Matnazar Abdulhakim ijodida behi obrazi
Автор: Rustamova M.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 4-2 (95), 2022 года.
Бесплатный доступ
Matnazar Abdulhakim bu she’rida ifodalangan ruhiy kechinmalarini, qalb tug‘yonlarini, yoridan chekkan jabr-sitamlarini behi obrazi orqali ifodalaydi. Shoirning mahoratli ekanligini biz mana shu orqali ham ko‘rishimiz mumkin. Chunki aynan mana shu obrazni tanlash va uni badiiy bo‘yoq bilan adabiyotga, she’riyatga kirish ijodkorning juda sinchikov ekanligidan dalolat beradi. Behi obrazi orqali shoir azoblangan inson hayotini ochib beradi.
Короткий адрес: https://sciup.org/140292897
IDR: 140292897
Текст научной статьи Matnazar Abdulhakim ijodida behi obrazi
Bugungi o`zbek she’riyatining an’anaviy tasvir uslubidan farq qiluvchi yangicha obrazlar, kutilmagan ramziy ifodalar, qochirimlar, tazod va parodokslar, eng muhimi, betakror serohang, serma’no ifodalar bilan kitobxonni o`ziga jalb qilib kelmoqa. Fikrning ixcham, lo`nda shaklda ifodalanishi, zamonamiz va zamondoshimiz ruhiy olamini yangi jihatlardan poetik tadqiq etish – insonning bezovta ruhini, dardlarini tasvirlash borasida erishgan yutuqlar o`zbek she’riyati yangi poetik sarhadlarni kashf etayotganligidan dalolatdir. Xususan, iste’dodli shoir Matnazar Abdulhakim yaratgan ana shunday poetik kashfiyotlar an’anaviy shakllarga mos kelmaydi.
Shoir qalb kehinmalarini o‘zgacha ifodalashga harakat qiladi. Bunga misol qilib shoirning “Behi” nomli she’rini keltirishimiz mumkin.
Bir juft behi keltirgan eding, Bir-biridan xushbo‘y muattar.
Men ularni qattiq sog‘indim Va sarg‘aydim behidan battar.1
Lirik qahramonga yori bir juft xushbo‘y behini keltiradi. Bu behilar nafaqat xushbo‘y balki uni lirik qahramonga qadrli bo‘lgan inson keltirgani uchun ham azizligi ta’kidlanmoqda. “Behi” obrazining keltirilishi shunchaki poetik talab emas, balki shoir ruhiyati ifodasi sifatida qo‘llanadi. Yorini kuta-kuta sog‘ingan lirik qaharamon xuddi behi kabi sariq tusga kiradi. Bu yerda g‘am-alamdan sarg‘ayish ma’nosi ham bor. Chunki yori kelmaganligi bois lirik qahramon uni o‘ylab tashvishlanmoqda, hatto u keltirgan o‘sha meva-behining ta’mini tuymoqda.
Mana, yana behilar pishdi
Firoq fasli, hijron mavsumi.
Mevalarning eng bir xazini,
Mevalarning eng bir ma’sumi.
Behi qaysi faslda pishadi? Bu savolning javobi hammamizga kundek ravshanki, behilar kuz faslida pishadi. Shoir lirik qahramonni shu holatda tasvirlaganki, lirik qahramonning yorini boshqa fasllar davomida ham kutgan, ammo u kelmagan. Kuz faslini shoir “firoq fasli”, “hijron mavsumi” deb nomlaydi. Haqiqatdan ham kuz faslida hamma narsa sariq tusga kirib, xuddi umri yakunlanib borayotgan, yoki bo‘lmasam, g‘am-alamdan iztirob chekib azoblangan insonlar umriga qiyoslanadi. Nafaqat inson balki butun nabodat olami shu faslgacha bo‘lgan vaqtini sarhisob qilayotgandek tuyuladi. Behi – juda shifobaxsh mevaligi bilan boshqalaridan ajralib turadi, behi daraxti yonida o‘zi kabi urug‘doshlari bo‘lmasa meva tugmaydi. Ya’ni behilar do‘stlik, mehr-oqibatlilik ramzi sifatida keltirilishga arziydigan meva hisoblanadi.
Kezmakdaman behizorlarni, Bir behi yo‘q boshin eggan. Za’faron bu mevalar sag‘ir, Hech biriga qo‘ling tegmagan.
Lirik qahramon behizorlarni kezar ekan, boshini egib turgan behi daraxtini topolmaydi. Chunki daraxtlar mevalari ko‘p va serhosil bo‘lsagina boshini egib turadi. Yorining qo‘li tegmaganligi bois bor mevalari ham “sag‘ir”2 ya’ni uncha katta emas, mayda bo‘lib qolgan. Agar lirik qahramonning yori kelib ularga qaraganida bu mevalar xuddi o‘zi keltirgan bir juft behi kabi katta va shirin bo‘lar edi.
Sensiz butun dunyo bejizim,
Sensiz butun dunyo behudam. Hamuqubat, hamdardim bilib, Hol so‘rayman har bir behidan.
Lirik qahramonning yori kelmaganligi bois butun dunyo unga bekor, kambag‘al, hech qanday ma’nosi qolmagan, foydasiz bo‘lib qolganlini ta’kidlamoqda. Behilarning kichikina va mayda bo‘lib qolganligini yori kelmaganligi sababli deb hisoblab, ularni o‘ziga hamuqubat, hamdard deb biladi. Dardimiz bir bo‘lganligi bois ular bilan suhbatlashib, ularning har biridan hol so‘rayman,- deydi lirik qahramon.
Xayolimda boshqa mevalar
Ming bor inkor, ming bor rad bo‘ldi.
Dunyoda bor hikmat yakuni Juft behidan iborat bo‘ldi.
Dunyoning hikmatini faqat mana shu mevadan topgan lirik qahramonimizga boshqa barcha mevalar begonaga aylandi. Yori keltirgan o‘sha juft behi uning butun olami bo‘ldi.
Kelmasang-da tonglar otmog‘i
Va kunlarning botmog‘I mumkin.
Lekin menga tinchlik bermaydi Keltirganing juft behi tun-kun.
Yori kelmasa ham kunlar o‘taveradi, lekin o‘sha bir juft behi unga halovat topishiga to‘sqinlik qiladi, unga tinchlik bermaydi. Har safar mana shu meva esiga tushganda yorini eslab azoblanadi. Kelishiga umidvor bo‘lib yashaydi.
Aylandi ul bir quyoshim,
Aylandi u bir oyimga.
Armon bilan boshqa behilar To‘kiladi bir-bir poyimga.3
O‘sha yori keltirgan bir juft behi uning oy-u quyoshiga aylangan, undan bo‘k hech bir meva unga taskin-tasalli berolmaydi. Atrofdagi barcha mevalar qahramonimizning ko‘nglidan joy ololmay, buni juda istasalar ham uddasidan chiqolmasdan, armon bilan uning poyiga to‘kiladilar. Ammo o‘sha bir juft behini keltirgan yorining kelishiga intizor bo‘lib kutishda davom etadi.
Matnazar Abdulhakim bu she’rida ifodalangan ruhiy kechinmalarini, qalb tug‘yonlarini, yoridan chekkan jabr-sitamlarini behi obrazi orqali ifodalaydi. Shoirning mahoratli ekanligini biz mana shu orqali ham ko‘rishimiz mumkin. Chunki aynan mana shu obrazni tanlash va uni badiiy bo‘yoq bilan adabiyotga, she’riyatga kirish ijodkorning juda sinchikov ekanligidan dalolat beradi. Behi obrazi orqali shoir azoblangan inson hayotini ochib beradi. She’r tarkibidagi har bir misrada yurak kechinmalari aks etadi. Yoriga sodiqlik, vafodorlik - kelmasang kunlar ma’nosiz, mazmumsiz o‘tishi, boshqa mevalar yori kabi bo‘lolmasligi, uning kabi emasligi aytilganidan ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Matnazar Abdulhakim behi obrazi orqali kechinmalarini erkin ifodalashga erisha oldi. Bu obraz shoir xayolotidagi voqealarni badiiy chizgilar yordamida chizishda mos kelganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Behi shunchaki oddiy obraz emas, balki yorini kuta-kuta sarg‘aygan, uning tun-u kuniga, oy-u quyoshiga aylangan lirik qahramon holatini ochib bera olgan obrazdir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
-
1. Matnazar Abdulhakim “Javzo tashrifi” “Sharq” nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent 2008
-
2. o' zbek tilining izohli lug‘ati
-
3. Matnazar Abdulhakim “Fasllar qo‘shig‘i” Adabiyot va san’at nashriyoti. Toshkent 1986.
"Экономика и социум" №4(95) 2022
Список литературы Matnazar Abdulhakim ijodida behi obrazi
- Matnazar Abdulhakim "Javzo tashrifi" "Sharq" nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent 2008.
- O'zbek tilining izohli lug‘ati.
- Matnazar Abdulhakim "Fasllar qo‘shig‘i" Adabiyot va san'at nashriyoti. Toshkent 1986.