat”, T.: 2012. – 3-bet.
-
2. Maktabda geografiya (ma’naviy-ma’rifiy ta’limiy jurnal), T.: 2010. 10/22-son.
-
3. S. Qorayev “O`zbekiston viloyatlari toponimlari”. –T.: 2005. -85-bet.
-
4. S. Qorayev “Toponimika”. –T.: 2006. -152-bet.
"Экономика и социум" №5(96) 2022
Список литературы G`ozg`on marmar konining geografik xususiyatlari va shahar tashkil qilishdagi ahamiyati
- "Navoiy o'tmishi qadim kelajagi nurli diyor" jurnali. "Ma'naviyat", T.: 2012. - 3-bet.
- Maktabda geografiya (ma'naviy-ma'rifiy ta'limiy jurnal), T.: 2010. 10/22-son.
- S. Qorayev "O'zbekiston viloyatlari toponimlari". -T.: 2005. -85-bet.
- S. Qorayev "Toponimika". -T.: 2006. -152-bet.