“Ommaviy madaniyat” ning salbiy ta'siri va uning oldini olish yo’llari
Автор: Bozorova G., Ulugberdiyeva G., Artiqova A.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 6-1 (97), 2022 года.
Бесплатный доступ
Kelajagimiz bunyodkorlari bo`lmish yoshlarimizning ta’lim va tarbiyasiga salbiy ta’sir ko`rsatayotgan “ommaviy madaniyat” bugun barchamizni hushyorlikka chaqirmoqda. Zero, globallashuv tomon intilayotgan yoshlarimiz har qanday “yangilik” ham yaxshilik keltirmasligi xususida o`ylab ko`rishlari darkor. Binobarin, ushbu maqolada “ommaviy madaniyat”ning millat kelajagiga ta’siri, unga qarshi mafkuraviy immunitet yaratish yo`llari, shuningdek, mamlakatimizda bu borada olib borilayotgan ma’naviy-targ`ibot ishlari xususida fikr yuritilgan.
Короткий адрес: https://sciup.org/140300417
IDR: 140300417
Текст научной статьи “Ommaviy madaniyat” ning salbiy ta'siri va uning oldini olish yo’llari
“Ommaviy madaniyat”ning kuchi bugungi kunda ochiq-oydin ba’zi holda yashirincha tarzda targ’ib qilinayotgani, achinarlisi uning ta’siriga tobora berilayotganimizdir. Ayniqsa, yoshlar madaniyatining yo’qolib borayotgani, milliy qadriyat, urf-odatlarimiz, an’analarimizning oyoqosti qilinishi va bu holatga shunchaki “zamonaviylik” deya qarayotganimiz sababchi bo’lmoqda. Qalbga nish sanchib turadigan tomoni shundaki, hali murg’ak ongida yaxshi-yomon, oq-qorani ajratolmaydigan bolalarimizning unga ko’r-ko’rona ergashishi, shu bilan birga kattalarimizning beparvo, e’tiborsizligi eng og’riqli nuqtaga aylanib boryapti. Farzand tarbiyasi nihoyatda mas’uliyatli va dolzarb masalalardan biri. Tarbiya bolaga “Ona qornidaligidan beriladi”, deydi donishmandlar. Shunday ekan, turmush tasvishlaridan hech ortmaydigan ota-onalarimiz, jonkuyar tarbiyachi va o’qituvchilarimiz, ko’cha-ko’yda savlat to’kib yuradigan mahalla ahllarimiz-hurmatli “katta”larimiz tarbiya masalasiga qanchalik e’tibor berishmoqda?
Ommaviy madaniyatning o’ziga xosligi nimada, uning jamiyatdagi funksiyasi nimadan iborat, insonlar uchun foydali va salbiy jihatlari nimalarda namoyon bo’ladi, jamiyatning taraqqiyotdagi o’rni salbiymi yoki ijobiymi, u nimalarni madh qiladi, u nimalarga da’vat qiladi, uning chaqirig’ida qanday g’oyalar singdirilgan, insonlar, ayniqsa, yoshlarda qanday xulq-atvorni shakllantirmoqda, u ma’naviy tanazzul elchisimi?-degan bir qancha savollar bizni ushbu maqolaga qo’l urishga undadi. Bizningcha, ommaviy madaniyat ko’p qirrali jarayon. Insoniyat tarixida Ommaviy madaniyat o’z faoliyati va maqsadlari, kurashish mexanizmlari hamda usul-tamoyillariga ega bo’lib kelgan.Uning o’ziga xosligi shundaki, u zamonga qarab o’z shakl-shamoyilini o’zgartirib turgan. “Ommaviy madaniyat” ishlab chiqaruvchilari inson psixologiyasini yaxshigina o’zlashtirishgan va qaysi yoshni tezroq o’zlariga og’dirishi-yu, o’zlarining yashirin maqsadlarini amalga oshirish mexanizmlarini chuqur ishlab chiqqanlar. Ularning asosiy maqsadi tez fursatda mo’may daromadga, moddiy ta’minotga ega bo’lishdir. Ular bu maqsadni har xil sabablar bilan yashirishga , xastpo’shlashga harakat qiladilar.
Mutafakkir olim Abu Ali Ibn Sino madaniyatni insonning ruhiy quvvat oladigan ma’naviy manbai, -deb ta’kidlaydi. “Hozirgi vaqtda ko’z o`ngimizda dunyoning geopolik, iqtisodiy va ijtimoiy , axborot-kommunikatsiya manzarasida chuqur o’zgarishlar ro’y berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g’oyaga qarshi g’oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko’ra muhim ahamiyat kasb etmoqda” 1.
Ha, bugun atrofimizda ro’y berayotgan turli voqealarga to’gri va munosib baho bermasdan, kechayotgan jarayonlarga o’zimizning daxldor ekanimizni his qilmay, “bu muammolarga mening daxlim yo’q, ular haqida o’ylash mening uchun emas, boshqalar bosh qotirsin”, degan tushuncha bilan yashashning, loqaydlikning vaqti allaqachon o’tib ketgan. Bugungi zamondoshlarimiz o’tgan asrning 90-yillaridagi odamlar emas. Yurtdoshlarimizning ma’naviy dunyosi yuksalib ijtimoiy faolligi o’sib, daxldorlik tuyg’usi kundan kun kuchayib bormoqda. Binobarin, yuksak ma’naviyatli shaxsni hech kim yenga olmaydi. Yuksak ma’naviyat qaror topgan jamiyat esa hargiz tanazzulga yuz tutmaydi.
Ma’lumki, yoshlar hamma masalada juda ta’sirchan, hissiyotga beriluvchan bo’ladi. Ayniqsa, ular hayotda uchrab turadigan adolatsizlik , nohaqlik holatlarini nozik his qilib, bu boradagi ijobiy va salbiy o’zgarishlarni g’oyat tez va hassoslik bilan qabul qiladi. Shuning uchun ham turli mafkuravviy markazlar chetdan turib, “mutlaq erkinlik” ,“chegarasiz erkinlik”, “erkin axloq” degan soxta g’oyalarni ularning ongiga singdirishga zo’r beradi. Bu yo’lda “ommaviy madaniyat” namunalaridan, turli axborot texnologiyalaridan, radio-televideniye, internetning ijtimoiy tarmoqlari kabi vositalardan makkorlik bilan foydalanadilar.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2021-yil 19-yanvardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarinig hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag’ishlangan yig’ilishidagi ma’ruzasida ma’naviy tarbiya to’g’risida shunday degan edilar:”Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisod bo’lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir. Biz yangi O’zbekistonnni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga , ya’ni bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga asoslanamiz” 2.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya strategik masala. Toki, ma’naviyat insonga yo’lboshchilik qilmasa, uni “egib olish”, “og’dirib olish” juda oson kechadi. “Hammamizga ayonki, bugungi kunda dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surmoqda. Jahonda manfaatlar to’qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jrayonlari bashariyat uchun beqiyos imkoniyatlar bilan birga, kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Terrorizm, ekstremizm, transmilliy va kiber jinoyatchilik, odam savdosi , narkotik kabi tahdidlar xavfi tobora ortib bormoqda…” 3.
Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, eng kuchli va eng taʼsirchan qurolimiz — bu maʼnaviyatdir. Maʼnaviyatli inson — irodali, dunyoqarashi keng, tafakkuri boy va madaniyatli boʻladi. Va aynan yuksak maʼnaviyat “ommaviy madaniyat”ga, buzgʻunchi va vayronkor gʻoyalarga qarshi kuchli himoyadir.
Yurtimiz buyuk insonlar yurtidir. Biz ajdodlarimiz bilan qancha faxrlansak, iftixor etsak shuncha ozdir. Ammo kechagi kun xotira, bizga saboq boʻlsa, ertangi kun bizdan harakatni, umidlar, orzularning roʻyobini kutadi. Ajdodlarimiz kutgan istiqlol bizning davrimizga nasib boʻldi. Endi mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning qadriga yetish, bizdan keyingi avlodga obod va farovon, taraqqiyot yoʻlidan ildam odim otib borayotgan mustaqil Vatanni qoldirish masʼuliyati chin insoniylik, vatanparvarlik burchidir.
Buning uchun, eng avvalo, yoshlarimiz taʼlim tarbiyasiga, dunyoqarashining shakllanishiga eʼtibor berishimiz, turli xil yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolmasliklari, “ommaviy madaniyat” qurboniga aylanmasliklari uchun mafkuraviy immunitetni shakllantirishimiz lozim. Oʻzbek milliy tarbiyasi yetuk, komil insonni andoza qilib olgan. “Ommaviy madaniyat” esa insonni bilim, imon, insof, hayo, sadoqat kabi tuygʻularga loqayd va befarq shaxsga aylantirib qoʻyadi. “Ommaviy madaniyat” qurboni boʻlgan kishi vatanparvar, fidoyi, rostgoʻy, insofli boʻlishi qiyin, chunki u erkin fikrlashi kerak. Mustaqil fikrlovchi odamlar koʻp boʻlsa, “ommaviy madaniyat”ning bozori kasod boʻladi. Shuning uchun ularga oʻrtamiyona, ergashuvchi omma kerak.
Yoshlar qiziquvchan, ishonuvchan, ergashuvchan, lekin katta kuchdir. Shu bois ham “ommaviy madaniyat” qurbonlari koʻproq yoshlardir. “Ommaviy madaniyat” shaxsning didini oʻldirib, millionlab odamlarni mustaqil fikrdan, shaxsiy munosabatdan, demak, oʻzligidan, qalbidan judo qiladi. Bu esa turli xil yot gʻoyalarni gʻarazli maqsadlar yoʻlida targʻib qilayotgan kuchlar uchun ayni muddao. Demokratiya niqobidagi bunday tahdidlardan ogoh boʻlish uchun esa oʻzlikni anglash, mohiyatini tushunish muhim ahamiyat kasb etadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
-
1. Karimov I.A.Yuksak ma’naviyat yengilmas kuch.-Toshkent :Ma’naviyat, 2008.
-
2. Sh.M.Mirziyoyev. “Erkin va farovon demokratik O’zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz”.Toshkent, “O’zbekiston”- 2017.
-
3. Shavkat Mirziyoyev Insonparvarlik ezgulik va bunyodkorlik - milliy g'oyamizning poydevoridir "Tasvir " nashriyot uyi Toshkent 2021.
"Экономика и социум" №6(97) 2022
Список литературы “Ommaviy madaniyat” ning salbiy ta'siri va uning oldini olish yo’llari
- Karimov I.A.Yuksak ma'naviyat yengilmas kuch.-Toshkent:Ma'naviyat, 2008.
- Sh.M.Mirziyoyev. "Erkin va farovon demokratik O'zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz".Toshkent, "O'zbekiston"- 2017.
- Shavkat Mirziyoyev Insonparvarlik ezgulik va bunyodkorlik - milliy g'oyamizning poydevoridir "Tasvir " nashriyot uyi Toshkent 2021.