Lexical-semantic analysis of unusual combinations in English and Uzbek literature (in the work of Kahhor and Ernest Hemingway)

Автор: Dehqonova M.I.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 4-1 (83), 2021 года.

Бесплатный доступ

Ingliz va o’zbek adabiyotida leksik-semantik birliklarni ingliz adabiyoti vakili Ernest Xeminguey va o’zbek adabiyoti namoyondasi Abdulla Qahhor ijodi misolida o’rganib chiqish

Leksik-semantik birliklar, peyzaj, metaforik obraz, minimalizm, lingvostilistik xususiyatlar

Короткий адрес: https://sciup.org/140260419

IDR: 140260419

Текст научной статьи Lexical-semantic analysis of unusual combinations in English and Uzbek literature (in the work of Kahhor and Ernest Hemingway)

Xeminguey– zamonaviy Amerika adabiyotining taniqli adiblaridan biri. Har bir ijodkorning o’ziga xos asar yozish uslubi bo’lganidek, Xemingueyning ham o’ziga xos takrorlanmas uslubi bor. Xeminguey peyzaj tasvirida ham metaforik obrazlarni ishlatishdan, tabiat hodisalarini boshqa hodisalar bilan solishtirishdan qochgan. U so’zlarning to’g’ridan-to’g’ri ma’nolarini berishga, tabiat tasvirini imkon qadar his qiladigan qilib yozishga harakat qiladi. Qisqalilik va ma’nodorlilikka erishgan holda, adabiy faoliyatining dastlabki paytlaridayoq yozuvchi o’zi uchun “ayzberg tamoyili” deb atagan usul ishlab chiqdi. Bu haqda o’zining “Death in the afternoon” asarida shunday degan: “Agar yozuvchi o’zi yozmoqchi bo’lgan narsani haqiqatda yaxshi bilsa, o’sha bilganlarining ko’pini tushirib qoldirishi mumkin. Agar u ishonarli qilib yoza olsa, o’quvchi tushurib qoldirilgan narsalarni ham o’zi anglab yetadi. Ayzbergning mahobatliligi shundaki, uning faqat sakkizdan bir qismigina suv yuzasida ko’rinib turadi”. Bu narsa Xeminguey asarlaridagi qisqalilik va aniqlilikni ta’minladi. Yozuvchi o’z asarlarida katta va juda kerakli bo’lgan materialni tashlab yuboradi. Lekin, bu material yo’q bo’lib ketmaydi, u asarni o’qiyotgan o’quvchi uchun oddiy tuyulgan epizodda namoyon bo’ladi. Uning bunday usuldan ko’p foydalanishiga dastlab jurnalistika sohasida faoliyat yuritib, his-hayajonli epitetlar, ortiqcha izohlarni ishlatilmasligini talab qiladigan publisistik uslubda ishlaganligi ham sabab bo’lgan.

Xeminguey asarlarining sintaksisi ham o’ziga xos. Uning asarlarida asosan sodda gaplar ko’p uchraydi. Adib asarlaridagi gaplar sifat yoki ravishlarning ozligi bilan ham ajralib turadi. Chunki, yozuvchi biror narsani tasvirlash uchun boshqa so’zlar va qiyoslashlardan foydalanishdan ko’ra o’sha so’zning o’zidan kelib chiqib ma’nosini ochishni ma’qul deb biladi. Qisqa gaplar bir-birining ustiga quriladi va mazmuniy yaxlitlikni hosil qiladi. Xeminguey ergashtiruvchi bog’lovchilarni ham kam ishlatgan.

Xemingueyning asarlarida minimalizmni ham ko’zga tashlanadi. Bu ayniqsa adibning “Alvido qurol” asarida yaqqol ko’zga tashlanadi. Adib o’quvchiga qahramonlar his-tuyg’ularining tayyor tasvirini bermaydi. Misol uchun, asarning 6-bobida Ketrin va Genrining bog’dagi suhbatini olaylik. Suhbat davomida Ketrin “This is a rotten game we play, isn’t it?” va “Don’t be dull” jumlalarini aytib o’tadi. Boshqa adiblardan farqli o’laroq Xeminguey bunday suhbatlarda o’sha paytda qahramonning kayfiyati qanday bo’lgani, gapirish ohangi haqida izoh berib o’tirmaydi. Masalaning bu tomonini o’quvchining o’ziga havola qiladi.

Xeminguey asarlarining lingvostilistik xususiyatlarini uning “Chol va dengiz” asari misolida tahlil qilaylik. 84 kun mobaynida Santiago birorta ham baliq tutolmaydi. Lekin, u odatiga ko’ra har kuni dengizga chiqishni kanda qilmaydi. Bir kuni u olis dengizga chiqadi va ulkan marlinni tutib oladi. Lekin bu bilan uning sarguzashtlari tugamaydi. U o’zi tutgan marlinni akulalardan himoya qilsh uchun ular bilan olishadi, ammo oxir-oqibat u faqatgina marlin suyaklari bilan qoladi va sohilga qaytib keladi. Bu voqea keksa baliqchini ruhiyatini sindirmaydi, aksincha, o’ziga bo’lgan ishonchini qaytarib beradi. Adibning ilk hikoyalari kabi bu qissa sintaksisi ham o’zining sifat va tasvirlashlar kam ishlatilgan sodda gaplardan tuzilganligi bilan ajralib turadi. Uning ayzberg tamoyiliga ko’ra asar sintaksisining soddaligi o’quvchini sodda gaplar ortiga yashiringan chuqur ma’no qatlamlarini osonroq tushinib yetishiga yordam beradi. Xeminguey sintaksisi ushbu asar nazmining o’ziga xosligini ta’minlagan. Bunday o’ziga xoslik qisman sintaksis va qisman so’zlarning tanlanishi orqali ta’minlangan. Gaplarning qayerda, qanday tuzilganligi o’quvchini asardagi fikrlar oqimiga olib kirib ketadi. Quyidagi misol fikrimiz isboti:

“He no longer dreamed of storms, nor of woman, nor of great occurrence, nor of great fish, nor fights, nor contests of strength, nor of his wife. He only dreamed of places now and of the lions on the beach. They played like young cats in the dusk he loved them”

Bu sodda gaplardan tuzilgan parcha. Bundan maqsad faqatgina soddalikni ta’minlash emas, balki asar oqimini yaratish hamdir. Bu yerda stakatoning ishlatilishi asardagi ma’nolarni to’la ifodalab bergan. Masalan, yuqorida keltirilgan parchada alohida-alohida berilgan gaplar chol har kuni omadli bo’lishiga urinayotgani uchun uning nazarida vaqt tez o’tib ketayotgandek tuyilayotganini ifodalab bergan. Bu yerda fikrlar oqimining tezligi dabdabali va qo’polroq tarzda berilgan.

Xeminguey o’zining sodda sintaksisi bilan mashhur. Uning ko’plab kitoblarini o’qiganlar uchun bu xususiyat yaqqol ko’zga tashlanadi.

“Adabiyot ko’ngil ishi, ilhom samarasi,-deydi A. Qahhor o’zining “Suhbat” degan maqolasida.-Tuyg’usiz, ilhomsiz yozilgan asar changlanmagan gulga o’xshaydi-meva tugmaydi. Ko’ngil rozi bo’lgan asargina kitobxonning ko’ngliga yo’l topadi, kitobxonning ko’nglida meva tugadi. Adabiyotimizda ilhomsiz yozilib, kitobxonning ko’ngliga yo’l topolmagan, topa olmayotgan, demak adabiyotdan benom-nishon ketgan, ketadigan asarlar oz emas. A.Qahhor har bir asar ilhom bilan yozilishini ta’kidlar ekan, ilhomning makoni esa xalqning dilida - majburiyat emas, zaruriyat, xohishga aylangan mehnatning shavkati, baxtiyor odamning qahqahasida, jabrdiyda ko’z yoshida, oshiq va ma’shuqlarning ko’zlari va so’zlarida, odamda mehr va g’azab uyg’otadigan hodisa va voqealarning mag’zida bo’lishini istaydi. Shuning uchun ham A.Qahhor 1965-yil prozasi haqida fikr-mulohazalar bildirar ekan, eng avvalo badiiy mahorat chiroyli iboralar, chiroyli ifodalar, ayniqsa voqealar, kulgili yoki qayg’uli holatlar topish emas, xalqqa aytadigan gapi naqadar muhim, naqadar katta, naqadar zarur bo’lsa, kitobxonning qalbiga olib kiradigan pishiq obrazlar yaratilishini, uning kitobxonning qalbiga olib kiradigan badiiy obrazlari ham shu qadar kuchli bo’lishini uqtiradi.

“Anor” hikoyasiga yozuvchi xalq qo‘shig‘idan olingan quyidagi ikki misrani epigraf qilib keltiradi:

Uylar to‘la non, och-nahorim, bolam,

Ariqlar to‘la suv, tashnayi zorim, bolam.

Bu epigraf o‘tmishda mehnatkash xalq hayoti nihoyatda og'ir bo‘lganligi haqida hikoyada ilgari surilganini to‘liqroq tushunishimizga yordamlashadi.

Yozuvchining “Bemor” hikoyasiga epigraf qilib keltirilgan “Osmon yiroq, yer qattiq” va “O‘g‘ri” hikoyasiga epigraf sifatida tanlangan “Otning o'limi-itning bayrami” singari xalq maqollari ham xuddi shunday vazifani bajaradi. Abdulla Qahhor “Dahshat” hikoyasida esa o'tmishda xotin-qizlarga o‘tkazilgan zulmlarni o‘z boshidan kechirgan va haqoratlarga qarshi bosh ko‘targan ayollarning biri — To'raxon ayaning: “Xotin-qizlarning burun zamonda ko‘rgan kunini bilmaysizlar, qizlarim, aytgan bilan ishonmaysizlar!” degan so'zini epigraf qilib keltirgan. Yozuvchi bu so‘zlari tasodifan havola etmaydi. Birinchidan, o'tmish hayotini faqat kattalardan eshitib, kitoblardan bilgan o'quvchi — yangi avlod paydo bo'ldi. Uni hamma narsaga ishontirish qiyin. Yozuvchi “Dahshat”da hikoya qilgan voqeani o'tmishda yuz bergan yo sodir etilishi mumkin bo‘lgan hayotiy hodisalardan biri, kichkinagina misol demoqchi. Ikkinchidan, muallif bu epigraf bilan o'quvchini ko'ngilsiz hodisaning ro‘y berishini ko'rishga tayyorlaydi, voqea ohangini oldindan belgilaydi. Biroq har bir katta yozuvchi barcha tasviriy vositalar qatorida portretdan ham o‘z g‘oyaviy-badiiy maqsadlariga muvofiq holda foydalanadi. A. Qahhor “Sarob” romanida portret chizishda qiyosiy tasvir usulidan naflanadi. Bu yo‘l bilan, xususan, Murodxo‘ja domla va uning qizi Soraxon obrazlari chiziladi. Bu ikki shaxs bir-birini to'ldiradi, aniqlashtiradi. Domla portretini mufassal chizishda yozuvchi o'xshatishlarni ham ishga soladi. Ular domlaning fe’l-atvoriga mos tushadi. Uyga “o‘rta bo‘yli, yo‘g‘on gavdali, ko‘k movut avrali po‘stin kiygan, qirq besh yoshlardagi bir kishi kirdi. Uning mo‘ylovga o‘xshagan qoshlari ko'zining ustiga tushib turar, kichkina do'ppisi qoplay olmagan tepakal boshi hozirgina pardozlangan sariq etikning tumshug'iday yaltirar edi. Ikki lunji osilgan” (shu jumlaning o’zida ham A. Qahhorning leksikasi qanchalik boy ekanini va uni o’z o’rnida qo’llay olishini ko’rishimiz mumkin. So’zlar vositasida qahramon ko’rinishini gavdalantirib beradi go’yo). Yozuvchi A. Qahhor “Dahshat” nomli hikoyasida asosiy qahramon Unsinning garov o'ynaganidan so‘ng qabristonga kirishini tasvirlaganda, tabiat manzaralarigaquyidagicha ta’rif beradi: “Ko‘r oydin. Osmonning chekkasi sariq-kir uvadaga o‘xshaydi. Bor kir shu’la qo‘ynida past-baland uylar, shamolda egilayotgan, tebranayotgan daraxtlar qop-qora ko'rinadi. Pishqirayotgan shamol har xuruj qilganida Unsinni tentiratar, talay loyga surib tashlar edi...”. Bu manzara qabristonga ketayotgan qahramon qalbida qo'rqinchni yanada kuchaytirishga va o‘quvchining uni yaxshiroq his qilishiga hamda hikoya davomida yuz beradigan fojiaga, ya’ni Unsinning o'limi voqeasiga tayyorlab borish maqsadiga xizmat qiladi. Demak, mazkur tabiat manzarasi, qahramon xarakteri va taqdirini ta’sirchan, esda qoladigan darajada aks ettirish imkonini bergan.

Xeminguey ijodida ko’rganimiz kabi A. Qahhor ham asarlarida asosan sodda gaplardan foydanadi, gaplarga ortiqcha zeb bermaydi. Ammo voqealar bayoni shunday bayon qilinadiki, kitobxonni qahramon tuyg’ulariga tuyg’udosh qilib qo’yadi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

  • 1.    Хашимов Г. М. Типология сложных предложений разносистемных язиков. Т. «Фан» 1991

  • 2.    Лидский Ю. Я. Творчество Эрнеста Хемингуэя. Изд. 2-е. –К.: Наукова думка, 1978

  • 3.    Qo’shjonov M. “Abdulla Qahhor mahorati”. T. G’. G’ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyoti,1988

  • 4.    Sanjar Sodiq “So’z san’ati jozibasi”. T. “O’zbekiston”, 1996

"Экономика и социум" №4(83) 2021

Список литературы Lexical-semantic analysis of unusual combinations in English and Uzbek literature (in the work of Kahhor and Ernest Hemingway)

  • Хашимов Г. М. Типология сложных предложений разносистемных язиков. Т. "Фан" 1991
  • Лидский Ю. Я. Творчество Эрнеста Хемингуэя. Изд. 2-е. -К.: Наукова думка, 1978
  • Qo'shjonov M. "Abdulla Qahhor mahorati". T. G'. G'ulom nomidagi adabiyot va san'at nashriyoti,1988
  • Sanjar Sodiq "So'z san'ati jozibasi". T. "O'zbekiston", 1996
Статья научная