Shartnoma (umumiy qoidalar)
Автор: Xojimatova N.H.
Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium
Рубрика: Основной раздел
Статья в выпуске: 4-2 (95), 2022 года.
Бесплатный доступ
Ushbu maqolada shartnoma tog’risida umumiy qoidalar, tushunchalar va ularning shartlari xususida fikr yuritilgan.
Shartnoma, qoidalar, yuridik shaxslar, fuqaro, yuridik faktlar
Короткий адрес: https://sciup.org/140292904
IDR: 140292904
Текст научной статьи Shartnoma (umumiy qoidalar)
FKning 8-moddasi talabiga ko‘ra, shartnomalar taraflar o‘rtasida fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asoslaridan biridir. Shubhasiz, bugungi kunda shartnomalarga alohida ahamiyat berilmoqda. Chunki shartnomalarda boshqa yuridik faktlarga qaraganda, taraflarning erki-irodasi to‘la ifodalanadi. Shartnomaga kirishuvchi shaxslar kim bilan, qancha, qachon shartnoma tuzishni u tufayli yetkazib berilishi lozim bo‘lgan pul, tovar, ashyolarni qaysi muddatlarda, qanday transportlarda yetkazilishini, to‘lov amaldagi qanday shakllarda bo‘lishini mutlaqo o‘zlari, mustaqil hal qiladilar. Ular shartnomalar tuzishda erkindirlar, shartnoma tuzishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi . 1
Shartnoma erkinligi tamoyilining mazmuni FKning 354-moddasida mustahkamlab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar shartnoma tuzishda erkindirlar. Buning maʼnosi shundan iboratki, hech kim ularni shartnoma tuzishga majbur qila olmaydi. Shartnoma fuqarolar va yuridik shaxslarning o‘z xohishiga ko‘ra, o‘z erki irodasi bilan tuziladi. Albatta, ularni shartnoma tuzishga undovchi sabablar (motiv) turlicha bo‘lishi mumkin: o‘z ehtiyojlarini qanoatlantirish, foyda olishga intilish, taʼsis xujjatlarida belgilab qo‘yilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish va h.k. Baʼzan, boshqa uchinchi shaxslar shartnoma tuzish haqida talab, taklif yoxud iltimos qilishlari mumkin. Biroq har qanday holda ham shartnoma tuzish haqidagi qaror fuqaro yoki yuridik shaxs tomonidan mustaqil, o‘z erki-irodasi asosida qabul qilinadi. Shartnoma tuzish vaqtida fuqaro (yuridik shaxs rahbari, vakili) fikri tiniq, ruhiy holati normal, o‘zini o‘zi idora qila oladigan, o‘z harakatlarining oqibatlarini ko‘ra oladigan holda bo‘lishi lozim. Agar subʼektning ichki ruhiy holatida, ongida ro‘y bergan buzilishlar, tashqi taʼsirlar tufayli shartnoma tuzishga majbur etilsa, unday shartnoma haqiqiy hisoblanmaydi. Bu shartnomalar erkinligini real taʼminlashning o‘ziga xos yuridik kafolati hisoblanadi deb aytish mumkin.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, shartnomalar tuzishning erkinligi, undan taraflarning o‘zaro manfaatdorligi, shartnomada shartnoma intizomining mustahkamligi (yaʼni, xalq tili bilan aytganda, “shartnomaning puldan qimmatligi”), unda maʼmuriy-buyruqbozlikka asoslangan javobgarlikdan ko‘ra, mulkiy javobgarlikning keng belgilanishi xo‘jalik yurituvchi subʼektlarni tobora ushbu huquqiy vositadan (shartnomadan) to‘laroq foydalanishga jalb qilmoqda. Shartnomalarning ahamiyatini keng tushuntirish mumkin. Ammo ularning sarasi shartnomalar to‘lov intizomini kuchaytiradi, taraflarning faoliyatini har tomonlama rag‘batlantiradi, o‘z navbatida taraflarning masʼuliyatini oshiradi, xo‘jalikning debitorlik va kreditorlik holatini yaxshilaydi, pirovardida taraflarning barqarorligini taʼminlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, jamiyatda tovarlar, xizmatlar va kapitallarning mo‘l-ko‘lligiga garovdir.
Shu maʼnoda sohaning tezkor va taʼsirchan huquqiy mexanizmini yaratish, shartnomalar tuzish va bajarishni taʼminlash maqsadida mamlakatimizda “Xo‘jalik yurituvchi subʼektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida” 2qonun qabul qilindi, shartnomalarni tuzish va bajarish monitoringi yuritilmoqda. Bular, o‘z navbatida, tuzilgan shartnomalarni tezroq va realroq ishlashiga xizmat qilmoqda.
Shartnoma ikki yoki undan ortiq shaxsning fuqarolik huquqlari va burchlarini belgilash, o‘zgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan o‘zaro kelishuvidir.
Shartnoma atamasi uch maʼnoda: yuridik fakt; biror-bir yuridik faktga asoslangan, moddiy manfaatlar to‘g‘risidagi huquqiy munosabat; shaxslar (fuqarolar va tashkilotlar) nima to‘g‘risida o‘zaro kelishsalar, shuni aks ettiruvchi, ifodalovchi hujjat maʼnosida ishlatiladi. Bu yerda u o‘zining birinchi maʼnosi–yuridik fakt sifatida ko‘riladi va o‘rganiladi.
Yuridik faktlar mazmuni jihatidan ikki asosiy toifaga: yuridik hodisalar va harakatlarga bo‘lingan edi. Yuridik harakatlar, o‘z navbatida. huquq yo‘l qo‘ygan harakatlar sifatida bir tomonlama va ikki tomonlama bitimlar (shartnomalar) dan iboratligi ko‘rsatilgan edi. Ikki tomonlama bitimlarning hammasi (oldi-sotdi, ijara, qarz va boshqalar) shartnoma hisoblanadi. Bir tomonlama bitim, masalan, vasiyatnoma shartnoma bo‘la olmaydi. Binobarin, har qanday shartnoma bitim deyilsa ham, ammo har qanday bitimni shartnoma deb atab bo‘lmaydi.
Demak, shartnoma bitimning bir ko‘rinishi hisoblanar ekan, unga nisbatan bitimga oid qoidalar, jumladan, FKning 9-bobidaga qoidalar tatbiq etiladi. Shu bilan birga,
-
2 O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998. 9 son, 170- modda
shartnoma o‘ziga taalluqli bo‘lgan boshqa maxsus normalar bilan ham masalan, “Xo‘jalik yurituvchi subʼektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi, “Lizing to‘g‘risida”gi qonunlar, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari bilan tayyorlov xizmat ko‘rsatish tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, bajarish, shuningdek ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom3 va boshqalar bilan ham tartibga solinadi.
Shartnomadan kelib chiqqan majburiyatlarga, agar qonunlarda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, FKda belgilangan majburiyatlar haqidagi umumiy qoidalar (FKning 234-352-moddalari) qo‘llaniladi.
Ikkidan ortiq taraflar tuziladigan shartnomalarga ham agar bunday shartnomalar shartnomalarning ko‘p taraflamalik xususiyatiga zid bo‘lmasa, shartnoma to‘g‘risidagi umumiy qoidalar qo‘llaniladi.
Shartnoma bilan vujudga keltirilgan huquqiy munosabat davomida shartnoma taraflarning xatti-harakatlari qanchalik qonunga muvofiq bo‘lgan-bo‘lmaganligini ham tekshirish imkoniyatini beradi . 4
Fuqarolik-huquqiy shartnoma, asosan, mulkiy munosabatlarni rasmiylashtirish uchun tuziladi. Baʼzi hollarda shartnoma shaxsiy-nomulkiy huquq va majburiyatlarni ham rasmiylashtiradi. Bu adabiyot, fan va sanʼat asarlarini yaratish sohasidagi ijodiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan shartnomalar, chunonchi, nashriyot shartnomasi, sahna asari, kinossenariyalar va boshqa shartnomalar uchun xarakterlidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. T.: O‘zbekiston, 2014.
2.O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi. T.: Adolat, 2014.
-
3. Mualliflar jamoasi. Fuqarolik huquqi. Darslik. T.: 2008.
-
4. O‘zbekiston Respublikasi fuqarlik kodeksi sharh: Professional sharhlar. T 2. / O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. – Toshkent: Baktria press, 2013, - 768 b.
5.
"Экономика и социум" №4(95) 2022
Список литературы Shartnoma (umumiy qoidalar)
- O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. T.: O‘zbekiston, 2014.
- O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi. T.: Adolat, 2014.
- Mualliflar jamoasi. Fuqarolik huquqi. Darslik. T.: 2008.
- O‘zbekiston Respublikasi fuqarlik kodeksi sharh: Professional sharhlar. T 2. / O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi. - Toshkent: Baktria press, 2013, - 768 b.
- www.referat.uz.