Maktabgacha yoshdagi bolalarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlanrishning o‘ziga xos xususiyatlari
Author: Kuvandiqova M.A.
Journal: Форум молодых ученых @forum-nauka
Article in issue: 7 (107), 2025.
Free access
Ushbu maqolada maktabgacha yoshdagi bolalarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirishning pedagogik-psixologik asoslari tahlil etilgan. Bolaning tafakkur jarayonlari, aqliy faolligi, mustaqil qaror qabul qilishga bo‘lgan qobiliyati aynan maktabgacha yosh davrida asos solinadi. Shuningdek, tarbiyachining roli, bolalar bilan muloqot jarayoni va o‘quv muhitining ahamiyati ham alohida ko‘rib chiqilgan.
Maktabgacha ta’lim, mustaqil fikrlash, tafakkur jarayoni, bolalar rivoji, o‘yinli metodlar, pedagogik yondashuv, muammoli vaziyat, ijodiy fikrlash, muloqot madaniyati, aqliy faollik
Short address: https://sciup.org/140312093
IDR: 140312093
Text of the scientific article Maktabgacha yoshdagi bolalarning mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini rivojlanrishning o‘ziga xos xususiyatlari
Kirish. Maktabgacha yosh - bu bola hayotidagi eng muhim bosqichlardan biri bo‘lib, aynan shu davrda uning xarakteri, ijtimoiy qobiliyatlari, psixikasi, nutqi va axloqiy xatti-harakatlari shakllanadi. Mazkur yoshdagi bolalarning mustaqil harakat qilishi, atrof-muhitga nisbatan o‘z fikrini bildira olishi, o‘z ehtiyojlarini mustaqil ravishda ifodalashi va qondira olishi ularning keyingi rivojlanishida muhim omil hisoblanadi. Mustaqillik — bolaning o‘ziga ishonchi, tashabbus ko‘rsatishi, qiyinchiliklarni yengishga tayyorligi hamda mustaqil qaror qabul qila olish qobiliyatini o‘z ichiga oladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga mustaqillikni singdirish orqali ularda hayotiy ko‘nikmalar, o‘zini boshqarish, xatti-harakatlariga nazorat o‘rnatish, muammolarni yechishga harakat qilish kabi qobiliyatlar shakllanadi. Mustaqillikka erishgan bola jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladi, o‘z fikrini bildirishdan cho‘chimaydi va o‘qishga, hayotga ongli munosabatda bo‘ladi.
Muhokama. Maktabgacha yoshdagi bolalarning fikrlash tezligi aqliy rivojlanish bilan uzviy bog‘liqdir. Bolalar tomonidan tashkil etilayotgan harakatlar ongli ravishda sodir bo‘la boshlashi va ijtimoiy munosabatlar jarayonida uning ishtirok etishi aqliy hamda fikrlash jarayonlarining bir-birini to‘ldirgan holda rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning mustaqil fikrlashi bugungi kundagi eng muhim talablardan biridir. Bola o‘zi mustaqil fikrlay olsagina u kelajakda o‘z o‘rnini hech qiynalmasdan topa oladi. Shubhasiz, yosh avlodning zamon talablariga munosib, mustaqil fikr-qarashiga ega, yuksak intellektual va ma’naviy salohiyat sohibi va dunyoning har bir burchagidagi tengdoshi bilan erkin muloqotga kirisha oladigan shaxs bo‘lib kamol topishida adabiyot va san’atning roli beqiyosdir. Shu sababdan ham maktabgacha yoshdagi bolalarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish, kelajakda ularni yetuk, barkamol shaxs bo‘lib yetishishiga, yurtimizni yanada ravnaq toptirishiga zamin yaratadi.
Farzandning to‘g‘ri fikrlash va harakat qilish qobiliyatini rivojlantirib, takomillashtirish orqali mufavvaqiyatga erishish mumkin. To‘g‘ri fikrlashning asosiy usullari mavjud - taqqoslash, tahlil va sintez, mavhumlashtirish va umumlashtirish, konkretlashtirish. Bu usullarning barchasi maktabgacha yoshdagi bolaning tarbiyasiga ta’sir qiladi, ijobiy xarakter xususiyatlari rivojlanadi, o‘zining yaxshi fazilatlarini, mehnat qobiliyatini, faoliyatini rejalashtirish, o‘zini o‘zi boshqarish va ishonchni, qiziqishni rivojlantirish zarurati ko‘p narsani o‘rganish va bilish istagini rag‘batlantiradi.
Mantiqiy fikrlashni rivojlantirish bo‘yicha mashg‘ulotlar bugungi kunda juda dolzarbdir, chunki ular kelajak uchun muhimdir. Bolalarda mantiqiy fikrlashni rivojlantirishning asosiy mezonlari quyidagilardir: muhim xususiyatlarni kichiklardan ajrata olish, fikr yuritish, taqqoslash, tahlil qilish, obyektlarni tasniflash, o‘z nuqtai nazarini muhokama qilish, sabab-oqibat munosabatlarini o‘rnatish, nostandart fikrlashni rivojlantirish.
Bolaning rivojlanishi va o‘rganishi yoshiga mos keladigan faoliyat va pedagogik vositalar orqali amalga oshirilishi kerak. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun shunday ta’lim vositalaridan biri o‘yindir. Bolalar o‘ynashni yaxshi ko‘rishlarini hamma biladi va bu o‘yinlar qanchalik foydali va mazmunli bo‘lishi faqat pedagoglarga bog‘liq. O‘yin davomida bola nafaqat ilgari olingan bilimlarni mustahkamlaydi, balki yangisini ham oladi. Bolalarda ketma-ket harakatlarni bajarish qobiliyatini rivojlantirish uchun: tahlil qilish, asosda umumlashtirish, maqsadli fikrlash, taqqoslash, o‘z ishimda oddiy mantiqiy topshiriq va mashqlardan foydalanish maqsadga muvofiq.
Maktabgacha yoshdagi bolaning mantiqiy tafakkurini rivojlantirish uning amaliy, o‘yin va kognitiv faoliyatini rag‘batlantiradigan shart-sharoitlarni yaratishga bog‘liq. Maktabgacha yoshdagi bolalarda didaktik o‘yinlar orqali mustaqil fikrlashni rivojlantirish juda muhimdir.
Maktabgacha yoshdagi bolalarda mustaqil fikrlashning quyidagi usullarini tahlil qilish muhim:
Qiyoslash - obyektlarning o‘xshashligi va farqini aniqlash usuli. Taqqoslashning asosiy qoidasi mavjud: faqat taqqoslanayotgan obyektlarni, ya’ni faqat umumiy xususiyatlarga ega bo‘lgan va farqlari mavjud bo‘lgan narsalarni solishtirish mumkin.
Tahlil - bu bolaning aqliy ravishda obyektni qismlarga bo‘lish usuli.
Abstraktsiya - bu bola obyektlarning muhim xususiyatlarini aqliy ravishda ajratib turadigan va hozirgi paytda muhim bo‘lmagan belgilardan chalg‘itadigan texnikadir. Bu natija - abstraktsiya deb ataladi. Abstraktsiya va umumlashtirish yagona, ajralmas jarayondir. Ularning yordami bilan bola umumiy tushunchalarni oladi. Bolaning fikr yuritish faoliyatidagi analiz va sintez jarayonlarining o‘ziga xosligi ularning mantiqiy tafakkur xususiyatlarida namoyon bo‘ladi. Bolalar qanday fikr yuritadilar? Masalan, bolalar tirik quyonni tomosha qilyaptilar. Uni hozirgina guruh xonasiga olib keldilar. Bu bolalarning ana shu hayvonni o‘rganayotganliklari “analiz qilayotganlari”, u analizning izchil emasligi, quyonning tashqi ko‘rinishi yetarlicha tahlil qilishga ham tayyor bo‘lmasliklariga qaramay, ular tezda sintezga o‘tayotganliklari haqidagi fikrlar edi. Bolalar hayvonni kuzatayotib, ko‘p narsani birinchi bor ko‘radilar, biroq bu yangiliklarni o‘zlari bilgan, o‘z tajribalarida bor bo‘lganlar asosida osonlikcha tushunib oladilar.
Bolalarning mustaqil fikrlash faolligini tahlil qilganda ular tomonidan mashg‘ulotlarda har xil topshiriqlar bajarish nazarda tutiladi, ularning shartlarida, mohiyati, tuzilishi, shakllari va shaxsning anglashuv, tushunuv imkoniyatlarida kuzatiladi. Mashg‘ulotlarda berilayotgan oddiygina topshiriq yеchimi topish uchun vositalar qidirish ijod, izlanish va fikrlashning mustahkam nеgizini tashkil qiladi.
Xulosa. Mustaqillik bolaning kundalik hayotda o‘z harakatlarini ongli tarzda boshqarishi, tanlov qilishi, tashabbus ko‘rsatishi, o‘z fikrini aytish va uni himoya qila bilishi, mas’uliyat his qilish kabi jihatlarini o‘z ichiga oladi. Olib borilgan tahlil va kuzatuvlar shuni ko‘rsatdiki, maktabgacha yoshdagi bolalarda mustaqillikni shakllantirish nafaqat psixologik-ijtimoiy ahamiyatga, balki tarbiyaviy va ta’limiy qiymatga ham egadir.
Bolalarni mustaqillikka o‘rgatishning asosiy yo‘llari — bu ularga imkoniyat yaratish, ishonch bildirish, kundalik hayotdagi oddiy vazifalarni o‘zlari bajarishiga sharoit tug‘dirish, tanlov qilishga yo‘naltirish, harakatlarining oqibatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishiga imkon berishdir.
Tarbiyachining roli bu jarayonda muhim o‘rin tutadi. U bolaga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘rsatma bermasdan, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi, maslahat beradi, lekin harakatni bola o‘zi bajarishiga imkon yaratadi. Bu usul orqali bola tajriba orttiradi, xatolardan saboq oladi, keyingi safar to‘g‘ri yo‘l tanlashni o‘rganadi.
Bolalarning mustaqilligi ularda faqatgina hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirmasdan, balki shaxsiy xususiyatlarning (mas’uliyatlilik, qat’iyatlilik, muloqotchanlik, ijtimoiy faollik) rivojlanishiga ham xizmat qiladi.
Foydalanilgan adabiyotlar
-
1. O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘RQ-595-son Qonuni. 2019 yil 16 dekabr. www.lex.uz
-
2. Karimova B.M., Sunnatova R.I. Mustaqil fikrlash o‘quv qo‘llanmasi bo‘yicha mashg‘ulotlar tashkil etish uslubiyoti. -T; ―Sharq‖, 2000, 6-bet.
-
3. Shodmonova Sh. Maktabgacha ta’lim pedagogikasi (o‘quv-metodik qo‘llanma). - T.: “Fan va texnologiya”, 2008, 160 bet.
-
4. Berdaliyeva G.A. Maktabgacha ta’lim muassasalari nutq o‘stirish mashg‘ulotlarida bolalarni mustaqil fikrlashga o‘rgatish metodikasini takomillashtirish // p.f.f.d. (PhD) ilmiy darajasini olish uchun diss.avtoreferati. – Toshkent: MTTRMQTMOI, 2019. – 48 b.
ФОРУМ МОЛОДЫХ УЧЕНЫХ №7(107) 2025