Xandon pista yetishtirishning dolzarb muammolari
Автор: Axmadjonov A.A., Olimjonov A.D.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 4-2 (95), 2022 года.
Бесплатный доступ
Ushbu maqolada O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi viloyat o‘rmon xo‘jaliklarida adirlik va tabiiy tog‘oldi maydonlarida xandon pista plantatsiyalarini barpo qilish ishlari va ushbu o‘simlikning hususiyatlari haqida ma'lumotlar berilgan
Xandon pista, plantatsiya, o'rmon, adirlik, tog'oldi, maydon, nav
Короткий адрес: https://sciup.org/140292915
IDR: 140292915
Текст научной статьи Xandon pista yetishtirishning dolzarb muammolari
Respublikamizning umumiy maydoni 44457,9 ming gektarni tashkil qilib, shundan 3334,3 ming gektar maydonda sug‘orib dehqonchilik qilinsa, 23473,8 ming gektar maydoni qir adirli, sug‘orilmaydigan maydonlarga kiradi. Shu boisdan bu maydonlardan unumli foydalanish dolzarb masalardan hisoblanadi. Bu borada hozirgi kunda Mamlakatimizning barcha yer maydonlaridan unumli, samarali foydalanish va ularning samaradorligini oshirib borish muhim ahamiyatga ega. Respublikamizning sug‘orilmaydigan lalmikor yer maydonlaridan unumli foydalanib, lalmikor dehqonchilik bilan bir qatorda, ushbu tuproq iqlim sharoitlariga mos, suvsizlikka bardoshli mevali va manzarali daraxtlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
2021 yil noyabrda «Yashil makon» umummilliy loyihasi e’lon qilinib, 200 mln tup daraxt ko‘chati ekish rejalashtirilgan edi. Kuzda 85 mln dona ko‘chat o‘tqazildi. Ko‘plab tashkilotlar, mahallalar, umuman, keng jamoatchilik bu savobli ishda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu yil bahor mavsumida respublikamizda 125 mln dona daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda .
Shularni hisobga olgan xolda xandon pista plantatsiyalarni tashkil etish va yetishtirish agrotexnologiyalarini joriy qilish hozirgi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Bizning lalmikor tuproqlarimiga mos, kam suv talab qiluvchi mevali yong‘oq, handon pista, bodom va boshqa daraxtlardan foydalaniladi. Bu mevali daraxtlar nafaqat oziq-ovqat maxsulotlari sifatida istemol qilinadi, balki ular halq tabobatida dori-darmon uchun ham ishlatib kelinadi. Misol uchun: Abu Ali Ibn Sinoning “Tib qonuni” nomli asarida jigar, oshqozon kabi kasalliklarini davolashda hamda inson tanasining tashqi yaralarni tuzatishda pista o‘simligini o‘rni haqida alohida ba’yon etilgan. Shuningdek, pista o‘simligining mevasi surunkali tus olgan o‘pka kasalliklarini davolashda ishlatiladi. Pista mevasi po‘stidan tayyorlangan damlama oshqozon kasalliklarida ichiladi. Shu bilan birga, pista daraxti oshlovchi moddalar – tanin va qatron olish manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Ming yillardan buyon pista Sharqda organizmni zararli moddalardan tozalashga xizmat qiluvchi ajoyib shifo vositasi sifatida ishlatiladi. Suriya va Fors tabiblari ortiqcha vazndan xalos bo‘lmoqchi bo‘lgan odamlarga pista iste’mol qilishni tayinlagan [1].
Xandon pista jahonning ko‘plab mamlakatlarida muhim qishloq xo‘jaligi ekini hisoblanadi. Dunyo bo‘yicha yiliga 550 ming tonna pista yetishtirilmoqda. Mamlakatimiz xandon pista yetishtiruvchi yetakchi ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatida 13-o‘rinni egallaydi. Bunday noyob mevani tayyorlashning mamlakatimizdagi yillik miqdori 200 tonnani tashkil qilmoqda. O‘zbekiston o‘zining qulay sharoitlari tufayli jahonda xandon pista ishlab chiqaruvchi va eksport qiluvchi o‘nlikka kirib olishi mumkin. Buning uchun bizda barcha imkoniyatlar mavjud. Farg‘ona vodiysi tuproq iqlim sharoitida xandon pista yetishtirish ishlari amalga oshirilmoqda [3].
Xandon pista daraxti ikki uyli, qimmatbaho yong‘oqmeva beruvchi buta daraxt bo‘lib, balandligi 8-10 metrgacha borishi, daraxt aylana diametri 5-6 metrgacha o‘sa olishi mumkin. Mevalari xushta’m oziq-ovqat mahsuloti hisoblanadi. Tarkibida 60% yog‘, 15-20% oqsil, 13% gacha uglevod, 3-8% qand moddasi va ko‘plab mikroelementlar mavjud. Pista yong‘og‘i ichki va tashqi bozorda juda yuqori baholanadi, O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlari uchun esa yuqori samarali eksport mahsuloti hisoblanadi. Sizot suvlari 3 metrdan pastda joylashgan, quruq va yoz oylari issiq xududlarda yaxshi o‘sadi. Sho‘r, toshloq, unumdorligi past va qiyalik adirlarda, ayniqsa kaltsiyga boy yerlarda juda ham yaxshi o‘sadi. Pistaning o‘sishi uchun eng qulay balandlik dengiz sathidan 800 dan 1300 metrgacha bo‘lgan maydonlar hisoblanadi (1-rasm) [2].

1-rasm Xandon pista
Pista qatroni pista terpentini deb nomlanib, yuqori texnik xossalarga ega va samolyotsozlikda keng ishlatiladigan yuqori sifatli laklar tayyorlashda qo‘llaniladi.
Pistani “kombinant daraxt” deb atashlari bejiz emas, chunki uning barcha qismlari (poyasi, barglari, mevalari, qatroni) inson extiyojlarini qanoatlantirishda ishlatilishi mumkin. O‘rta yer dengizi mamlakatlarida (Eron, Turkiya, Suriya va b.) pistani u keltirgan yuqori daromad sababli “Yashil oltin” yoki “Tilla daraxt” deb atashadi [4].
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoevning 2020 yil 6 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi O‘rmo xo‘jaligi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-4850-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tizimidagi viloyat o‘rmon xo‘jaliklarida o‘rmon barpo etish ishlari, jumladan adirlik va tabiiy tog‘oldi maydonlarida xandon pista plantatsiyalarini barpo qilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ushbu qarorga asosan 2021 — 2030 yillarda o‘rmon xo‘jaliklarida daraxt va butalar nihol hamda ko‘chatlarini yetishtirishning prognoz ko‘rsatkichi Andion viloyati uchun 39811 ming donani tashkil etadi [5].
Shuningdek, ushbu qarorda yong‘oq, bodom va pista o‘rmonlarini yuqori hosildor navlar bilan to‘ldirish va sanoat plantatsiyalarini barpo etish. O‘rmon fondi maydonlarida tarqalgan yovvoyi va madaniy holdagi yong‘oqmevali (pista, bodom, grek yong‘og‘i, funduk, pekan va boshqalar) o‘simliklarning genetik resurslarini o‘rganish, saqlash va bioxilma-xilligini ko‘paytirish bo‘yicha hamkorlikda loyihalar ishlab chiqish. O‘rmon xo‘jaligi ilmiy tadqiqot instituti olimlari tomonidan yaratilgan xandon pistaning 13 ta yangi navlarini 2020 yil yakuniga qadar o‘rnatilgan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi topshiriqlar berilgan.
Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligi tomonidan 2017-2021 yillar davomida adirlik va tog‘oldi xududlarda 3 ming gektardan ziyod maydonlarda xandon pista plantatsiyalarini barpo qilish ishlari amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu ishlar jarayoni 2030 yilga qadar davom etishi belgilab qo‘yilgan. Ushbu plantatsiyalar Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Toshoxur o‘rmon bo‘limi, Buloqboshi tumani Imom-Ota O‘rmon uchustkasi, Asaka tumani Sharq xaqiqati o‘rmon uchastkasi hamda Marxamat tumani Marxamat o‘rmon uchastkasining adirlik va tog‘oldi maydonlarida jami 2017-2021 yillar davomida 3185 gektar maydonda tashkil etildi. 2022 yil xolatiga mavsum boshidan Andijon viloyatidagi Andijon davlat o‘rmon xo‘jaligiga qarashli Qo‘rg‘ontepa tumani Toshoxur o‘rmon bo‘limi, Buloqboshi tumani Imom-Ota O‘rmon uchustkasi, Asaka tumani Sharq xaqiqati o‘rmon uchastkasi hamda Marxamat tumani Marxamat o‘rmon uchastkalarida xandon pistaning Bobotog‘, Orzu, Serhosil, Tog‘ marvaridi navlari asosida 3 gektar maydonda onalik plantatsiyasi tashkil ekildi.
Ushbu tashkil qilingan xandon pista plantantsiyalariga har yili payvandlash shakl berish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek ushbu o‘simlikning yaxshi o‘sib yetilishi uchun barcha agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilib kelinmoqda. Plantatsiyalarda mutahassislar tomonidan monitoring ishlari o‘tkazilib zararkunanda va kasalliklari aniqlanganda ruhsat etilgan pestitsidlardan foydalanib himoya qilish tadbirlari ham olib borilmoqda.
Afsuski xandon pista plantatsiyalari mavjud adirlik va tog‘ tizmasi etaklarining quyi qismi aholi turar joylariga tutash bo‘lib, odamlarning chuqur o‘ylamagan faoliyati (daraxtlarni kesish, chorva boqish) oqibatida bo‘shab qolgan va bu pistaning tabiiy qayta tiklanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bugungi kunda xatto chorvani o‘tlatishga yaramay qolgan yirik xududlarning cho‘llanishi kuzatilmoqda. Faqatgina pista o‘simligini yetishtirish bu yerlarning yanada tanazzulga yuz tutishini oldini olish, bu navlarning oldingi arealini qayta tiklash imkonini beradi [1].
Bu muhim ishlarga davlat tuzilmalaridan tashqari mahalliy aholi, dehqon va fermer xo‘jaliklarini jalb etilishi ushbu yer maydonlaridan yanada samarali foydalanish imkonini beradi.
Bu qimmatli mag‘izli o‘simlikni yetishtirishga iloji boricha ko‘proq qishloq axolisini jalb etilishi ularning moddiy farovonligini sezilarli tarzda oshirishga, tabiat uchun esa ekologik barqarorlikni qayta tiklashga xizmat qiladi.
Insoniyatga ming yillardan buyon xizmat qilib kelayotgan tabiat mo‘jizasi bo‘lmish o‘rmonzorlarni asrab avaylash, undan oqilona foydalanish hamda kelgusi avlodlarga yetib borishi taminlash har birimizning insoniy va muqaddas burchimizdir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
-
1. Г.М.Чернова, Е.К.Ботман, Л.В.Николяи, Т.Э.Туляганов – “Ўзбекистоннинг тоғолди худудларида хандон писта навли плантацияларини яратиш бўйича Тавсиялар”. Тошкент-2017 йил.
-
2. М.Холмуротов, А.Қайимов, Г.М.Чернова, А.Тўраев – “Ҳандон писта плантацияларини барпо этишда унинг истиқболли шакл ва навларини асослаш”. Тошкент-2012 йил.
-
3. З.Т.Бустонов, Ж.Ж.Хомидов, Ш.Абдулазизов – Андижон вилояти шароитида хандон писта етиштириш / Ўрмон хўжалиги илм-фан ва ишлаб чиқариш интеграциясини ривожлантиришда ёшларнинг рўли мавзусидаги Республика илмий-амалий анжумани мақолалар тўплами. Тошкент-2021 йил 81-83-б.
-
4. Yashil oltin (Pistachio Uzbekistan) telegram kanali ma’lumotlari.
-
5. www.lex.uz sayti ma’lumotlari.
"Экономика и социум" №4(95) 2022
Список литературы Xandon pista yetishtirishning dolzarb muammolari
- Г.М.Чернова, Е.К.Ботман, Л.В.Николяи, Т.Э.Туляганов - "Ўзбекистоннинг тоғолди худудларида хандон писта навли плантацияларини яратиш бўйича Тавсиялар". Тошкент-2017 йил.
- М.Холмуротов, А.Қайимов, Г.М.Чернова, А.Тўраев - "Ҳандон писта плантацияларини барпо этишда унинг истиқболли шакл ва навларини асослаш". Тошкент-2012 йил.
- З.Т.Бустонов, Ж.Ж.Хомидов, Ш.Абдулазизов - Андижон вилояти шароитида хандон писта етиштириш / Ўрмон хўжалиги илм-фан ва ишлаб чиқариш интеграциясини ривожлантиришда ёшларнинг рўли мавзусидаги Республика илмий-амалий анжумани мақолалар тўплами. Тошкент-2021 йил 81-83-б.
- Yashil oltin (Pistachio Uzbekistan) telegram kanali ma'lumotlari.
- www.lex.uzsaytima'lumotlari.