Oliy ta’lim tizimida bo’lajak musiqa o’qituvchilarini kasbiy faoliyatga tayorlash muammolari

Автор: Raximov N.N.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 4-2 (95), 2022 года.

Бесплатный доступ

Usbu maqolada umumta’lim maktablari “Musiqa madaniyati” fani o’qituvchilarini kasbiy faoliyatga tayyorlash muammolari haqida fikrlar yuritilib, dars mashg’ulotlari jarayonida musiqiy faoliyat turlaridan foydalanishda maqola muallifi ko’p yillik olib brogan tajribalari natijalarini bayon qiladi.

Bo'lajak, bilim, ko'nikma va malakalar, zamonaviy pedagogika, auditoriya, mustaqil, auditoriyadan tashqari, musiqiy-pedagogik, talabalar, musiqa san'ati, bakalavr, ta'lim, masiqa nazariyasi, musiqa tarixi, solfedjio, dirijyorlik, vokal, xor, musiqa asbobida chalish, musiqa savodi, qo'shiq kuylash, ritmik harakatlar, musiqa tinglash, bolalar musiqa asbobida ijro etish, musiqa ijodkorligi

Еще

Короткий адрес: https://sciup.org/140292896

IDR: 140292896

Текст научной статьи Oliy ta’lim tizimida bo’lajak musiqa o’qituvchilarini kasbiy faoliyatga tayorlash muammolari

Bo‘lajak o‘qituvchilarning faoliyat turlaridan (o‘quv, jamoatchilik, ilmiy) eng muhimi o‘quv faoliyati hisoblanadi. Chunonchi, o‘quv faoliyati jarayonida va uning yordamida mutaxassislarni tayyorlashdagi asosiy maqsadga erishiladi. O‘quv jarayoni talabalarni kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalar bilan qurollantirishda samarali ta’sir etadi.

Zamonaviy pedagogikada o‘quv faoliyati auditoriya, mustaqil va auditoriyadan tashqari faoliyatlarga bo‘linadi. O‘quv-tarbiyaviy jarayon tizimida bu faoliyat kategoriyalari o‘quv jarayonini tashkil qilishning asosiy shakllari tarzida belgilangan. Auditoriyadagi o‘quv faoliyati o‘rganilayotgan fanlarning o‘quv rejasi va dasturi orqali aniqlanadi va o‘qituvchi rahbarligi ostida o‘quv jarayoniga mos keluvchi qat’iy jadval bilan amalga oshiriladi.

Musiqiy-pedagogik tayyorgarlikni shakllantirish yo‘llari va shart-sharoitlarni o‘rganish natijasida ishonch hosil qildikki, bo‘lajak musiqa o‘qituvchisining faoliyati o‘zida pedagogik musiqachi-ma’rifatchi ishini birlashtiradi. Musiqa darsi esa, musiqa san’ati darsi xususiyatini saqlaydi. Shunday ekan, tayyorgarlikka ikki jihatdan qarash mumkin: a) musiqiy ta’lim va tarbiya mutaxassisi; b) bo‘lajak o‘qituvchining ruhiy dunyosini shakllantirish. Musiqiy-pedagogik faoliyatga tayyorlash natijasida bitta shaxs qiyofasida musiqiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan o‘qituvchi va musiqiy-estetik tarbiya mutaxassisi namoyon bo‘ladi.

Biz, bo‘lajak musiqa o‘qituvchisining milliy musiqa san’ati orqali musiqiy-pedagogik tayyorgarliklariga taalluqli quyidagi muammolarni qarab chiqishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ydik:

  • -    talabalarda musiqa san’atiga bo‘lgan qiziqish, ehtiyoj, munosabatni rivojlantirish;

  • -    musiqa san’ati vositalari orqali musiqiy-pedagogik faoliyatga tayyorgarlik bosqichlarini tavsiflovchi bilim, ko‘nikma va malakalar majmuasini shakllantirish;

  • -    o‘quv jarayonida talabalar musiqiy-pedagogik tayyorgarliklari xususiyatlarining namoyon bo‘lishini aniqlash.

Tadqiqotimizning tajriba qismi musiqa ta’limi bakalavr yo‘nalishi talabalari bilan olib boriladigan o‘quv-tarbiyaviy jarayonda bo‘lajak musiqa o‘qituvchisini maktab «Musiqa madaniyati» dasturi va maxsus tanlangan milliy musiqa materiallari asosida amalga oshirildi.

Bakalavr ta’lim yo‘nalishining o‘quv rejasiga bir necha ixtisoslik fanlarini o‘qitish kiritilgan. Biroq ularning barchasini «Musiqa o’qitish metodikasi’» umumlashtiradi.

Bu fanlarni o‘qitish jarayonida talabalarning musiqiy-amaliy faoliyatlariga etarlicha ahamiyat berildi. Musiqiy siklga kiruvchi har bir fan o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi: g‘oyaviy-siyosiy, axloqiy, estetik tarbiya bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan umumiy va musiqiy-pedagogik rivojlanish; musiqiy-pedagogik va maxsus bilim, ko‘nikma hamda malakalarni shakllantirish.

Fanlarni o‘zaro aloqada o‘rganish, faoliyatning turlaridan bir vaqtning o‘zida foydalanish (masiqa nazariyasi, musiqa tarixi, solfedjio, dirijyorlik, vokal, xor, musiqa asbobida chalish va h.k.) musiqiy-pedagogik tayyorgarlikning faol shakllanishiga bevosita yordam beradi. SHu bilan birga tayyorgarlik didaktikaning tamoyillariga asosan fanni o‘zlashtirishdagi qat’iy ketma-ketlikka, o‘quv materiali hajmini muntazam kengaytirib borishga va uni o‘zlashtirishdagi qiyinchiliklarni bartaraf qilish yo‘llariga tayanib amalga oshiriladi.

Ma’lumki, yomon ijro qilishning sababi tovush balandligini eshitishning rivojlanmaganligi, ladni sezishning yo‘qligi, musiqiy eshitishni tasavvur qilish qobiliyatining pastligidir. SHuning uchun ham talabalarda zarur tasavvurlarni hosil qilish birinchi darajadagi vazifa sifatida hal qilindi. Ohangni to‘g‘ri olishdagi individual farqlar ishimizni yanada murakkablashtirdi va natijada ta’limga tabaqali yondashish zarurligini keltirib chiqardi. Bu ayniqsa, cholg’u ig’rochiligi mashg‘ulotida yaqqol ko‘rindi. SHu masalaga bag‘ishlangan adabiyotlar bilan tanishish borasida shunday fikrga keldikki, dastlabki bosqichning o‘zidayoq vokal elementlaridan foydalanish «Cholg’u ijrochiligi va ansambli» mashg‘uloti jarayonida amalga oshirilishi zarur ekan. Talabalarning imkoniyatlariga qarab ularga vazifalar berib borish; musiqa asbobi yordamida alohida tovushlarni ohangda to‘g‘ri aytish, musiqa dasturi va qo‘shimcha materiallardagi qo‘shiqlarni bir vaqtning o‘zida ham chalish va ham kuylash lozimligi ayon bo‘ldi. SHundan so‘ng ijrochilikning natijasiga ko‘ra, talabaning ovoz diapozonini kengaytirish maqsadida shu qo‘shiqning o‘zi yuqoriga yoki pastga traspozitsiyalashtirildi va shu orqali murakkab asarlarga o‘tib borildi.

Musiqa asbobida chalish asosini tushunib etish bilan bir qatorda qo‘shiq ijro etish, qo‘shiq ustida ishlash, elementar vokal-xor ko‘nikmalarini tarbiyalash va mustahkamlashga erishildi. Musiqa asbobi tovushidan chetga chiqish hamma vaqt e’tiborga olinib borildi. Qo‘lga kiritilgan natijalarga asoslanib, tovushqatorni ko‘tarish, pasaytioish va kengaytirish asosida har xil mashqlar qo‘llanildi. Talabalarning vazifalarni bajarishga va ularning musiqiy o‘sishiga katta yordam berildi. Masalan, birinchi bosqich talabalari berilgan musiqa asarining bir qismini yoki yarmini yoddan ijro etdilar, qolgan qismini esa, o‘qituvchining o‘zi ijro etdi. Natijada, talaba jiro etgan kuyning yarmini o‘qituvchidan eshitdi va bu asarning qolgan yarmini tanish kuydek engil ijro etdi. SHunga ko‘ra, aniq va noaniq ijro o‘rtasidagi farqni ko‘rgan talaba kuyni toza ijro etishga harakat qildi.

Vokal-xor ko‘nikma va malakalarini egallashga nafasni to‘g‘ri olish va qo‘shiqni ijro etishda uni to‘g‘ri taqsimlashga alohida e’tibor berildi. Asarlarni ijro etshda faqat sekin tempdan foydalanish yaxshi natija berdi. Ritmik tuzilishni aniq ijro etishga sezgan, ovozni hosil qilishda va balandlikni aniqlashda o‘zida ishonchni sezmaganlar uchun nota savodini o‘zlashtirish, solfedjio ko‘nikmalari, ladtonlikni his qilish katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Qo‘shiq kuylashning rivojlanishida tempni, tembrni, dinamikani, metr-ritmni, ladni va hokazo musiqiy tilning boshqa elementlarini bir-biridan farqlashga alohida e’tibor berildi. Ishonchsiz qo‘shiq kuylayotgan talabalarni musiqa asbobi yordamida va yordamisiz amaliyotda tekshirildi. Tovush balandligi haqidagi tasavvur imkoniyatlari orqali nota o‘qish ko‘nikmasi kengaytirildi. Imkoni boricha talabalar diqqatlarining rivojlanishi uchun major-minor tizimini o‘zlashtirishga va uni anglagan holda eshitishga jalb qilindi. SHunday qilib, talabalar bilan olib borilgan yakka mashg‘ulotlarda katta ish qilindi. Avvalambor, ular nota matnini mustaqil o‘qishga, kuyni to‘g‘ri eslashga, musiqa asbobini, ovozni sozlash va nota nomini aytib kuylashdagi dastlabki ko‘nikmalardan foydalanishga, tonlikning uch tovushliklarini kuylashga o‘rgandilar. Ohang eshitishni (bilish va anglash jarayoniga bog‘liq holda tuzulish, ladtonlik, ritmik va temp o‘zgarishlarnig‘ o‘ziga xos namoyon bo‘lishi, tovush balandliklarini tasavvur etish qobiliyatining rivojlanganligi va ularning talabalarda aks etishi allaqachon, boshlashg‘ich bosqichda tuzilishlar /motiv, fraza, davr, bir qisimlm, ikki qismli, uch qismli) haqida tasavvurlarni; obraz rivojlanishini kuzatish ko‘nikmalarini; musiqa rivojlanishining asosiy tamoyillari takrorlanish, keskin qarama qarshilik, muqobillik haqida tasavvurlarini shakllantirish zarurligini tasdiqlashga imkon berdi.

SHunday qilib, talabalarda ritmik his qilish qobiliyatlarini quyidagi yo‘llar bilan rivojlantirish mumkin degan xulosaga keldik:

  • -    musiqaning hissiy-obrazlilik mazmuni va ritmik o‘zaro munosabatlar o‘rtasida o‘rnatilgan aloqadan foydalanish;

  • -    har qanday faoliyat turida u yoki bu ritmik munosabatlarni notalar yordamida qayta eshittirish imkoniyatidan foydalanish;

  • -    ritmik munosabatlar haqida turg‘un tasavvurni shakllantirish;

  • -    musiqiy shaklning o‘ziga xos xususiyatlarini namoyon bo‘lishi va ularni tahlil qilish;

  • -    ritmni musiqaning turli xil janrlari orqali o‘zlashtirish;

  • -    ritmik va tovush balandliklarining sekin-asta o‘sishidagi murakkablikni hisobga olgan holda milliy musiqa san’ati va maktab «Musiqa madaniyati» dasturi materiallaridan mashg‘ulotning barcha shakllari (o‘quv, auditoriyadan tashqari) da amaliy foydalanish;

  • -    biror bir musiqa asarini talabalar bilan tahlil qilish orqali amalga oshirish.

«Musiqa o’qitish metodikasi’» kursidan amaliy mashg‘ulotining kompleks mazmunini, uni o‘tkazishdagi shakl va usullarning birligi tashkil qiladi. Bu, har bir mashg‘ulotda kasb tayyorgarligidagi musiqiy-pedagogik faoliyat komponentlarining shakllanishini amalga oshirishga imkon beradi. Mashg‘ulotning amaliy shakli nafaqat predmetlarni balki, faoliyat turlarini yakka va xorda kuylash, musiqani eshitish va tahlil qilish, musiqa asbobida chalish, nota bilan o‘qish, musiqiy-ritmik harakatlarni birlashtirish bilan ham xarakterlidir.

Faoliyat turlari kompleksi – uning asosini tashkil qiluvchi musiqiy material va mavzuning ketma-ketlik tamoyili, faoliyat turlari hamda shaklini birlahshtiradi. Har bir mavzu predmetlarni bir butun majmuaga bog‘lab o‘rganishga imkon beradi. Musiqiy material esa, umumlashtiruvchi bo‘lib xizmat qiladi. Mavzuli mashg‘ulot va musiqiy material organik zaruriyatdek predmetlarning ichki aloqasini amalga oshirishga yordam beradi. Har qanday navbatdagi mashg‘ulot mavzusi o‘zidan oldingi mavzudan kelib chiqib, musiqiy san’atning imkoniyatlarini bosqichma-bosqich ochish bilan kelajakda zaruriy bilimlarni rivojlantirishni ko‘zda tutadi. Musiqa asbobi yakka mashg‘ulotida va musiqiy amaliy faoliyatida olingan bilim va ko‘nikmalarning musiqa tarbiyasi metodikasi mashg‘ulotlarida foydalanish, auditoriyadan tashqari ishlarni o‘tkazishda ham zaruriy shart hisoblanadi. O‘z navbatida olingan bilim va ko‘nikmalar musiqiy sikldagi predmetlarni o‘zlashtirish zaruriy omildir. SHuning uchun ham navbatdagi amaliy mashg‘ulotlar bilim va ko‘nikmalarni yanada chuqurroq darajada umumlashtirishga xizmat qiladi.

Predmetlarning o‘zaro aloqasi va musiqiy faoliyat turlarini ifodalovchi kompleks ta’lim: eshitish qobiliyatini rivojlanishini kuzatish, savollarga mustaqil javob berish, faol fikrlashga undovchi vaziyatni tashkil qilish, oliy o‘quv yurtida o‘qituvchini tayyorlash jarayonida pedagogik vaziyatni andozalash kabilar amaliy mashg‘ulotlarini o‘tkazishda eng zaruriy shartlar hisoblanadi.

Ta’limni amalga oshirishda faoliyat turlarini birlashtirish asos bo‘ladi. Ko‘nikmalarni shakllantirish uchun mashqlar va uni nazorat qilish kabi ta’lim elementlarini mujassamlashtiruvchi kompleks amaliy mashg‘ulotlari musiqiy-pedagogik tayyorgarlik jarayonining samarali shakli deb qaraladi. Oliy o‘quv yurti sharoitidagi mashg‘ulotlarda «Musiqa madaniyati» darsini bevosita andazalash orqali maktabdagi o‘quv jarayonini tashkil qilishga imkon beradi, turli xil muisqiy-pedagogik vazifalarni hal qilish uchun qulay sharoit yaratiladi. Bu o‘quv shaklida, mavjud bo‘lgan tajribani tadbiq qilish bilan yangi materialni navbatma-navbat bayon qilish diqqatni oshirishga va ijodiy fikrlashga yordam beradi. mashg‘ulotlarda milliy musiqa san’atining o‘ziga xos musiqiy-estetik imkoniyatlari maksimum darajada amalga oshirildi.

Guruxlar bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar jarayonida boshqa muammolar qatori «Musiqa o’qitish metodikasi» fanining asosiy mazmunini yorituvchi bilim va ko‘nikmalarni yanada aniqlashtirish va ularni yangi bilimlarni o‘zlashtirishda qo‘llash kabi muammolar ham hal qilinadi.

Musiqa shaklini tuzilishini tahlil qilish jarayonida, quyidagilar nazarda tutiladi:

  • a)    dastlab talabalarda musiqiy asarlarning tuzilish tamoyillari haqida bilim va musiqiy san’atning rivojlanishidagi umumiy qonuniyatlar haqida tasavvurni shakllantirish;

  • b)    musiqa asarlaridan foydalanish va talabalarni faol jalb qilish bilan ularning diqqatlarini oddiy va kengroq shakllarni o‘zlashtirishga qaratish;

Talabalarni har xil faoliyat turlariga jalb qilish orqali mashg‘ulotlarning boshlanishi turli xil bo‘ladi: ba’zida «metodika» kursi mashg‘ulotlari musiqani (maktab dasturiga kiruvchi) o‘rganish, uni tahlil qilish va o‘tish usuliyati bilan; vokal-xor ko‘nikma, malakalari ustida ishlash bilan; muayyan darsning uslubiy vazifalarini tahlil qilish bilan boshlanadi.

Maxsus bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishning yo‘llarini axtarish bilan musiqiy - pedagogik tayyorgarlikni shakllantirish muammosini hal etish yo‘llari aniqlanadi. Musiqiy predmetlardagi o‘quv-tarbiyaviy vazifalarning birligi bilim va ko‘nikmalarni har qanday faoliyatda qo‘llash uchun qulay sharoit yaratishga, musiqa san’atini yuqori darajada egallash imkoniyatiga ta’sir etadi. Tayyorgarlikning asosini tashkil qiluvchi bilim, vosita, uslub va yo‘llarni amalda qo‘llash tajribasi talabalarni faollashtiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi.

«Musiqa o’qitish metodikasi’» predmetining nazariy qismi quyidagi masalalarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi:

Ma’lumki, oliy o‘quv yurtidagi amaliy mashg‘ulotlari predmetning ilmiy-nazariy asosini chuqur o‘zlashtirishni, zamonaviy usul va ko‘nikmalarni egallashni nazarda tutadi. O‘quv materiallarini o‘zlashtirishda va ijodiy fikrlashning rivojlanishiga ko‘maklashuvchi nazariya bilan tajribaning qo‘shilishi amaliy mashg‘ulotlari uchun xarakterlidir. Amaliy mashuloti talabadan tashabbus ko‘rsatishni, kuzatuvchanlikni va mustaqil xulosaga kelishni talab etadi.

Amaliy mashg‘ulotlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri uning ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar elementlarining bir-biriga o‘zaro qorishib ketishidir. Bunday kompleks amaliy mashg‘ulotlari bir tomondan musiqiy fanlarning organik bog‘langanligi va ularning nazariy va amaliy o‘zlashtirish bilan ajralib turuvchi bir-biriga bog‘laq ta’lim mazmunidan kelib chiqib tashkil qilindi. Amaliy mashg‘ulotlari bilim va ko‘nikmalarni egallashda, talabalarning imkoniyatlarini hisobga olishda, musiqiy qobiliyatlarini rivojlanishida eng qulay shakldir.

Musiqiy-pedagogik tayyorgarlikda amaliy mashg‘ulotining mohiyatini aniqlash bilan «Musiqa o’qitish metodikasi» faniga bosh bo‘g‘in sifatida qarash muhimdir. Bu, estetik tarbiya haqidagi masalalarni chuqur yorituvchi o‘ziga yarasha murakkab kurs hisoblanadi. musiqiy siklga kiruvchi fanlarning o‘zaro aloqasi, bog‘liqligi, mashg‘ulotlar o‘tish shakllari va usullari mazmuniga asosan, metodika kursining markazida turadi.

Adabiyotlar ro’yxati:

  • 1.    Abdullajonova   M.A.   Dorulmuallimdagi ta’lim jarayonida bo‘lajak

    o‘qituvchilarning kasb xislatlarini shakllantirish. P.f.n. diss… -T.: 1991. -205 b.

  • 2.    Umumiy ta’lim maktablari musiqa dasturlari. /Tuzuvchi mualliflar: O.Ibrohimov va boshq./ -T.: O‘qituvchi. 2019.

  • 3.    Azizxo‘jaeva N.N. Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat. –T., Fan, 2006

"Экономика и социум" №4(95) 2022

Список литературы Oliy ta’lim tizimida bo’lajak musiqa o’qituvchilarini kasbiy faoliyatga tayorlash muammolari

  • Abdullajonova M.A. Dorulmuallimdagi ta'lim jarayonida bo‘lajak o‘qituvchilarning kasb xislatlarini shakllantirish. P.f.n. diss… -T.: 1991. -205 b.
  • Umumiy ta'lim maktablari musiqa dasturlari. /Tuzuvchi mualliflar: O.Ibrohimov va boshq./ -T.: O‘qituvchi. 2019.
  • Azizxo‘jaeva N.N. Pedagogik texnologiya va pedagogik mahorat. -T., Fan, 2006.
Статья научная