To‘lov balansini tuzish qoidalari va uni takomillashtirish yo‘llari

Автор: Muxammadibroximov Z.D.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 4-2 (95), 2022 года.

Бесплатный доступ

Ushbu maqola to‘lov balansining davlat tomonidan tartibga solinishi va va iqtisodiyotda tutgan o‘rni haqida izlanishlar olib borilgan. To‘lov balansi - ma’lum vaqt oralig‘ida rezidentlar va norezidentlar o‘rtasidagi barcha o‘tkazmalarning o‘lchovidir.

Aktiv balans, to'lov balansi, defitsit, hisob stavka, makroiqtisodiy siyosat, investitsion, operatsiya

Короткий адрес: https://sciup.org/140292884

IDR: 140292884

Текст научной статьи To‘lov balansini tuzish qoidalari va uni takomillashtirish yo‘llari

Mamlakat to‘lov balansining holati bugungi kunda nafaqat mamlakatning xalqaro operatsiyalarini aks ettiruvchi oddiy hujjat, balki ushbu mamlakat iqtisodiyotining ochiqlik darajasi, uning iqtisodiy-geografik va investitsion imkoniyatlari, oltin-valyuta zaxiralari va mavjud valyuta munosabatlarining qay darajada ekanligi hamda xalqaro raqobatbardoshligi haqida aniq xulosalar shakllantirish imkonini beruvchi iqtisodiy kategoriya hisoblanadi.

To‘lov balansi bu shunday hujjatki, unda mamlakatning xorijiy davlatlar bilan bo‘ladigan aloqalari natijasida yuzaga keladigan valyuta tushumlari va to‘lovlarining haqiqatdagi summasi aks ettiriladi. To‘lov balansi – ma’lum vaqt oralig‘ida rezidentlar va norezidentlar o‘rtasidagi barcha o‘tkazmalarning o‘lchovidir.

To‘lov balansining davlat tomonidan tartibga solishning zarurligi quyidagi sabablar bilan izohlanadi:

Birinchidan, to‘lov balansiga muvozanatsizlik xos bo‘lib, bu holat yoki defitsit, yoki haddan tashqari aktiv qoldiq ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu nomutanosiblik valyuta kursi dinamikasiga, kapital oqimiga, iqtisodiyotning holatiga qattiq salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, AQSh, joriy operatsiyalaridagi defitsitni milliy valyuta bilan qoplash natijasida, inflyatsiyani boshqa davlatlarga eksport qilishga erishgan. Bu esa, xalqaro aylanmadagi dollar ortiqchaligini keltirib chiqardi va XX asrning 70-yillarida Bretton- vuds tizimining izdan chiqishiga olib keldi.

Ikkinchidan, XX asrning 30-yillarida oltin-deviz standarti joriy qilingandan so‘ng, to‘lov balansini muvozanatlashtirishning baho mexanizmi ish bermay qo‘ydi. Shu sababli ham, to‘lov balansini davlat tomonidan ma’lum tadbirlar orqali boshqarilishi maqsadga muvofiq bo‘lib qoldi.

Uchinchidan, xo‘jalik aloqalari tobora globallashib borayotgan hozirgi davrda, iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solish tizimida to‘lov balansining roli borgan sari ortib bormoqda. To‘lov balansini muvozanatlashtirish vazifasi — davlatning barqaror iqtisodiy o‘sishini ta’minlash, inflyatsiyani jilovlab turish va ishsizlikni kamaytirish kabi vazifalar bilan bir qatorda e’tirof etilmoqda.

To‘lov balansini muvozanatlashtirish, odatda, bir qancha ichki va tashqi omillarning to‘lov balansiga ta’sirini baholashni taqozo etadi. Aktiv balansga ega bo‘lgan davlatlar, xalqaro hisob-kitoblarga kirishuvchi mamlakatlarda makroiqtisodiy barqarorlikni mavjud bo‘lishidan manfaatdor bo‘ladi.

Defitsitli to‘lov balansiga ega bo‘lgan davlatlar esa, aktiv balansga ega bo‘lgan o‘z hamkorlaridan import bo‘yicha cheklovlarni kamaytirish, mazkur mamlakatlarga kapital chiqarilishini rag‘batlantirish kabilarni talab qiladi.

To‘lov balansida defitsit mavjud bo‘lgan davlatlar tomonidan, eksportni rag‘batlantirish, import qilinayotgan tovarlarni kamaytirishga, xorijiy kapitalni jalb qilishga, kapitalni olib chiqib ketishni chegaralashga qaratilgan quyidagi tadbirlar qo‘llaniladi:

Deflyatsion siyosat. Bu siyosat, ichki talabni kamaytirishga yo‘naltirilgan holda, o‘z ichiga byudjet mablag‘larini aholi ehtiyojlariga kamroq sarflash, baholarni va ish haqlarini muzlatish kabilarni qamrab oladi. Uning asosiy instrumentlaridan biri bo‘lib, moliyaviy va pul-kredit choralari hisoblanadi: byudjet defitsitini kamaytirish, Markaziy bankning hisob stavkalarini o‘zgartirishi (diskont siyosati); kredit cheklovlari; pul muassasining o‘sib borishiga chegara qo‘yish. Iqtisodiy pasayish, ishsizlikning yuqori ko‘rsatkichi va to‘la foydalanilmayotgan ishlab chiqarish quvvatlari sharoitida deflyatsiya siyosatini qo‘llash, ishlab chiqarish va bandlikning yanada pasayishiga olib keladi. Bu esa, aholining turmush darajasiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatib, vaziyatni yumshatish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar qo‘llanilmasa, ijtimoiy nizolar keltirib chiqarishi mumkin.To‘lov balansi– ma’lum bir vaqt mobaynida (chorak, yarim yil, bir yil va h.k.) bir mamlakat va unda ro‘yxatdan o‘tgan korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralarining boshqa mamlakatlardagi korxonalar, jismoniy shaxslar va davlat idoralari bilan amalga oshirgan barcha iqtisodiy operatsiyalarini o‘zida aks ettiruvchi statistik hisobotdir. Masalan, tovar va xizmatlarni eksport yoki import qilish, boshqa bir davlatga kredit berish yoki jalb etish, kredit bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, xalqaro pul o‘tkazmalari, qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha xalqaro savdolar va boshqalar shular jumlasidandir. Ushbu hisobot mamlakat tashqi iqtisodiy holatini tahlil qilish va unga oid pul-kredit, valyuta siyosati kabi makroiqtisodiy siyosatni amalga oshirish uchun muhim statistik asos vazifasini o‘taydi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasining tasnifiga binoan, to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobi, kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisobi, moliyaviy operatsiyalar hisobi hamda sof xatolar va yo‘qotishlar kabi tarkibiy qismlardan iborat.

Tovarlar va xizmatlar eksporti va importi, bir mamlakatning xorijda ishlovchi hamda o‘sha davlatda ishlovchi chet ellik ishchilarning daromadlari va xarajatlari, bir mamlakatning tashqi aktivlari va majburiyatlari bo‘yicha qo‘lga kiritgan yoki to‘lab berishi lozim bo‘lgan daromadlari, shuningdek, xalqaro pul o‘tkazmalari, grantlar va insonparvarlik yordamlari va boshqa operatsiyalar to‘lov balansining joriy operatsiyalar hisobida aks etadi.

Bundan tashqari, bir mamlakatdagi korxonaning boshqa bir mamlakat korxonasiga katta miqdorda bag‘araz moliyaviy resurs taqdim etishi yoki ixtiyoriy ravishda qarzidan voz kechishi kabi kapital transfertlari hamda yer, tabiiy resurslar, shartnomalar, marketing ishlanmalari kabi ishlab chiqarilmagan nomoliyaviy aktivlar savdolari to‘lov balansining kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisobida jamlanadi.

Nazariy jihatdan, joriy hamda kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisoblari saldosi yig‘indisi moliyaviy hisobning saldosiga teng bo‘lishi lozim. Ammo, amaliyotda hisobot shakllanishida foydalaniladigan ma’lumotlar turli manbalardan olinishi, aktiv va majburiyatlar qiymatining o‘zgarishi va boshqa o‘zgarishlar to‘lov balansi qismlarining nomutanosibligiga olib keladi. Ushbu nomutanosibliklar to‘lov balansida sof xatolar va yo‘qotishlar sifatida ko‘rsatiladi.

Markaziy bank taqdim etgan “O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsion pozitsiyasi va tashqi qarzi” nashriga ko‘ra, 2019-yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha joriy operatsiyalar hisobining defitsiti o‘tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli ikki martaga qisqargan bo‘lib, 1,4 mlrd. AQSh dollarini tashkil etdi. Defitsitning qisqarishi eksportning o‘sish sur’atlari importnikiga nisbatan yuqoriroq bo‘lgani bilan izohlanadi.

Joriy operatsiyalar hamda kapital bilan bog‘liq operatsiyalar hisoblaridagi defitsitlar moliyaviy operatsiyalar hisobi evaziga moliyalashtiriladi. Masalan, joriy operatsiyalar hisobi defitsitining asosiy manbalaridan biri bo‘lgan savdo balansi defitsiti (import hajmining eksport hajmidan ortiqligi) asosan moliyaviy operatsiyalar hisobidagi investitsiyalar va qarzlar evaziga qoplanadi.

O‘zbekiston misolida ko‘radigan bo‘lsak, Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yilning 9 oyi davomida amalga oshirilgan tovarlar importning katta qismini (32%) mashinalar, uskunalar hamda mexanizmlar tashkil qilmoqda. Ushbu mahsulotlar uchun to‘lovlar asosan moliyaviy hisobdagi jalb qilinayotgan investitsiyalar hamda tashqi qarzlar evaziga moliyalashtirildi.

Jahon tajribasida to‘lov balansi hisoboti asosan Markaziy bank yoki Statistika qo‘mitasi (Statistik idora) tomonidan shakllantiriladi va har chorakda foydalanuvchilarga taqdim qilinadi.

To‘lov balansini tuzish markaziy iqtisodiy idoralar faoliyatini muvofiqlashtirishni, shuningdek, axborotlarni to‘plash va ishlashning mavjud tizimini qayta qurishni taqozo etadi, bu esa ko‘p vaqt sarflashni talab qiladi. Davlat dasturi birinchi bosqichda ekspert baholash usullaridan va hisob-kitob ma’lumotlaridan foydalanish asosida to‘lov balansini tuzishni nazarda tutadi. Keyinchalik balansni tuzish usuli birlamchi axborotga ko‘proq yo‘llangan bo‘ladi. O‘zbekistonning to‘lov balansini tuzish ishlari xalqaro moliya tashkilotlarining, eng avvalo, Xalqaro valyuta fondining ekspertlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati

  • 1.    Vaxabov A.V., Srojiddinova Z.X. Gosudarstvenniy byudjet: Uchebnik. -T.: Iqtisod-moliya, 2007.

  • 2.    Sharifxodjaev M.Sh., Srojiddinova Z.X., Tulyaganova N.B. Byudjetnaya politika Respubliki Uzbekistan. Uchebnoe posobie. –T.: TFI, 2001.

  • 3.    Davlat moliyasi tizimi. Normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami, 3 jildlik, -T.: O‘zbekiston, 2002.

  • 4.    Malikov T. Soliqlar va soliqqa tortishning dolzarb masalalari.

  • 5.     https://lex.uz

    "Экономика и социум" №4(95) 2022

Список литературы To‘lov balansini tuzish qoidalari va uni takomillashtirish yo‘llari

  • Vaxabov A.V., Srojiddinova Z.X. Gosudarstvenniy byudjet: Uchebnik. -T.: Iqtisod-moliya, 2007.
  • Sharifxodjaev M.Sh., Srojiddinova Z.X., Tulyaganova N.B. Byudjetnaya politika Respubliki Uzbekistan. Uchebnoe posobie. -T.: TFI, 2001.
  • Davlat moliyasi tizimi. Normativ-huquqiy hujjatlar to‘plami, 3 jildlik, -T.: O‘zbekiston, 2002.
  • Malikov T. Soliqlar va soliqqa tortishning dolzarb masalalari.
  • https://lex.uz.
Статья научная