Boshlang‘ich sinf matematika darslarida miqdorlarni o‘rgatishning xalqaro baholash tizimidan foydalanish

Автор: Artikbayeva Z.A., Jurayeva S.T.

Журнал: Мировая наука @science-j

Рубрика: Основной раздел

Статья в выпуске: 5 (74), 2023 года.

Бесплатный доступ

Boshlang‘ich sinf matematika darslarida miqdorlarni o‘rgatish shuningdek, xalqaro baholash dasturlari, xalqaro baholash dasturlari ahamiyati ochib berildi. Boshlang‘ich sinf matematika darslarida miqdorlarni o‘rgatishning xalqaro baholash tizimidan foydalanish samarali yo‘llari ko‘rsatildi.

Pisa, timss, pirls, boshlang‘ich sinf, miqdor, matematika darsi, xalqaro tadqiqotlar, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari, topshiriq

Короткий адрес: https://sciup.org/140300688

IDR: 140300688

Текст научной статьи Boshlang‘ich sinf matematika darslarida miqdorlarni o‘rgatishning xalqaro baholash tizimidan foydalanish

O‘zbekiston innovatsion taraqqiyot yo‘lida rivojlanib borayotgan davrda kelajagimiz davomchilari bo‘lgan o‘quvchilarning ijodiy fikrlash g‘oyasi, ijodkorligi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. So‘zimning isboti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning quyidagi fikrlarini keltirishni o‘rinli deb topdim: “Mamlakatimizning dunyodagi rivojlangan, zamonaviy davlatlar qatoridan munosib o‘rin egallashi, avvalo, ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasining rivoji bilan, bu borada bizning dunyo miqyosida raqobatdosh bo‘la olishimiz bilan uzviy bog‘liq”. Shunday ekan, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida xorijiy ilm-fan tajribasini o‘rganib, Respublikamiz o‘quv maskanlarida PISA, TIMSS, PIRLS dasturlarini qo‘llash muhimdir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi PF-5712-sonli “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi Farmonida O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib, PISA (The Programme for International Student Assessment) xalqaro miqyosda o‘quvchilarni baholash dasturi reytingi bo‘yicha jahonning birinchi 30 ta ilg‘or mamlakatlari qatoriga kirishga erishish hamda xalq ta’lim tizimida ta’lim tizimini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish asosida o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholashga yo‘naltirilgan ta’lim sifatini baholashning milliy tizimini yaratish vazifalari belgilangan bo‘lib, kelgusida mamlakatimiz ta’lim sifatini baholash bo‘yicha quyidagi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishi ko‘zda tutildi:

  • -    PIRLS (Progress in International Reading and Literacy Study) - boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash;

  • -    TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) - 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;

  • -    PISA (The Programme for International Student Assessment) - 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;

  • -    TALIS (The Teaching and Learning International Survey) - umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari va o‘qituvchilari bilan so‘rovnoma o‘tkazish orqali maktabda o‘qitish va ta’lim olish jarayonlari samaradorligini baholash.

Bugungi kunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘zlarining mantiqiy fikrlashlari, ijodiy qobiliyatlari hamda atrof- muhitda sodir bo‘layotgan jarayonlarga tanqidiy fikrlash olishlarini kuzatishimiz mumkin. Shuning uchun ham pedagoglarga, ayniqsa boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilmoqda. Ushbu jarayonda yangicha yondashuvlar, pedagogik metodlar, multimedia ilovalaridan foydalanib, o‘quvchilarni ham faollikka chaqirib dars jarayonini olib borishlari lozim.

Boshlang‘ich sinflarning dasturida matematik material bilan uzviy bog‘liqlikda turli kattaliklarni ham o‘rganish nazarda tutiladi. Kattaliklarsiz tabiatni, borliq olamni o‘rganish mumkin emas. Miqdorlarda turli obyektlarning, borliq dunyoning xossalari aks etgan. Matematikada kattaliklar miqdorlar deb ham ataladi. Miqdorlarni kattalik tushunchasi bilan ham atashimiz mumkin. Miqdorlar — bu aniq obyekt yoki hodisalarning maxsus xossalaridir. Masalan, buyumlarning oraliqqa ega bo‘lish xossasi uzunlik deyiladi. Aniq obyektlarning oraliqlari haqida gapirganimizda bu so‘zni ishlatamiz.

Har bir shaxs, albatta, kundalik turmushlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yoki boshqa narsalarni xarid qiladilar, yoki bir kunlik vaqtini taqsimlagan holda rejalashtiradilar. Bu jarayonda miqdorlardan foydalanish lozim bo‘ladi.

O‘quvchilarimiz ham ertalab soat nechida dars boshlanishi, dars qancha vaqt davom etishini biladilar. Shuning uchun ham “miqdor” tushunchasi boshlang‘ich sinf matematika dasturida asosiy o‘rinni egallaydi. Miqdorlar mavzusi o‘quvchilarga kundalik turmushda tanish bo‘lgani uchun ham darsni amaliy dars jarayoni sifatida olib borish yaxshi samara beradi.

Bilamizki, miqdorlarni o‘lchash uchun maxsus birliklar mavjud. Qadimda ota-bobolarimiz mana shunday birliklar hali bo‘lmagan vaqtda ham o‘zlari qarich (bosh barmoq bilan jimjiloqning barmoq yoyilmasiga teng, ya’ni 19-20 santimetrga teng), yig‘och (masofa o‘lchov birligi - 5985 metr, ba’zi joylarda 8-9 km.ga teng), tanob (maydon o‘lchovi, turli joylarda turlicha: bir gektarning oltidan biridan to yarim gektarigacha bo‘lgan), paysa (50 grammga teng og‘irlik o‘lchovi), tegirmon (tegirmon toshini aylantiradigan miqdordagi ariq suviga teng) kabilardan foydalanishgan. Bugungi kunda esa darsliklardagi oʻlchov birliklari xalqaro standartlarga muvofiq belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018- yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlcham birliklarini qoʻllash toʻgʻrisida”gi 21-sonli qarori asosida oʻlchov birliklari xalqaro oʻlchov standartlariga muvofiqlashtirilgan. Qarorga ko‘ra, endilikda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda, ilmiy-texnik va boshqa nashrlarda, oʻquv, oʻquv-metodik va turli maʼlumotlar beradigan yordamchi adabiyotlarda ushbu qaror bilan tasdiqlangan oʻlcham birliklari, ularning nomi va belgilanishi qoʻllaniladi. Shunga koʻra, nashr etilgan darsliklardagi sentner, santimetr kabi oʻlchov belgilari xalqaro oʻlchov birliklariga muvofiq, “q” va “cm” tarzida belgilangan.

Xalqaro baholash dasturlaridagi topshiriqlarni yechish jarayonida , xalqaro va jahon olimpiadalarida o‘quvchilarimiz xalqaro oʻlchov birliklaridan foydalanadilar. Bu esa o‘quvchilarimiz uchun ham, tekshiruvchi xodimlar uchun ham tushunarli, qulay hamda oson bo‘ladi.

Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati

  • 1.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.04.2019 dagi “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF-5712-son Farmoni.

  • 2.    Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018- yil 10-yanvardagi “Oʻzbekiston Respublikasida oʻlcham birliklarini qoʻllash toʻgʻrisida”gi 21-sonli qarori.

  • 3.    Jumayev M.E., Tadjiyeva Z. “Boshlangʻich sinflarda matematika oʻqitish metodikasi” Toshkent.: Fan va texnologiya, 2005.

  • 4.    “Xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini baholash”. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2019.

Список литературы Boshlang‘ich sinf matematika darslarida miqdorlarni o‘rgatishning xalqaro baholash tizimidan foydalanish

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29.04.2019 dagi "O‘zbekiston Respublikasi xalq ta'limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish kontseptsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi PF-5712-son Farmoni.
  • Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018- yil 10-yanvardagi "Oʻzbekiston Respublikasida oʻlcham birliklarini qoʻllash toʻgʻrisida"gi 21-sonli qarori.
  • Jumayev M.E., Tadjiyeva Z. "Boshlangʻich sinflarda matematika oʻqitish metodikasi" Toshkent.: Fan va texnologiya, 2005.
  • "Xalqaro tadqiqotlarda o‘quvchilarning o‘qish savodxonligini baholash". "Sharq" nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2019.
Статья научная