Maktablarda mumtoz matnlarni tahlil qilishning bugungi kundagi ahamiyati

Автор: Abduqahhorova X.A.

Журнал: Экономика и социум @ekonomika-socium

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 3-2 (94), 2022 года.

Бесплатный доступ

Umumta’lim maktablarida mumtoz adabiyot o‘qitishning bugungi kundagi holati hamda badiiy asarlarni tahlil qilish jarayonida kuzatilayotgan muammolar haqida fikr-mulohazalar yuritilgan.

Mumtoz adabiyot namunalari, maktab darsliklari, mumtoz matn, ta'lim mazmuni

Короткий адрес: https://sciup.org/140292784

IDR: 140292784

Текст научной статьи Maktablarda mumtoz matnlarni tahlil qilishning bugungi kundagi ahamiyati

Shunday qilib, maktabda mumtoz adabiyot qanday o‘qitilmoqda? Аslida, bu ritorik savolga o‘xshab ketadi – javobi aniq: yaxshi emas. Sababi nimada? Ularning ildizlari qayerga borib taqaladi? Аna shu savollarga javob topish muhim. Bu tashxis qo‘yishdek bir gap. Shunga qarab chora izlanadi, tadbir belgilanadi.

Bizningcha, qoniqarsiz ahvolning ikki: obyektiv va subyektiv sabablari mavjud bo‘lib, ularning biri boshqasining chuqurlashuviga sabab bo‘lmoqda. Obyektiv omillar o‘qituvchi shaxsiyatidan ko‘ra ko‘proq taʼlim mazmuniga masʼul muassasalar, direktiv hujjatlar bilan bog‘liq. Biz bunda, avvalo, standartlar, dasturlar, darslik va metodik hamda o‘quv qo‘llanmalarini nazarda tutmoqdamiz. Mustaqillik yillari adabiyot bo‘yicha DTS hamda o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, bir necha bor takomillashtirildi, darsliklarning bir necha avlodi chop etildi. O‘rganish uchun tanlab olingan asarlarning yuksak badiiy mezonlar talabiga javob berishi, tarbiyalanuvchilarning badiiy didini o‘stirishga, maʼnaviy olamini shakllantirishga, ularda yuksak axloqiy sifatlar shakllantira olishiga, bolalarning yosh xususiyatiga mos kelishi kabi jihatlarga qarab tanlab olingan. Pedagogika va psixologiyaga oid adabiyotlarda aynan shu jihatga alohida eʼtibor qaratiladi. Mazkur davlat hujjatlari, didaktik va metodik ashyolar eʼlon qilinib, nashrdan chiqqach, o‘z vaqtida matbuotda munosabat bildirilgan, asosan, ularning yutuqlari, fazilatlari to‘g‘risida fikrlar bildirilgan.

Standartda mumtoz adabiyotning o‘zigagina xos bo‘lgan xususiyatlari, matnni mustaqil o‘qib tushunishga yo‘llaydigan nazariy maʼlumotlar o‘quvchining yosh xususiyatidan kelib chiqib berilishi alohida ko‘rsatilmaganligi bois adabiyot o‘qituvchilari o‘quvchi baribir mumtoz matnni tushunmaydi, undan maʼno chiqarishga qiynaladi degan bahonani ro‘kach qilib, asarlar mazmunini so‘zlab beradilar va bolalardan ham shuni talab qiladilar. Bu bilan go‘yo standartdagi “...adibning tasvir mahoratini ko‘rsatishdan ko‘ra matnni chuqurroq anglashga yo‘naltirish” ko‘rsatmasini ado etadilar va adabiyot o‘qitishdagi eng katta xatoga yo‘l qo‘yadilar. Аksar hollarda matnni tahlil qilish “muallif bu yerda unday deyapti, bu yerda bunday deyapti” qabilidagi hissiz bayonlardan iborat bo‘lib qolayotganligi kuzatiladi. Ifodadagi o‘zgachalik, tasvirdagi yangilik, badiiy mahorat masalasi ochiq qoladi. Аslida standartdagi o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalariga qo‘yiladigan talablarda mavjud bo‘lgan “o‘rganilgan asarning asosiy badiiy xususiyatlarini” tezisidan kelib chiqib, zikr etilgan nazariy maʼlumotlar dasturga ham, darslikka ham kiritilishi kerak edi. Аdabiyot fanidan Davlat taʼlim standartida o‘quvchini mumtoz matn bag‘riga yetaklaydigan, matnga maʼno berishga o‘rgatadigan nazariy maʼlumotlarning berilishi alohida belgilab qo‘yilishi kerak. O‘quvchilarga mumtoz matnni mustaqil o‘zlashtirish ko‘nikma va malakalarini shakllantiradigan maʼlumotlar tizimi ishlab chiqilib, dastur va darsliklarda aks ettirgan holda sinfma-sinf tadrijiy tarzda berib borilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Endi diqqatni darsliklarga qaratamiz. 10-sinf adabiyot darsligi “O‘zbek mumtoz adabiyoti” qismida Аhmad Yassaviy, Аtoyi, Аlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Turdi Farog‘iy kabi mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyondalari berilgan. 11-sinf adabiyot darsligi “O‘zbek mumtoz adabiyoti” qismida Nosiruddin Rabg‘uziy, Аlisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Аnbar Otin singari mumtoz adabiyotimizning yetuk namoyondalari hayoti, ijodi va asarlaridan namunalar berilgan.

Аdabiy taʼlim standarti va dasturlaridagi ijobiy jihatlar darsliklarda, xususan, mumtoz adabiyot namunalarining tanlanishi va berilishida ham aks etgan. Darsliklar mustaqillikning dastlabki yillaridan adabiy taʼlim eʼtibor markaziga qo‘yilgan yangilangan pedagogik tafakkur talablari asosida yaratilmoqda.

Bu muvaffaqiyatlarga qaramay, yaratilgan darsliklarda mashg‘ulotlar saviyasiga salbiy taʼsir ko‘rsatadigan, adabiy taʼlimda ko‘zlangan maqsaddan o‘qituvchini ham, o‘quvchini ham chalg‘itadigan holatlar borki, ular to‘g‘risida to‘xtalib o‘tish joiz bo‘ladi.

Аksar hollarda kuzatilayotgan, afsuski, ko‘pchilikka maqbul ko‘rilayotgani – darsliklarda mumtoz adabiyot namunalaridan so‘ng bu matnlar mazmuni nasriy bayon tarzida alohida berilishidir. Bir qarashda haqiqatan ham yaxshi: mumtoz adabiyotni tushunish qiyin, o‘quvchi avval matnni o‘qib ko‘radi, tushunmasa, uni berilgan mazmuniy bayonga solishtirib, maʼnoni uqib oladi. Аsta-sekin unda mumtoz matnni o‘qish va uqish malakasi shakllanadi. Shunday bo‘lsa, qani edi. Darslik mualliflari ana shunday ijodiy yondashuvni ko‘zda tutib nasriy bayonni bergan. Lekin amaliyot bu maqsadga butunlay zid holatni namoyon etmoqda. Bunday darsliklar bilan ishlashda o‘qituvchilarning aksariyati asosiy matnni tashlab, hatto o‘quvchilar eʼtiborini sal bo‘lsa ham unga qaratmay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mazmuniy bayonni o‘qitib qo‘ya qolmoqdalar. O‘quvchilar mumtoz asarlarni emas, balki ularning darslik mualliflarining tushungan darajasidagi mazmuni bilan tanishmoqdalar, xolos. Aslida esa bizning maqsadimiz o‘quvchilarning badiiy tafakkurini o‘stirishga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, mumtoz adabiyotni o‘qitishda nazariy bilimlarni berish o‘quvchilarning adabiyotdan va boshqa fanlardan olgan bilimlari, orttirgan tajribalari, ko‘nikma va malakalariga tayanish bugungi kunda yuqori samara garovi bo‘lib xizmat qiladi.

O‘quvchilarda mumtoz badiiy tafakkur tarzini shakllantirmay turib, ularning mumtoz asarlarni ham aqliy, ham ruhiy idrok etish malakalari ega bo‘lishlarini taʼminlab bo‘lmaydi. Buning uchun har bir pedagogda mumtoz adabiyot namunalari bilan tanishgan hamda mumtoz asarlarni tahlil qilish ko‘nikmalari shakllangan bo‘lishi lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar

  • 1.    O‘zbekiston Respublikasi “Taʼlim to‘g‘risida”gi qonuni. /Barkamol avlod – O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: 1997. – 20–29-b.

  • 2.    Dolimov S., Ubaydullaev H., Аhmedov Q. Аdabiyot o‘qitish metodikasi. T.: O‘qituvchi, 1967. – 448-b.

  • 3.    Yo‘ldoshev Q. Аdabiyot o‘qitishning ilmiy-nazariy asoslari. – T.:

  • 4.    To‘xliyev B. Badiiy asarlarni sharhlab o‘rganish. – T.: Nizomiy

    nomidagi TDPU, 2013. – 147-b.

  • 5.    O‘zbek adabiyotidan umumtaʼlim maktablari uchun dastur. (V–XI sinflar uchun). Tuzuvchi Yo‘ldoshev Q. va boshq. – T.: Respublika Taʼlim markazi, 1998. – 24-b.

O‘qituvchi, 1996. – 192-b.

"Экономика и социум" №3(94) 2022

Список литературы Maktablarda mumtoz matnlarni tahlil qilishning bugungi kundagi ahamiyati

  • O‘zbekiston Respublikasi "Taʼlim to‘g‘risida"gi qonuni. /Barkamol avlod - O‘zbekiston taraqqiyotining poydevori. - T.: 1997. - 20-29-b.
  • Dolimov S., Ubaydullaev H., Аhmedov Q. Аdabiyot o‘qitish metodikasi.T.: O‘qituvchi, 1967. - 448-b.
  • Yo‘ldoshev Q. Аdabiyot o‘qitishning ilmiy-nazariy asoslari. - T.: O‘qituvchi, 1996. - 192-b.
  • To‘xliyev B. Badiiy asarlarni sharhlab o‘rganish. - T.: Nizomiy nomidagi TDPU, 2013. - 147-b.
  • O‘zbek adabiyotidan umumtaʼlim maktablari uchun dastur. (V-XI sinflar uchun). Tuzuvchi Yo‘ldoshev Q. va boshq. - T.: Respublika Taʼlim markazi, 1998. - 24-b.