Raqamli texnologiyalar davrida shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilishning huquqiy asoslari

Автор: Eshdavlatova Z.N.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 5-2 (96), 2022 года.

Бесплатный доступ

Yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish zarurati nafaqat ijtimoiy jarayonlarni boshqarish uslubini o‘zgartiribgina qolmay, balki insonlar faoliyatining barcha sohalari samaradorligini sezilarli darajada oshirishga imkoniyat yaratdi.

Raqamli texnologiya, sahxsiy ma'lumot, muhofaza, huquqiy asos, akt, ijtimoiy tarmoqlar

Короткий адрес: https://sciup.org/140300361

IDR: 140300361

Текст научной статьи Raqamli texnologiyalar davrida shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilishning huquqiy asoslari

So‘nggi paytlarda ilmiy adabiyotlarda shaxsning shaxsiy ma’lumotlarini himoya qilish muammosiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu ko‘p jihatdan zamonaviy jamiyat va davlat axborot texnologiyalaridan foydalanmasdan normal mavjud bo‘lishi va rivojlanishi mumkin emasligi, ular yordamida turli xil ma’lumotlar, shu jumladan odamlar haqidagi ma’lumotlar to‘planishi va qayta ishlanishida ko‘rinadi. Tan olish kerakki, avvallari shaxsiy ma’lumotlarni himoya qiluvchi huquqiy normalar inson huquqlarini ta’minlash uchun yetarli bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda davlat va nodavlat tuzilmalari tomonidan fuqarolar to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar bazalaridan foydalanish munosabati bilan fuqarolar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, ulardan foydalanish va tarqatish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelmoqda va bu esa yangi normalarni yaratishni taqazo qilmoqda. Bugungi raqamlashtirish muhitida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari borasidagi huquqlarini himoya qilish, uning huquqiy asoslarini tahlil etish maqsadida shaxsiy ma’lumotlar tarkibiga qaysilar kiradi, qanday ma’lumotlarni shaxsiylik xususiyatiga ega ekanligini bilish uchun olimlarimiz tomonidan berilgan shaxsiy ma’lumotlar haqidagi qarashlar va huquqiy hujjatlarda keltirilgan ta’riflarni oʻrganish zarurdir.

Insonlarni shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash, to‘plash hamda rivojlanib borayotgan ommaviy kuzatuv jarayonlari shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilishni yanada kuchaytiradi. Shaxsiy ma’lumotlar, axborotlar xavfsizligini himoya qilish tizimini huquqiy asoslar bilan ta’minlanishi xavfsizlikning kafolatini yanada kengaytiradi. Internet tarmoqlari tobora ko‘proq ijtimoiy va iqtisodiy sohalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotganligi bois, ma’lumotlarni himoya qilish ahamiyatini deyarli barcha davlatlar tomonidan bugungacha ham qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar, mamlakatlar tomonidan imzolanayotgan xalqaro shartnomalar va o‘zaro bitimlar orqali anglab olishimiz mumkin. Statistikaga nazar solsak, hozirga qadar rivojlangan 194 ta davlatlardan 137 tasida ma’lumotlar va shaxsiy daxlsizlik huquqini himoya qilish bo‘yicha qonunlar ishlab chiqilgan. Osiyo va Afrika davlatlarining 57 foizida bunday qonunlar qabul qilingan. Hozirda ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha yetakchi mintaqalardan biri Yevropa mintaqasi hisoblanadi. Yevropada shaxsiy ma’lumotlarga oid qonunlarning qabul qilinishi har bir Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar fuqarosining axborot huquqining buzilishidan himoya qiladi.

1970-yillarda qabul qilingan maʼlumotlarni himoya qilish boʻyicha qonunlarning birinchi avlodi maʼlumotlar oqimini tashkil etish va boshqarishga qaratilgan edi. Butun dunyoda “adolatli ma’lumotlar amaliyoti” tamoyillari ma’lumotlarni boshqarish, ularni toʻplash va foydalanishga cheklovlar qoʻyish, javobgarlik mexanizmlarini ta’minlash va individual ishtirok etish uchun joy ochishning asosiy tamoyillari sifatida tan olingan. Ushbu tamoyillar axborot jarayonlarini boshqarish va tartibga solish tizimlarini tashkil qilish uchun asosan AQSH, Kanada va Yevropa Ittifoqida qoʻllaniladi.

Shaxsiy ma’lumotlarning himoya qilinishiga oid dastlabki xalqaro-huquqiy hujjatlar biri bu 1950-yilda qabul qilingan “Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risida”gi konvensiyadir. Yevropada inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro shartnoma sifatida qabul qilingan ushbu hujjatning 8-moddasida shaxsiy va oilaviy hayotning hurmat qilinishi, unga bog‘liq ma’lumotlarning himoyasi, davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat xavfsizligi, fuqarolarning huquq va erkinliklarining ta’minlanishi, davlatning iqtisodiy manfaatlari va jinoyatchilikning oldini olish maqsadida kishilarning 8-moddada keltirilgan huquqlariga daxl qilishi keltirib o‘tilgan. G. Nardell “Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to‘g‘risida”gi konvensiyaning 8-moddasi 1-bandini juda “saxovatli va keng” deya ta’rif bergan edi. Ushbu Konvensiya shaxslarni ma’lumotlarni to‘plash va qayta ishlash jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan suiiste’mollardan himoya qilish uchun birinchi majburiy xalqaro hujjat hisoblanadi.

Demokratik huquqiy davlatchilik qurish yo‘lidan ketayotgan O‘zbekiston Respublikasida boshqa rivojlangan davlatlar qatori fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini, shaxsiy va oilaviy sirlarini qonuniy jihatdan himoya qilishga katta e’tibor qaratildi.

Xulosa qilsak, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalalari raqamli davrda ayniqsa juda dolzarbdir. Ochiq bo‘lishi mumkin bo‘lmagan raqamli iqtisodiyotda, uchinchi shaxslar va davlat tomonidan tajovuzlardan himoya qilinishi kerak bo‘lgan inson huquqlari qo‘llanilishi lozim. Raqamli va biotexnologiyalarning yuksalishi inson huquqlari tushunchalari va mantigʻini oʻzlashtirish asosida rivojlangan ilmiy va texnologik kuch tuzilmalarining paydo boʻlishidan darak beradi.

Adabiyotlar:

  • 1.    Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03.07.2019-y., 03/19/547/3363-son, 4 – modda.

  • 2.    Nardell, Gordon Q.C. (2010). Levelling up: Data privacy and the European Court of Human Rights. In Data protection in a profiled world, eds. Serge Gutwirth, Yves Poullet, and Paul De Hert. Dordrecht: Springer . – P. 46.

  • 3.    Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 03/07/2019-y., 03/19/547/3363-son. 5-modda.

"Экономика и социум" №5(96) 2022

Список литературы Raqamli texnologiyalar davrida shaxsiy ma’lumotlarni muhofaza qilishning huquqiy asoslari

  • Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 03.07.2019-y., 03/19/547/3363-son, 4 - modda.
  • Nardell, Gordon Q.C. (2010). Levelling up: Data privacy and the European Court of Human Rights. In Data protection in a profiled world, eds. Serge Gutwirth, Yves Poullet, and Paul De Hert. Dordrecht: Springer. - P. 46.
  • Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, 03/07/2019-y., 03/19/547/3363-son. 5-modda.
Статья научная