Ijodkor siymosiga badiiy chizgilar (xotira-esselar)

Автор: Kazakova G.Q.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 8 (99), 2022 года.

Бесплатный доступ

Maqolada xotira-esselarning o`zbek adabiyotidagi o`ziga xos o`rni, tarixiy taraqqiyot nuqtayi nazaridan adabiyotning boshqa janrlari bilan bevosita aloqadorligi tahlil qilingan

Xotira-esse, improvizatsiya, falsafiy-estetik esse, adabiy-tanqidiy esse, tarixiy-biografik esse, ijtimoiy-siyosiy esse, badiiy-publitsistik esse, fantastik esse

Короткий адрес: https://sciup.org/140300572

IDR: 140300572

Текст научной статьи Ijodkor siymosiga badiiy chizgilar (xotira-esselar)

O`zbek adabiyotida esse janri ko`proq improvizatsiya asosida yuzaga keladigan janr bo`lib, adabiyot tarixi, hozirgi adabiy jarayonning muayyan muammolari, yozuvchi va ijodkorlar ma’naviy dunyosi, biron bir asar yaratilish tarixi, asar mavzusi yuzasidan muhokama va mushohadalar majmuyi hisoblanadi. Esselarni mazmun va tuzilish jihatdan: falsafiy-estetik, adabiy-tanqidiy, tarixiy-biografik, xotira, ijtimoiy-siyosiy, badiiy-publitsistik va fantastik esselarga bo`lib o`rganish mumkin. Adabiyotda esse janri boshqa janrlarga nisbatan keyin paydo bo`lishiga qaramay bu kabi tasniflanishga erishilishi, ijodkorlar aynan shu janrning eng noyob durdonalarini yaratib kelayotganligi, esse janri taraqqiyot cho`qqisini zabt etganligidan dalolat. Bevosita esse janrining keng imkoniyatlari, yozuvchi- shoirlar, adabiyotshunos olimlarda erkin fikrlash imkoniyatini beruvchi, an’anaviylikdan voz kechib hayotni turli bo`yoqlarda aks ettirish imkoniyatini ham beruvchi janr sifatida maydonga keldi.

Yuqorida tasniflangan esse turlari ichida xotira-esselar o`zbek adabiyotida o`ziga xos o`ringa ega bo`lib, tarixiy taraqqiyot nuqtayi nazaridan adabiyotning boshqa janrlari bilan bevosita aloqadorligi ta’kidlanadi. Esselar dastlab badi’alar tarzda namoyon bo`lar ekan, sharqda Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino risolalaridagi teran muhokamalarga asoslangan ibratomuz bitiklarda ham badiiy xotiralar namoyon bo`ladi.

Keyinchalik Alisher Navoiy yaratgan “Majolis un-nafois” tazkirasi, “Hayrat-ul abror”ning ayrim boblari (“Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviy madhi”, “Abdurahmon Jomiy madhi”, “Husayn Boyqaro madhi”, “Badiuzzamon haqida”), “Mahbub-ul qulub” asari, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlari esse janri yuzaga kelishidagi dastlabki namunalar sifatida e’tirof etiladi. Aynan “Boburnoma” esse janrining turfa xil janr unsurlarini o`zida namoyon etgan memuar asardir. Adabiyotshunos S.Umirov “Boburnoma” ilm, badiiyat, maqolanavislik, ocherk, esse xususiyatlarini ajib tarzda mujassam etgan go`zal sinkretik asardir” deya ta’riflagan edi. [5:76] Muallif voqealarga va qahramonlarga o`z nuqtayi nazaridan obyektiv baho beradi. Asardagi voqelik tarixiy zamon va makonda aks ettiriladi. Ana shu memuar jihatiga ko`ra “Boburnoma” sof xotira asardir. Aynan shu asar badiiy, ilmiy, hatto publitsistikaga xos ocherk, yo`l xotirasi, ilmiy mulohaza shaklidagi esse janri unsurlarini ham yaxlit bir butunlikda namoyon etgan. Shu sababdan “Boburnoma”ni esse tipidagi asar deyishimiz mumkin.

Keyinchalik yaratilgan Muqimiy qalamiga mansub “Sayohatnoma” asari ham yo`l xotiralari va avtobiografik yo`nalishdagi asar hisoblanib esse janri taraqqiyotida o`ziga xos o`ringa ega. Asarning “Qo`qondan Shohimardonga”, “Qo`qondan Farg`onaga”, “Qo`qondan Isfaraga” qismlarida ijodkorning qishloqlarga bergan ta’rif-u tavsifi shaxsiy kechinmalar asosida qalamga olingan bo`lib esse yaratilish tamoyillarida ham aynan shu jihat ustunlik qiladi. Ya’ni erkin fikr, rang-barang mavzu, ijodkor ruhiy olami tasviriga qaratilgan voqea-hodisa yoki shaxs haqida shaxsiy mulohaza hamda qarashlarni ifodalovchi bu janr imkoniyatlari shu zaylda taraqqiy etgan va adabiy tanqidchilikda o`ziga xos o`ringa ega.

Hozirgi adabiy jarayondagi xotira-esselar shakllanishida aynan mana shu tarixiy taraqqiyot asosiy bosqichni o`tagan desak bu ayni haqiqat. Ijodkorlar S.Ahmad, Sh.Xolmirzayev, O.Sharafiddinov, I.G`afurov, A.Muxtor, N.Fozilov,

O`.Umarbekov, A.Oripovlar o`zining xotira-esselari bilan o`zbek adabiyotini boyitdi. O`zbek xotira-esselarida mashhur shaxslarning hayoti va ijodi, dunyoqarashi, fe’l-atvori, madaniy saviyasi, xarakteri yozuvchi nuqtayi nazari bilan ochiladi. Ayni shu jihat esse yaratish tamoyillariga to`la mos keladi.

O.Sharafiddinovning “Dovondagi o`ylar” kitobidagi “Mustaqillik me’mori” xotira-essesi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug`aniyevich Karimov haqida bo`lib, ilk yo`lboshchimizning siyosat maydoniga kirib kelishidan tortib, istiqlol yillariga qadam qo`yishdan avvalgi xalqning tahlikali va o`ta og`ir turmush sharoiti, moddiy va ma’naviy muammolarni bartaraf qilishdagi byurokratik tizimni parchalashdagi sa’y-harakatlari hamda istiqloldan keyingi bunyodkorlik ishlariga tashabbuskorligi yoritiladi. “Tarixdan ma’lumki, mustaqillikka erishmoq – juda mushkul ish. Lekin uni saqlab qolmoq, istiqlol yo`liga kirgan o`lkani bo`hronlar botqog`idan olib chiqmoq, turli-tuman yovuz kuchlar xurujidan asramoq yanada qiyinroq ekan. Buning uchun yakka niyat va xohishning o`zi kifoya qilmaydi. Bu ish beqiyos fidoyilikni, chinakam qahramonlik va dovyuraklikni, yuksak aql-zakovat, ulkan jismoniy va ma’naviy salohiyatni talab qilar ekan”. [6:22]

“Mustaqillik me’mori” xotira-essesida O.Sharafiddinov mustaqillik osonlikcha qo`lga kiritilmaganligini ta’kidlar ekan, ilk Prezidentimiz I.A.Karimovni “Istiqlol me’mori” deya ataydi. Uning me’morligi mamlakatimiz taraqqiyotini belgilab beradigan turli xil loyihalarni ishlab chiqish, ularni amalga oshirishda rahbarlik qilishdan iborat bo`lmaganini, o`z hayotini tahlika ostiga qo`yib bo`lsa ham yurt tinchligini asrashda kamarbasta bo`lganligida, kelajak avlodga esa obod va farovon yurt meros qolishi uchun tinimsiz mehnat, kurash va intilishda ekanligini ta’kidlab o`tadi.

Mamlakat taraqqiyotida iqtisodiy va siyosiy masalalarni hal qilish bilan xalqni to`laqonli farovon hayot kechirishi mumkin deya qo`l qovushtirib o`tirmasdan, insoniyat uchun ruhiyat, ma’naviyat masalalari ham nechog`lik muhim ekanligini nazardan qochirgan emas. Dastlabki qadamlardanoq ma’naviy kamolot masalalarini, milliy qadriyatlarni ko`z qorachig`idek asrash ijtimoiy rivojlanishning eng muhim vazifasi sifatida belgilab berganligini, amalga oshirishning keng ko`lamli va puxta o`ylangan dasturini ishlab chiqqanligini ta’kidlarkan, yurt taraqqiyotini har narsadan aziz bilgan bu insonning naqadar zahmatli bir ish boshida ekanligini qalban tushunishi haqida yozadi. Elimizga mana shu insondek fidoyi o`g`il-qizlar kerakligini alohida ta’kidlaydi.

Asarning “Dovondagi o`ylar” qismida mustaqillikning eng ulug` ne’mat ekanligini, istiqlol shabadalari xalqimiz taqdirida yaraqlagan bir mohtob ekanligi haqida o`y-fikrlarini qog`ozga tushirar ekan, ijodkor o`z tasavvurida xalqining abadiy farovon hayot kechirishi, insonlar orasida zulm-zo`ravonlik, vijdonsizlik, poraxo`rlik, munofiqlik illatlari tag-tomiri bilan bartaraf qilinishi zarurligi haqida alohida to`xtaladi. Shundagina biz istagan mustaqillik abadiy yashashi haqida kuyunchaklik bilan fikr bildiradi.

Ozod Sharafiddinovning asarlari ichida xotira-esselar uning ijodining ajralmas bir qismi hisoblanadi. Shunday ekan ijodkor o`y-fikrlarini umumlashtirgan holda hayot saboqlari haqida teran mushohada yuritishi, turmush chigalliklarini bartaraf qilishda teran nigohlarda hayot haqiqatini anglab yetish darkorligini ko`p bora tilga oladi. Bu ayni Ozod Sharafiddinovga xos o`zgachalik, hech kimga o`xshamas iste’dod egasi ekanligida deya atash mumkin bo`ladi.

Iste’dodli yozuvchi Nosir Fozilovning “Topdim-u yoqotmadim” xotiralar kitobida ham buyuk so`z ustalari, ijodkor va yozuvchilar ibratli hayot yo`llari haqida eslab o`tiladi. “Azizim” (O`lmas Umarbekov haqida), “Ta’zim” (ustozi Hamid G`ulom haqida), “Mulla Shukur” (Shukur Xolmirzayev haqida), “Ukadek aziz, do`stdek qadrdon edi” (Tog`ay Murod haqida), “Yaxshilarga yondashib” (Sobit Muqonov haqida), “She’riy maktub” (G`.G`ulom haqida), “O`zlaridan so`rasak” (M.Shayxzoda haqida), “Kenglik” (Oybek haqida), “Tanishuv” (A.Qahhor haqida), “Uchqo`rg`on” (S.Ahmad haqida) nomli esselarida atoqli o`zbek va qardosh xalqlar adiblari va ularning ijodi haqidagi adabiy portretlar jamlangan. Shu o`rinda adabiyotshunos A.Rasulovning adabiy portret janrining nazariy belgilari haqidagi quyidagi fikrlarini eslash joiz: “Adabiy portret janri tanqidchidan, yozuvchi hayoti va ijodiga oid materiallarni mukammal o`zlashtirishdan tashqari, teran zamonaviy nazariy bilimi, davr va adabiyot taraqqiyotida bosh tamoyillarni nozik anglashni, xarakteri yaratilayotgan san’atkorga nisbatan aniq munosabatda bo`lishni taqozo etadi” [13:68]. Ijodkorning ushbu nazariy qarashlari N.Fozilovning “Topdim-u yo`qotmadim” xotira kitobida to`laqonli o`z aksini topgan. Boisi yozuvchi qo`l urishi lozim mavzu yuzasidan atroflicha emas, balki to`la-to`kis ma’lumotga ega holda har bir buyuk ijodkor siymosini so`z bilan oqqa ko`chirgan.

O`zbek adabiyotida esse janri badiiy ijod va ijodkor siymosi tahlilini to`laqonli namoyon qiluvchi adabiy janr hisoblanadi. Esselarning ijodkor yoki buyuk shaxslar hayot va ijod yo`li haqidagi adabiy o`ylar, tasvirlanayotgan voqea-hodisa yoki shaxs siymosi badiiy portretini gavdalantirish maqsadida yaratilgan xotira-esselar ijodkorning zahmatli mehnati asosida yuzaga keluvchi xazinadir. Xotira-esselarni o`qish orqali biz tasvirlanayotgan shaxsning insoniy xislatlarini yanada chuqurroq anglab yetamiz. Voqea haqida esa batafsil ma’lumot olamiz. Buyuk daholarning ijodiy kamolotini yuzaga chiqargan shaxsiy xislatlari, boshqalardan farqlantiruvchi jihatlarini yaqqol ko`ra olishimiz mumkin.

Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati:

  • 1.    B.Nazarov, A.Rasulov, Q.Qahramonov, Sh.Ahmedova “O`zbek adabiy tanqidchiligi tarixi” T.: 2012

  • 2.    O.Sharafiddinov. “Ijodni anglash baxti”. T.: 2004

  • 3.    O.Sharafiddinov. “Iste’dod jilolari” T.: 1976

  • 4.    O.Sharafiddinov. “Talant – xalq mulki”. T.: 1979

  • 5.    S.Umirov. “Boburnoma” – badiiy maqolanavislikning go`zal namunasi. Jahon adabiyoti jurnali. 2003. № 2. 76-79.

  • 6.    O.Sharafiddinov. “Dovondagi o`ylar”. T.: 2004

  • 7.    N.Fozilov. “Topdim-u yo`qotmadim”. T.: 2010.

  • 8.    U.Normatov. “Ijod va shijoat”. T.: 2006.

  • 9.    M.Qo`shjonov. “Mahorat sirlari”. T.: 1968

  • 10.    M.Qo`shjonov. “Hayot va nafosat”. T.: 1970.

  • 11.    A.Rasulov. Iste’dod va e’tiqod. T.2000.

  • 12.    M.Qo`chqorova. “Badiiy so`z va ruhiyat manzaralari”. T.: 2011

"Экономика и социум" №8(99) 2022

Список литературы Ijodkor siymosiga badiiy chizgilar (xotira-esselar)

  • B.Nazarov, A.Rasulov, Q.Qahramonov, Sh.Ahmedova "Ozbek adabiy tanqidchiligi tarixi" T.: 2012
  • O.Sharafiddinov. "Ijodni anglash baxti" T.: 2004
  • O.Sharafiddinov. "Iste'dod jilolari" T.: 1976
  • O.Sharafiddinov. "Talant - xalq mulki". T.: 1979
  • S.Umirov. "Boburnoma" - badiiy maqolanavislikning gozal namunasi. Jahon adabiyoti jurnali. 2003. № 2. 76-79.
  • O.Sharafiddinov. "Dovondagi o'ylar" T.: 2004
  • N.Fozilov. "Topdim-u yoqotmadim". T.: 2010. S. U.Normatov. "Ijod va shijoat". T.: 2006.
  • M.Qo'shjonov. "Mahorat sirlari". T.: 1968
  • M.Qo'shjonov. "Hayot va nafosat". T.: 1970.
  • A.Rasulov. Iste'dod va e'tiqod. T.2000.
  • M.Qo'chqorova. "Badiiy so'z va ruhiyat manzaralari". T.: 2011
Статья научная