O‘quv jarayonida o‘rganish va foydalanish uchun bulutli hisoblash texnologiyalari tahlili
Автор: Axrarov B.S.
Журнал: Теория и практика современной науки @modern-j
Рубрика: Образование и педагогика
Статья в выпуске: 6 (108), 2024 года.
Бесплатный доступ
Maqolada eng keng tarqalgan va hozirda ommabop bo‘lgan bulutli hisoblash texnologiyalariga asoslangan Google Drive, Dropbox, Microsoft One Drive va Yandex.Disk servis xizmatlarining qiyosiy tahlili keltirilgan. Shuningdek, Google Drive bilan MS Office paketi imkoniyatlari taqqoslangan. Google Drive servis xizmatining ijobiy va salbiy jihatlari ko‘rib chiqilgan. Tahlillar asosida zamonaviy axborot texnologiyalarini o‘rganishda va o‘quv jarayonida foydalanish uchun eng mos va dolzarb bo‘lgan Google Drive servis xizmati haqida xulosa berilgan. O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining "Zamonaviy axborot texnologiyalari" kafedrasi tomonidan o‘qitiladigan "Axborot texnologiyalari" fanining "Bulutli texnologiyalarni qo‘llash" moduli bo‘yicha Google Drive servis xizmatidan samarali foydalanishga oid o‘quv-didaktik materiallar ishlab chiqilib, o‘quv jarayoniga tatbiq etildi.
Bulutli hisoblashlar, bulutli xizmatlar, bulut, bulutli hisoblash texnologiyasi, axborot texnologiyalari, o'quv jarayoni
Короткий адрес: https://sciup.org/140307146
IDR: 140307146
Текст научной статьи O‘quv jarayonida o‘rganish va foydalanish uchun bulutli hisoblash texnologiyalari tahlili
So‘nggi paytlarda Internet tarmog‘iga kirish imkoniyati deyarli hamma joyda mavjud bo‘lib, mobil qurilmalardan keng ko‘lamda foydalanilishi natijasida ko‘plab vazifalar statsionar kompyuterlardan bulutli hisoblash texnologiyalari serverlariga o‘tkazilishi asosida bajarilmoqda. Bulutli hisoblash texnologiyalari biznesning turli sohalari, shuningdek, ta’lim sohasi uchun yangi imkoniyatlarni ochmoqda, shu jumladan o‘qitishning individuallashtirilgan va interaktiv metodlarini taqdim etish uslubiyotini o‘zgartirmoqda.
Bulutli hisoblashlar g‘oyasi o‘tgan asrning 60-yillarida Jon Makkarti tomonidan ilgari surilgan. U hisoblashlar ham kommunal xizmatlardan oylik to‘lovlar asosida foydalanganimiz kabi alohida ijara haqi evaziga amalga oshirilishi mumkin, degan nazariyani ilgari surgan [1]. Bulutli hisoblashlar axborot texnologiyalarining yangi yo‘nalishi bo‘lib, bunda hisoblash jarayonlari mahalliy kompyuterlarda emas, balki bulutli provayderlar yoki uchinchi tomon hisoblash va saqlash provayderlari orqali amalga oshiriladi. Bulutli hisoblashlar orqali hisoblashlarni bajarish uchun shaxsiy kompyuterlarga mos dasturiy ta’minotni o‘rnatib, uni ishga tushirish shart emas.
Bulutli hisoblashlar axborot texnologiyalarining eng tez rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ularda infratuzilma, platforma yoki dasturiy ta’minot bilan bog‘liq xizmatlar kabi resurslarga Internet orqali so‘rovlar asosida kirish, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish amalga oshiriladi. Ushbu xizmatlar tezkorlik bilan xizmatlar ko‘rsatuvchi provayderlar bilan o‘zaro aloqadorlikda ta’minlanishi, minimal tarzda boshqarilishi mumkin.
Bulutli hisoblashlar tushunchasiga berilgan rasmiy ta’rif AQSh milliy standartlar va texnologiyalar instituti tomonidan taklif qilingan: "bulutli hisoblashlar - talab bo‘yicha istalgan joydan tarmoq orqali kirish qulay bo‘lgan, sozlanadigan va moslashtiriladigan hisoblash resurslarining (masalan, tarmoqlar, serverlar, saqlash tizimlari, ilovalar va xizmatlar) umumiy ravishda foydalanilinishini ta’minlaydigan modeli bo‘lib, unda kerakli resurslarni tezkorlik bilan tayyorlash va minimal boshqaruv amallari yoki xizmat ko‘rsatuvchi provayderning minimal aralashuvi asosida taqdim etish mumkin” [2].
"Bulut" (cloud) atamasi ko‘chma ma’noda kompyuter tarmog‘i sxemasidagi Internet tasviriga asoslanadi va barcha texnik tafsilotlarni mujassam qilgan murakkab infratuzilma sifatida ishlatiladi. Bulut - bu siz u yoki bu texnologiyadan foydalanishingiz zarur bo‘lganda murojaat qilinadigan va undan kerak bo‘lganda yetarlicha vaqt davomida foydalanishingiz mumkin bo‘lgan dasturiy ta’minot va infratuzilmadir [3, 12 b.]. Ushbu holda "bulut" deganda Internet tarmog‘ida bir-biriga bog‘langan serverlar tushuniladiki, foydalanuvchilar bunday serverlarning jismoniy joylashgan o‘rnini bilmasliklari ham mumkin.
Bulutli hisoblash texnologiyasi - bu ma’lumotlarni qayta ishlashning shunday texnologiyasiki, unda kompyuter resurslari va imkoniyatlari foydalanuvchiga Internet-servis xizmatlari sifatida taqdim etiladi [5]. Ushbu texnologiya foydalanuvchilarga va tashkilotlarga infratuzilma boshqaruvining bir qismini yoki ko‘p qismini uchinchi tomon hosting provayderlariga yuklash orqali o‘z operatsiyalarini kengaytirish uchun moslashtirish imkoniyatlarini taqdim etadi.
Bulutli hisoblashlar aslida serverlar, ma’lumotlarni saqlash ombori, ma’lumotlar bazasi, tarmoq, dasturiy ta’minot, tahlilni o‘z ichiga olgan hisoblash xizmatidir. Ushbu xizmatlar faqat Internet orqali taqdim etiladi, shuning uchun "bulut" atamasi xizmatlarga erkin ravishda (ochiq) kirish xususiyati bilan bog‘liq.
Bulutli hisoblash modelida hisoblash quvvati, dasturiy ta’minot, ma’lumotlarni saqlash xizmatlari va platformalar tashqi mijozlarning talablari bo‘yicha Internet orqali taqdim etiladi [6].
Ushbu texnologiya resurslar va xizmatlarga kirishni talabga qarab oshirishi yoki kamaytirishi mumkin. Bulutli hisoblash provayderlari odatda mijozlardan foydalanish uchun to‘lov tariflari bo‘yicha haq oladilar.
Ch. Bulla va boshqalar, 2016 yilda ta’lim tizimida bulutli hisoblashlarni qo‘llash bo‘yicha tadqiqot o‘lib borganlar. Tadqiqotda ta’lim muassasalari uchun yechim sifatida bulutli hisoblash texnologoyalarini qo‘llab-quvvatlovchi platformalardan foydalanish masalalari muhokama qilingan. Mualliflar bulutli hisoblashlarning yangi o‘quv va ta’lim muhitiga sezilarli ta’sirini tushuntirishga harakat qilganlar [7].
Bunday servis xizmatlar yordamida nafaqat hujjatlarni onlayn o‘qish, balki tahrirlash imkoniyatlari taqdim etiladi. Bular orasidan quyidagilarni ajratib o‘tish mumkin:
-
• Google Drive (Docs) ( https://drive . google.com);
-
• Microsoft OneDrive ( https://onedrive.com/ );
-
• Dropbox ( https://www.dropbox.com/ );
-
• Yandex.Disk ( https://disk.yandex.ru/ ).
Ushbu turdagi servis xizmatlarning qaysi biri ustunlikka ega? Ular orasida Google Drive, deyarli eng rivojlangan va potensial ravishda eng ko‘p tarqalgan servis xizmatidir. Gmail akkauntiga ega bo‘lgan har bir kishi undan foydalanishi mumkin.
2012 yilda Google hozirgi ko‘rinishida servis xizmatlarni ishga tushirganini e’lon qilgan [8]. Shu qisqa vaqt ichida yangi funksional imkoniyatyalarga ega bo‘lgan servis xizmatlar ko‘plab kuzatuvchilar va mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Dastlabki vaqtda Google Drive rasmiy ravishda Google Docs-ning, Gmail-ning bir qismi edi, endilikda barcha xizmatlar Google Drive-ga integratsiyalashgan yoki unga ochiq havola qilinadi. Foydalanuvchilar Gmail pochta xizmatidan foydalanishlarida Google Drive servisida ajratilgan xotira hajmining qanchasi bo‘shligini ko‘rishlari mumkin. Biroq, bulutli ma’lumotlarni saqlash sifatida Google Drive bir nechta kuchli muqobil raqobatchilariga ega [10]. O‘rganilgan maqolalarning aksariyatida mualliflar ushbu xizmat, garchi kamchiliklardan holi bo‘lmasa ham, istiqbolli va hatto hozirgi holatida ham boshqa shu kabi servislar, shu jumladan Dropbox, Microsoft OneDrive va Yandex.Disk, iCloud bilan raqobatlasha olishini e’tirof etganlar. Google Drive servis xizmati imkoniyatlarining uning raqobatchilari bilan solishtirma xususiyatlari 1-jadvalda keltirilgan.
1-jadval
Google Drive servis xizmatining raqobatchilari bilan solishtirma xususiyatlari
Xususiyatlar |
Google Drive |
Microsoft OneDrive |
Dropbox |
Yandex.Disk |
Bepul xotira hajmi |
15 Gb |
5 Gb |
2 Gb |
10 Gb |
Pullik obuna |
100 Gb - oyiga $1,99; 1 Tb - $9,99; 10 Tb-$99,99; 20 Tb -$199,99. |
50 Gb - oyiga $1,99; |
1Tb – oyiga €9.99 |
200 Gb -oyiga 108 ₽ 1 Tb - 191 ₽ 3 Tb - 475 ₽ |
Faylning maksimal hajmi |
6 Gb |
2 Gb |
100 Mb |
1 Gb |
Statsionar dasturiy ta’minot |
Windows, Mac OS X Lion (10.7) |
Windows, Mac OS |
Windows, Mac OS, Linux |
Windows, Mac OS, Linux |
Mobil dasturiy ta’minot |
iOS, Windows Phone, Android |
IOS, Windows Phone, Android |
iOS, Android, Windows Phone |
iOS, Android и Windows Phone |
O‘ziga xos xususiyatlari |
Dasturiy ta’-minot ishlab chi-qish vositalari mavjudligi; |
Foydalanuvchilar bevosita brauzerda Word, Excel, PowerPoint va One-Note hujjatlarini |
Turli qurilmalar o‘rtasida ma’lumot-larni masofadan tu-rib ko‘rish, qayta ishlash va |
Antivirus yordamida fayllarni tekshirish; Veb-versiyasi- |
Google kengay-tirilgan qidiruvi; Google+ va Google Docs bilan integratsi-yasi; matnni anglash |
yaratishlari, ko‘-rishlari va tahrir-lashlari mumkin; Bing qidiruv tizimi bilan integratsiya-langan |
avtomatik sinxronlashtirish; boshqa foydalanuv-chilar bilan fayllarni almashish imkoni-yati. |
da musiqa va videolarni ijro etish uchun o‘rnatilgan html5 pleyer; Elektron pochta xabariga bi-riktirilgan fayl-larni qidirish. |
Google Drive servis xizmatida boshqa raqobatchilarga nisbatan bulutli saqlash va ma’lumotlarni sinxronlashtirish, Google Docs tarkibiga kirmagan ilovalar yordamida yaratilgan dasturlardan foydalanish kabi noyob va asosiy ustunliklarga egaligi yaqqol namoyon bo‘ladi. 2-jadvaldan ko‘rinib turibdiki, bir qator jozibali xususiyatlar bo‘yicha Google Drive hatto MS Office paketi dasturlaridan ustundir.
2-jadval
MS Office paketi va Google Drive imkoniyatlari
Microsoft Office |
Google Drive |
|
Narxi |
Microsoft Office 2019 Professional - 7590000 so‘m 1 |
Shaxsiy foydalanish uchun bepul |
Matn protsessori |
Mavjud |
Mavjud |
Jadval protsessori |
Mavjud |
Mavjud |
Taqdimot muharriri |
Mavjud |
Mavjud |
Ma’lumotlar bazasini boshqarish tizimi |
Hamma versiyalarida ham emas |
Mavjud emas |
Anketa so‘rovnomasi muharriri |
Mavjud emas. |
Mavjud. |
Internetga ulanish |
Talab etilmaydi. |
Zarur. |
Tarmoqda ma’lumotlarni bulutli saqlash ombori |
Mavjud emas. |
Shaxsiy foydalanish uchun 15 GB bepul. |
Har qanday operatsion |
Yo‘q, faqat OS X va |
Ha, har qanday operatsion |
tizimdan kirish imkoniyati |
Windows operatsion tizimi |
tizimdan brauzer orqali kirish |
1 https://
uchun alohida sotiladi. |
mumkin. |
|
O‘rnatmasdan ishga tushirish imkoniyati |
Yo‘q. |
Mavjud. |
Hujjatlar bilan hamkor-likda (birgalikda) ishlash imkoniyati |
Yo‘q. |
Mavjud. |
Internet tarmog‘i orqali ko‘rish uchun hujjatlarni qulay joylashtirish imko-niyati |
Yo‘q. |
Ha, mos tugmalarni bir necha marta bosish orqali. |
Google Drive servisining barcha tarif rejalariga quyidagilar kiradi
Google Classroom servisi o‘quv jarayonini masofadan tashkil etish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, unda Google xizmatlarining barcha foydali imkoniyatlari joriy etilgan. Servis yordamida o‘quvchilar uchun masofadan o‘qitishni tashki etish mumkin. Google Classroom qisqa vaqt ichida butun dunyoda mashhur bo‘lishga ulgurgan servislardan biridir. Ushbu servis ko‘plab xususiyatlarga va qo‘shimcha ilovalarga ega: didaktik materiallar, vazifalarni saqlash, tarqatish uchun Google Drive xizmatidan foydalanish; yozma ish vazifalari va turli xi so‘rovnomalar, test topshiriqlarini yaratish uchun Google Docs va Google Forms, talabalar o‘zlashtirishlarini statistik tahlil qilish uchun Google Sheets, taqdimotlarni yaratish va namoyish etish uchun Google Slides; aloqa uchun Gmai va muayyan chora-tadbirlarni rejalashtirish uchun Google Calendar servislari bilan integratsiyalashgan. Google Classroom xizmatidan foydalanib o‘quv jarayonini oson boshqarish mumkin.
Biroq, kamchiliklar ham mavjud. Masalan, tajriba asosida shu holat aniqlandiki, avvaldan yaratilgan hujjatlarni Google Drivega yuklagandan ko‘ra, avvaliga Google Docs servisida hujjatlarni yaratib olish afzalroq. Chunki Google Docs boshqa dasturda yaratilgan hujjatini o‘z formatiga o‘tkazishida chalkashliklar vujudga kelishi mumkin.
D.Olson ushbu holatga talaba nigohi bilan qarashga harakat qiladi. Uning fikricha, bir tomondan, bu talabalar uchun juda foydali va qulay, ammo boshqa tomondan o‘qituvchilar Google Docs fayllarini qabul qilmaydilar. Chunki o‘qituvchilar odatda faqat MS Office fayllarini (va ba'zan PDF yoki RTF formatlarini) qabul qiladilar. Demak, professoringiz hujjatlaringizni oʻqishi uchun sizga Office kerak boʻladi. Yoki Google Docs faylini qirqib, maktab kompyuteridagi Word fayliga joylashtirishingiz kerak bo‘ladi. Ammo bu juda noqulay [10].
Bizning fikrimizcha, Google Drive servis xizmatidan foydalanish quyidagi talabalar uchun qulay:
-
- kompyuteri bo‘lmagan va universitet kompyuter sinflaridagi kompyuterlardan foydalanuvchi talabalarga;
-
- faqat desktop turidagi shaxsiy kompyuteri bo‘lgan va kompyuter sinfi kompyuterlarida ishlashni yaxshi ko‘radigan talabalarga;
-
- noutbukga ega bo‘lgan, lekin uni o‘zi bilan universitetga olib borishni xohlamaydigan talabalarga.
Google Drive servis xizmatining afzalliklari quyidagi omillarni o‘z ichiga oladi:
-
- hujjatlarning yo‘qolishi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish;
-
- moddiy xarajatlarni kamaytirish;
-
- hamkorlikda ishlash, kommunikatsiya imkoniyatlari;
-
- vaqtni tejash;
Moddiy xarajatlarni kamaytirish . Google Drive kabi bulutli ma’lumotlarni saqlash xizmatlari foydalanuvchilarga CD\DVD disklari, flesh-disklar kabi ma’lumotlarni saqlash vositalarini xarid qilmasdan, ma’lumotlar va hujjatlarni nafaqat tahrirlash, balki mavjud bo‘lgan tarmoq disklarida saqlash imkonini beradilar. Ularda nafaqat o‘quv, balki oshkor etilishi yoki o‘g‘irlanishi nuqtai-nazaridan ahamiyatga ega bo‘lmagan shaxsiy fayllarni ham saqlash mumkin. Bundan tashqari, bulutli xizmatlar elektron hujjat aylanishini hech bo‘lmaganda qisman joriy etish yoki qo‘llashni kengaytirish imkonini beradi, qog‘oz, qalam, printer siyoh kabi har xil turdagi sarflanadigan materiallar uchun xarajatlarni kamaytiradi. Umuman olganda barcha ma’lumotlar va hujjatlar ofislarda yoki arxivlarda joy egallamasdan bulutli serverlarda saqlanadi.
Hamkorlikda ishlash, kommunikatsiya imkoniyatlari. Google Drive va shunga o‘xshash servis xizmatlar har qanday hujjatlar bilan maqsadli foydalanuvchilar guruhi birgalikda ishlash, jumladan ularni tahrirlash, muhokama qilish jarayonini qulay tarzda tashkil qilish imkonini beradi. Ushbu imkoniyatlar, ayniqsa, talabalar tomonidan umumiy topshiriqni bajarishlarida, kichik guruhlarda birgalikda loyiha ustida ishlashlarida hamda o‘qituvchi tomonidan muayyan talabaning hujjatini ko‘rish, hujjatning tuzilishini buzmagan holda fayl sahifasida sharhlar qoldirishda, umuman o‘qituvchi bilan talabalar o‘rtasida axboro almashishda yaxshi samara beradi.
Vaqtni tejash . Raqamli hujjatni qog‘ozdagi hujjatga qaraganda osonroq va qisqa vaqt ichida topish (shuningdek, undagi ma’lum bir fragmentni) mumkin. Chunki foydalanuvchi qidirishni ushbu hujjatning atributiv xususiyatlarini (nomi, yaratilgan yoki oxirgi tahrirlangan sanasi va boshqalarni) ko‘rsatish yoki kali so‘zni kiritish orqali amalga oshirishi mumkin.
Albatta, har qanday yangi texnologiya, qanchalik yaxshi bo‘lmasin, kamchiliklardan holi bo‘lmaydi. va uni amaliyotda qo‘llashda qiyinchiliklarga duch kelinadi. Google Drive servis xizmatidan foydalanish bilan bog‘liq bunday kamchiliklar quyidagi muammolarni o‘z ichiga olishi mumkin:
-
- ma’lumotlar xavfsizligi va ishonchliligini ta’minlash;
-
- texnik muammolar;
-
- Internetga qaramlik;
-
- ma’lumotlarga kirishning barqarorligini ta’minlash muammosi.
Ma’lumotlar xavfsizligi va ishonchliligi ta’minlash . Har qanday bulutli hisoblash texnologiyalariga asoslangan servis xizmatning va foydalanuvchining shaxsiy ma‘lumotlarini saqlaydigan yoki saqlashga ruxsat beruvchi har qanday tarmoq servisining asosiy muammolaridan biri – ma’lumotlarning xavfsizligidir. Ushbu ma’lumotlarni o‘g‘rilanishidan himoya qilishning yagona vositasi -foydalanuvchi tomonidan ko‘rsatilgan parol va bulutli servis xizmatini taqdim etuvchi kompaniya tomonidan qabul qilingan xavfsizlik siyosati choralari. Foydalanuvchi o‘z paroli uchun samarali shifrlash usulini qo‘llay olishi ma’lumotlari xavfsizligini ta’minlashi mumkin. Biroq, parolni ishonchli saqlash usuliga e’tibor bermasa, xavfsizlik buzilishi mumkin. Tadqiqotlar bulutli hisoblash texnologiyalariga asoslangan servis xizmatlar foydalanuvchilari tomonidan parollarni ishonchli saqlash nuqtai-nazaridan eng keng tarqalgan xavfli amaliyotlar quyidagilar kirishini ko‘rsatadi:
-
- parollarni hamkasblar, oila a’zolari va do‘stlar bilan bo‘lishish.
-
- parolni stikerlarda (yopishqoq qog‘ozlarda), qog‘ozlarda yoki kundalik daftarlarga yozib qo‘yish.
-
- parollarni faqat so‘rov bo‘yicha o‘zgartirish yoki bir nechta saytlar uchun bir xil parollardan foydalanish [11].
Internetga qaramlik . Bulutli hisoblash texnologiyalarining eng muhim kamchiliklaridan biri ularning Internetga bog‘liqligidir. Ma’lumotlarga kirish uchun simli ulanishdan foydalanadigan an’anaviy hisoblashdan farqli o‘laroq, bulutli hisoblashlar texnologiyalariga asoslangan servis xizmatlarda foydalanish uchun Internet tarmog‘iga ulanishdagi zaifliklar tufayli aloqa kanallarida shovqinlar yuzaga kelishi mumkin. Ushbu holat foydalanuvchilar uchun jiddiy oqibatlarga olib keladigan, muhim ma’lumotlar va ilovalardan foydalanish mumkin bo‘lmagan vaziyatlarni keltirib chiqarishi mumkin [12].
Ma’lumotlarga kirishning barqarorligini ta’minlash muammosi. Bir tomondan, agar bulutli texnologiyalarga asoslangan servis xizmatlar taqdim etuvchi kompaniya serverlari ishlamay qolsa, har qanday ma’lumotlar, qanchalik qimmatli bo‘lishidan qat’iy nazar, ularni qayta tiklash imkoniyati yo‘qqa chiqishi mumkin. Boshqa tomondan, agar ta’lim muassasasidagi mahalliy kompyuter tarmog‘i yoki uning Internet tarmog‘i bilan ulangan aloqa liniyasi shikastlangan bo‘lsa, bulutli xizmatlar bilan ishlash imkonsiz yoki juda qiyin bo‘ladi. Muammo bartaraf etilmaguncha, kirish noqulay (yoki hatto imkonsiz) bo‘lgan boshqa joydan yoki sekin ishlaydigan, qimmat va oldindan tayyorgarlikni talab qiladigan mobi Internetdan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, ta’lim muassasasi kompyuterlarida ma’lumotlarning zaxira nusxasini saqlash imkoniyatidan voz kechish mumkin emas - bu juda qaltis vaziyatlarni keltirib chiqaradi.
Google Drive servis xizmati barcha kerakli formatlardagi fayllarni qo‘llab-quvvatlaydi, ammo amalda hujjatlarni tahrirlashda u MS Office paketida yaratilgan yoki funksional imkoniyatlari jihatidan o‘zidan ustun bo‘lgan boshqa dasturda yaratilgan hujjatning mazmunini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Bulardan tashqari, ayrim hollarda Google Drive servis xizmatida yaratilgan hujjatlar MS Office paketida formatlash elementlaridagi chalkashliklar tufayli buzilib ko‘rsatiladi.
Xulosa qilib aytganda, o‘quv jarayonida bulutli hisoblash texnologiyalaridan foydalanish xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish, vaqtni tejash, o‘qituvchi-talaba, talaba-talaba hamkorlikdagi munosabatlar asosida axborot almashish, shuningdek, hisoblash resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish imkonini berishini ta’kidlash lozim.
Shunday qilib, vaziyatni tahlil qilish asosida, ta’lim muassasalarida zamonaviy bulutli texnologiyalarni o‘rganish hozirgi vaqtda zarurligi va ayni paytda rivojlanayotgan va istalgan elektron qurilma orqali foydalanish qulay bo‘lgan Google Drive servis xizmati ustunligi haqida xulosa chiqarishimiz mumkin.
Foydalanilgan adabiyotlar:
-
1. “Otinoff” elektron jurnali, John McCarthy sahifasi. - URL: https://onff.ru/dzhon-makkarti/?ysclid=ll12efvpes19568524
-
2. The NIST Definition of Cloud Computing. - URL:
-
3. Риз Дж. Облачные вычисления: Пер. с англ. — СПб.: БХВ-Петербург, 2011. — 288 с.
-
4. Basics About Cloud Computing. - URL:
-
5. What is cloud computing? - URL: https://www.ibm.com/topics/cloud- computing
-
6. Foster, I., Zhau, Y., Ioan, R., & Lu, S. “Cloud Computing and Grid Computing 360-Degree Compared.” Grid Computing Environments Workshop, 2008.- URL: http://ieeexplore.ieee.org/xpls/abs_all.jsp?arnumber=4738445
-
7. C. Bulla, B. Hunshal, and S. Mehta, ”Adoption of Cloud Computing in Education System: A Survey,” IJESC, vol. 6, no. 6, pp. 6375, Jun. 2016.
-
8. Пичаи С. Представляем Google Диск. Да-да, это правда! - URL: http://googlerussiablog .blogspot.com /2012/04/google 24.html
-
9. Обзор 10+ облачных хранилищ данных (обновлено). - URL: https://www.topobzor.com/obzor-10-oblachnyx-xranilishh-dannyx/.html
-
10. Olson D. Google Docs vs. Microsoft Office: What’s Best for College Students? - URL: http://www.huffingtonpost.com/uloop/google-docs-vs-microsoft- _b_859186.html
-
11. The importance of creating a secure password for your Cloud Solutions. -URL: https://www.cloudsis.com/post/the-importance-of-creating-a-secure- password-for-your-cloud-solutions
-
12. Advantages and Disadvantages of Cloud Computing. - URL: https://blp.ieee.org/advantages-and-disadvantages-of-cloud-computing/
"Теория и практика современной науки"
№6(108) 2024
Список литературы O‘quv jarayonida o‘rganish va foydalanish uchun bulutli hisoblash texnologiyalari tahlili
- "Otinoff" elektron jurnali, John McCarthy sahifasi. - URL: https://onff.ru/dzhon-makkarti/?ysclid=ll12efvpes19568524
- The NIST Definition of Cloud Computing. - URL: https://csrc.nist.gov/pubs/sp/800/145/final
- Риз Дж. Облачные вычисления: Пер. с англ. — СПб.: БХВ-Петербург, 2011. — 288 с.
- Basics About Cloud Computing. - URL: https://insights.sei.cmu.edu/documents/101/2010_019_001_28877.pdf
- What is cloud computing? - URL: https://www.ibm.com/topics/cloud-computing
- Foster, I., Zhau, Y., Ioan, R., & Lu, S. "Cloud Computing and Grid Computing 360-Degree Compared." Grid Computing Environments Workshop, 2008. -URL: http://ieeexplore.ieee.org/xpls/abs_all.jsp?arnumber=4738445
- C. Bulla, B. Hunshal, and S. Mehta, "Adoption of Cloud Computing in Education System: A Survey," IJESC, vol. 6, no. 6, pp. 6375, Jun. 2016.
- Пичаи С. Представляем Google Диск. Да-да, это правда! - URL: http:// googlerussiablog.blogspot.com/2012/04/google_24.html
- Обзор 10+ облачных хранилищ данных (обновлено). - URL: https://www.topobzor.com/ obzor- 10-oblachnyx-xranilishh-dannyx/.html
- Olson D. Google Docs vs. Microsoft Office: What's Best for College Students? - URL: http://www.huffingtonpost.com/uloop/google-docs-vs-microsoft-_b_859186.html
- The importance of creating a secure password for your Cloud Solutions. -URL: https://www.cloudsis.com/post/the-importance-of-creating-a-secure-password-for-your-cloud-solutions
- Advantages and Disadvantages of Cloud Computing. - URL: https://blp.ieee.org/advantages-and-disadvantages-of-cloud-computing/