G`afur G`ulom asarlarida huquq va axloq masalalari
Автор: Muradullayeva S.M.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 3-2 (94), 2022 года.
Бесплатный доступ
Ushbu maqolada oʻzbek adabiyotining yorqin vakili, akademik, yozuvchi va shoir Mirzaorif o`g`li Gʻafur Gʻulomning ijodida huquq va axloq masalalari tahlil qilingan. Maqolada Gʻafur Gʻulom asarlarida ilgari surilgan g`oyalarning bugungi kunda jamiyat hayotidagi ahamiyati to`g`risida fikr yuritilgan.
Huquq, axloq, oʻzbek shoiri, yozuvchi, akademik, huquq normasi, axloq normasi
Короткий адрес: https://sciup.org/140292771
IDR: 140292771
Текст научной статьи G`afur G`ulom asarlarida huquq va axloq masalalari
Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 24-avgustdagi 502-sonli qarori asosida Adiblar xiyobonida haykallari o`rnatilgan atoqli yozuvchi va shoirlarning ibratli hayoti va ijodini chuqur o`rganish hamda targ`ib qilish oliy ta’lim muassasalariga biriktirildi [1]. Akademik G`afur G`ulomning hayoti va ijodini o`rganish vazifasi
Toshkent davlat yuridik universitetiga yuklatildi. Bugungi kunda Toshkent davlat yuridik universiteti xodimlari va talabalari tomonidan G`afur G`ulom ijodini o`rganish va targ`ib qilish maqsadida turli ilmiy-ommabop maqolalar yozilmoqda, asarlari sahnalashtirilmoqda va xorijiy tillarga tarjima qilinmoqda, “G`afur G`ulom izdoshlari” to`garagi yuritilmoqda. Shuningdek, universitetda G`afur G`ulom ijodiga oid “G`afur G`ulom ijodi – yosh huquqshunoslar nigohida”, “G`afur G`ulom izdoshlarini izlab” kabi tanlov va loyihalar tashkil qilinmoqda.
G`afur G`ulomning ijodiy merosini turli xil hikoyalar, she’rlar, pyesalar, qissalar va dostonlar tashkil qiladi. Adibning asarlari bo`lajak huquqshunoslar uchun o`ziga xos maktab vazifasini o`taydi. Bir qarashda uning asarlarida huquq masalalari yoritilmagandek ko`rinadi. Ammo chuqurroq tahlil qilar ekanmiz, uning asarlari nafaqat adabiyot uchun, balki huquq uchun ahamiyatli ekanligiga guvoh bo`lamiz. Adib ijodidan adib yashagan davrdagi insonlar hayoti, ijtimoiy-siyosiy ahvol haqida ma’lumotlar olishimiz mumkin. Xususan, adibning “Mening o`g`rigini bolam” voqeiy hikoyasida adibning ko`rgan-kechirganlari, XX asr boshlaridagi mamlakatdagi vaziyat, jamiyat hayotidagi qiyinchiliklar, insonlarning bir burda non topish uchun o`zini o`qqa, cho`qqa urganligi, hattoki, harom ishlarni qilishga majbur bo`lganligi haqida bayon qilingan. Asardagi voqealar birinchi jahon urushi yuz berayotgan davrda, aniqrog`i 1917-yilda sodir bo`lgan bo`lib, 9 yoshida otasidan ayrilgan G`afur G`ulom 15 yoshida, ya`ni hikoyadagi voqealar yuz berayotgan vaqtga kelib onasidan ham ayriladi. G`afur G`ulom oilada to`ng`ich farzand bo`lib, uning 3 nafar singlisi bo`lgan. To`rt yetimning taqdiridan xavotir olgan G`afur G`ulomning katta onasi Roqiya bibi nabiralaridan xabar olib turadi. Kunlarning birida yetimlar uxlayotganda ularning uyiga o`g`ri keladi, yetimlar bilan birga bo`lgan Roqiya bibi tomda yurgan o`g`rini payqab qoladi va o`g`ri bilan suhbatlashadi. G`afur G`ulom Roqiya bibi va o`g`rining suhbati orqali kitobxonga faqat davrning murakkabligini tushuntiribgina qolmay, huquq va axloq masalalariga alohida e’tibor qaratishga chorlaydi. Hikoyada Roqiya bibining o`g`riga qarata “- O`g`rigina bolam, biror boshqa kasbni qilsang bo`lmaydimi?” deya aytgan gaplari, albatta, kitobxonni harom yo`ldan tiyilishga undaydi. Aytish 2
mumkinki, o`g`irlik qilish nafaqat axloq tamoyillariga, balki huquqqa ham xilof. Qonunchiligimizga ko`ra, o`g`irlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan[2]. Huquq va axloqning asosiy o`ziga xos belgisi shuki, huquq normasi qoida sifatida o`rnatiladi va huquq normasini buzish qonunda belgilab qo`yilgan muayyan javobgarlikni keltirib chiqaradi, axloq normalari esa insonlar ongida odat bo`lib shakllanadi va u jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi [3]. O`zbek xalqi orasida o`zgalar moliga ko`z olaytirmaslik qadriyat sifatida shakllanib ulgurgan. Xo`sh, insonlar ongida axloq normasi sifatida shakllangan tamoyilning buzilishiga nima sabab bo`ldi? O`g`rining kampirning savoliga “ -Nima kasb qilay? Hamma kasblarning bozori kasod bo`ldi. Ota kasbim kavushdo`zlikni qilay desam, kavushning masallig`i bitib chiqqan kavushdan uch baravar qimmat. Hammollik qilay desam, hozir avvalgidek qoplab g`alla, sabzi-sholg`om oladigan badavlatlarning tuxumi qurigan. Bitta man emas buvi mahalladagi hamma kosiblarning, pichoqchilar, ko`nchilar, bo`zchilar, maktab domlalari, mullavachchalarning ham ahvoli shunaqa.[4]” deya bergan javobidan urushning qancha-qancha insonlarga azob bergani, insonlar hayotining qanchalik og`ir bo`lganligi anglashiladi. Ammo shunday odamlar bo`lganki, ularga zamon olib kelgan qiyinchiliklar ta’sir qilmagan. Hikoyada ham ana shunday insonlarning nomlari sanaladi. Kampirning o`g`riga “Nega badavlatroq odamlarning uyiga o`g`irlikka tushmaysan?” deya bergan savoliga “Ularning paxsasi sakkiz qavat, eshiklari temirdan, har bittasining uyida ikkita, uchta eshakday-eshakday itlari bor. Odilxo`jaboyning uyida miltiq ushlagan gorodovoy turadi.” deb bergan javobidan ana shunday og`ir davrda ham farovon yashagan insonlar bo`lganligi ko`zga tashlanadi. Odamlar qiyinchilik bilan kun ko`rayotgan, yetimlar “Amaki, non bering” deya och-nochor nola qilayotgan bir vaqtda hech qanday qiyinchiliklarni ko`rmay yashayotgan insonlar qanday qilib bunday to`kin hayotga erishishdi ekan? Bunga yagona javob bor. Bunday insonlar o`zganing haqqidan qo`rqmaydigan, haromdan tiyilmaydigan, boshqalarning hisobidan yashaydigan insonlardir. Ular bunday hayotga harom yo`l orqali erishgan. Harom yo`l orqali pul topish, shubhasiz, huquq va axloqqa zid. O`g`rining Rahmonxo`ja ellikboshiga sirlarini aytmasligi uchun xo`roz olib borib berganligi, 83 so`m pul jamg`arib pora berganligi, ellikboshining ishni bosdi-bosdi qilganligi o`sha davrdagi axloqiy va huquqiy tamoyillarning buzilishiga misol bo`la oladi. Asarda Roqiya buvining o`g`riga kecha tog`ang berib ketgan ikkita zog`ora bor, pastga tush choy ichamiz degan gaplariga javoban o`g`rining kun yorishib qolsa, meni tanib qolasiz, uyalaman deb aytishi, kampirning qutlug` uydan quruq ketma, yarim pudlik qozon bor, shuni olib ket, sotib bir kuningga yaratarsan deya aytganlariga “– Yo`q, bu qozon yetimlarning o`ziga buyursin. To`ylarida o`ynab-kulib xizmat qilaylik” deb javob qaytarishi o`g`rining oz bo`lsa-da, vijdonli ekanligini ko`rsatadi. Shu o`rinda savol tug`iladi: Aslida o`g`ri kim? Nochor xalqning rizqini yeyayotgan, o`zganing haqqidan qo`rqmayotgan Rahmonxo`jaga o`xshagan mansabdorlar emasmi, haqiqiy o`g`rilar? Jamiyatda nochorlarning borligi, ularning haqqini yeyayotganlarning borligidan dalolat beradi. Aytish mumkinki, Rahmonxo`jaga o`xshash odamlarni xalq o`g`ri deb atamasa-da, ammo ana o`shalar haqiqiy o`g`rilardir. Ularning ko`ra-bila turib, ter to`kmasdan non topishga qiynalayotgan odamlarni talashi, ularning moliga ko`z olaytirishi, har narsadan “foyda” olib qolishga urinishi haqiqiy o`g`rilik.
G`afur G`ulom o`zining qisqagina hikoyasi orqali kitobxonga nafaqat yurtimiz aholisining XX asr boshlaridagi ijtimoiy ahvoli haqida real ma’lumotlar beradi, balki G`afur G`ulom ijodining huquq va axloq bilan chambarchars bog`liq ekanligini tushuntirishga harakat qiladi. Adib o`z asarlari orqali o`g`irlikni, poraxo`rlikni, o`zgalar haqqini yeyishni mohirona tarzda qoralaydi, halollikni, huquq va axloq tamoyillariga rioya qilishni targ`ib qiladi. G`afur G`ulom o`zining “Chorbozorchi”, “Yodgor”, “Shum bola”, “Sog`inish”, “Sen yetim emassan”, “Kuzatish”, “Men yahudiy”, “Bizning ko`chada ham bayram bo`lajak” kabi asarlari orqali insonlarga harom, yolg`onchilik, urush kabi illatlarning olib keladigan ziyonlarini tushuntirishga urinadi. Ishonch bilan aytish mumkinki, G`afur G`ulom asarlari bugungi kunda ham insonlarga to`g`ri yo`l ko`rsata oladi, yoshlarni tarbiyalashda, huquq va axloq normalarini ta’minlashda o`ziga xos manba bo`lib xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
-
1. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar "Mahkamasining 502-son 24.08.2020.
-
2. 22.09.1994. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi// https://lex.uz/docs/-111453 ;
-
3. X.T.Odilqoriyev. Darslik. “Davlat va huquq nazariyasi” Toshkent.Sharq-2009, Adolat—2021;
-
4. Gʻafur Gʻulom. Tanlangan asarlar. Nazm va nasr.-T.: G’afur G’ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2021. - 352 b.
Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o'rtasida targ'ib qilish hamda adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qarori // ;
"Экономика и социум" №3(94) 2022
Список литературы G`afur G`ulom asarlarida huquq va axloq masalalari
- O'zbekiston Respublikasi Vazirlar "Mahkamasining 502-son 24.08.2020. Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o'rtasida targ'ib qilish hamda adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida"gi Qarori // https://lex.uz/docs/4966477.
- 09.1994. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi// https://lex.uz/docs/-111453.
- X.T.Odilqoriyev. Darslik. "Davlat va huquq nazariyasi" Toshkent.Sharq- 2009, Adolat-2021.
- Gʻafur Gʻulom. Tanlangan asarlar. Nazm va nasr.-T.: G'afur G'ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2021. - 352 b.